«Yaqin oylarda kimdir jiddiy yutuqqa erisha olmaydi». Britaniya harbiy razvedkasi rahbari Ukrainadagi urush istiqbolini baholadi

Jahon 22:41 / 14.08.2022 22488

Britaniya harbiy razvedkasi rahbari Jyeyms Hokenholl BBC uchun bergan intervyusida Rossiya Ukrainada olib borayotgan urushda urushayotgan tomonlarning birortasidan yaqqol muvaffaqiyat kutmaslik kerakligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, G‘arb maxsus xizmatlarining asosiy e’tibori Rossiya taktik yadro qurolini ishga solish imkoniyati o‘rganishga qaratilgan.

Rossiya qo‘shinlarini Ukraina janubiga ko‘chirishiga to‘g‘ri kelmoqda, frontning bu uchastkasida Ukraina qo‘shinlari bosimni kuchaytirmoqda
Foto: OLGA MALsEVA/AFP

23 fevral kuni, Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini boshlanishi arafasida Hokenholl yarim tunga qadar ishlagan. Yarim tunda u uyiga velosipedda kelgan va soat taxminan 01:00 da uxlashga yotgan.

Bir soat o‘tib u telefon qo‘ng‘irog‘idan uyg‘onib ketadi: generalga ukrain chegarasidagi shubhali voqealar haqida xabar berishadi. Shuning uchun u yana velosipediga minib, ishga qaytadi.

Ko‘p o‘tmay Rossiya qo‘shinlari chindan ham Ukrainaga bostirib kirayotgani haqida tasdiqlangan ma’lumot keladi. Bir necha daqiqa o‘tib, 24 fevral tongida, Hokenholl Buyuk Britaniya bosh vaziri va mamlakat mudofaa vaziriga Yevropada Ikkinchi jahon urushidan keyingi eng yirik qurolli mojaro boshlangani to‘g‘risida hisobot beradi.

Britaniya harbiy razvedkasiga general Hokenholl to‘rt yildan buyon rahbarlik qilib kelmoqda. Bu vaqt davomida u soyada qolgan va davlat siyosatida ishtirok etmagan, chunki u xizmat vazifasini bajarishda o‘ta maxfiy ma’lumotlar bilan shug‘ullanadi. Ukrainadagi urush Hokenholl va uning idorasi faoliyati ahamiyatini yanada oshirdi.

Uning o‘zi aytishicha, Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini ro‘y berishi ehtimoliga o‘tgan yil noyabrida jiddiy ishona boshlagan. Aynan o‘shanda u «baribir shunday bo‘ladi» deya o‘ylagan.

Urush boshlanishiga bir hafta qolganida u juda noodatiy qarorga kelib, tvitterdagi sahifasiga Moskvaning Ukrainaga bostirib kirish bo‘yicha ehtimoliy rejasi aks etgan xaritani joylashtiradi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday harakatga qo‘l urush oson bo‘lmagan, ammo general bu ma’lumotni ommaga oshkor etish kerakligiga ishongan.

«Hali yolg‘on paydo bo‘lmasidan oldin haqiqatni gapirish muhim edi», deydi Hokenholl.

Britaniya harbiy razvedkasi rahbari Moskvaning kimyoviy va biologik qurollardan foydalanish imkoniyatini muntazam monitoring qilib turuvchi G‘arb davlatlari sa’y-harakatlarini faol qo‘llab-quvvatlaydi. Generalning hisoblashicha, bunday kuzatuv Moskvaga provokatsiya uyushtirishda xalal beradi - masalan, Ukraina yoki G‘arb davlatlarini mojaro aybdori sifatida ko‘rsatish uchun «begona bayroq ostida amaliyotlar» o‘tkazishga.

Juda aniq fan emas

Urush boshlanganidan buyon britan harbiy razvedkasi har kuni frontdagi vaziyat bo‘yicha kunlik hisobotini beradi, garchi bunday razvedka ma’lumotlari odatda qat’iy maxfiylashtirilardi.

Hokenholl urush ehtimoli yuqoriligini o‘tgan yil noyabridayoq anglagan. Foto: SOPA IMAGES

Ammo razvedka - aniq fan emas, uning bashoratlari voqealarning u yoki bu tarzda rivojlanish ehtimollariga asoslanadi va mojarodagi ayrim burilishlar Britaniya maxsus xizmatlari xodimlari uchun ham kutilmagan hodisa bo‘ladi.

Hokenhollning so‘zlariga ko‘ra, G‘arb davlatlari birdamligi hamda ukrain qo‘shinlarining qat’iy qarshiligi ekspertlarning ekspertlarning eng optimistik prognozlarini ham ortig‘i bilan oqlagan. Yomon muvofiqlashtirish, boshqaruv tizimidagi jiddiy kamchiliklar va logistika tizimining haddan tashqari samarasizligini namoyish etib qo‘ygan Rossiya armiyasining muvaffaqiyatsizligi ham shu kabi kutilmagan darajada bo‘ldi. Generalning qo‘shimcha qilishicha, RF qurolli kuchlari faoliyatiga siyosiy aralashuvdan ham jabr chekdi, ham strategik, ham taktik darajada.

Hokenhollning aytishicha, rossiyalik siyosatchilar va harbiylar bir-biriga unchalik ishonmaydi. U Rossiya armiyasidan bir vaqtning o‘zida bu qadar ko‘p muammo kutmaganini qayd etadi.

Buyog‘iga nima bo‘ladi?

Janob Hokenholl mojaro istiqbolini baholashda «oq-qora» yondashuvdan ehtiyot bo‘lish darkorligi haqida ogohlantiradi: ya’ni tomonlardan biri g‘alaba qozonishi yoki yutqazishi, yoki mojaro boshi berk ko‘chaga kirib qolishi haqida aniq gapirishdan.

Hokenhollning hisoblashicha, Rossiya yaqin kelajakda yadro quroli qo‘llashi ehtimoli yo‘q. Foto: NURPHOTO

Uning aytishicha, Rossiya kattaroq qo‘shin to‘plashga harakat qilayotgani aniq - ammo bu vaqtda frontda jiddiy yo‘qotishlarga ham uchramoqda. Moskvadagi qo‘mondonlik Donbassdagi qurolli tuzilmalarning bir qismini janubiy frontga, rossiyaliklar qo‘shini Ukraina qurolli kuchlarining jiddiy bosimi ostida qolgan Xerson atrofiga tashlashga majbur bo‘lmoqda.

Ammo general yaqin oylarda janubda jiddiy o‘zgarishlar bo‘lishini kutish o‘rinsiz ekanini taxmin qilmoqda. U Ukraina bosib olingan hududlarda nazoratni qaytarishni istashini to‘la tushanadi, ammo nizolashayotgan tomonlarning birortasi frontning bu uchastkasida sezilarli yutuqqa erisha olishiga shubha qilmoqda - shu bilan birga, hujum va qarshi hujumlar davom etadi.

Hokenholl mojaro yanada uzoq cho‘zilishiga tayyorlanishga chaqirgan.

Yadro masalasi

Bu yana bir savolni tug‘diradi - agar ukrain qo‘shinlari rossiyaliklarni jiddiy siqib kela boshlasa va chekintirsa, Moskva esa oldinga qo‘yilgan harbiy vazifalarni bajara olmasa, prezident Vladimir Putin qanday yo‘l tutadi? Kreml yadro quroliga murojaat qilishi mumkinmi?

General Hokenhollning so‘zlariga ko‘ra, bu masala «yuqori darajadagi ehtiyotkorlik» bilan kuzatib borilmoqda.

G‘arb davlatlarinikidan farqli o‘laroq, Rossiya harbiy doktrinasi taktik yadro qurolidan foydalanishga imkon beradi.

Garchi Hokenholl Moskva yaqin vaqtlar ichida yadro kallaklaridan foydalanishi dargumon deb bilsa-da, u bundan keyin ham bu masalaga hozirgi kabi e’tibor bilan qarashda davom etadi. Generalning izohlashicha, mojaroning «yadroviy» rivoji ehtimoli jang maydonidagi vaziyat o‘zgarishiga qarab o‘zgarishi mumkin.

Xitoy bo‘yicha xavotirlar

Britaniya harbiy razvedkasi rahbarligida to‘rt yil ishlagach, general Hokenholl may oyidan Buyuk Britaniya strategik qo‘mondonligini ham boshqarmoqda, bu idora boshqa ishlar qatorida maxsus topshiriqlik kuchlardan foydalanish, shuningdek, kosmos va kiberxavfsizlik makonidagi harakatlar uchun ham mas’ul hisoblanadi.

Xitoy avgust oyi boshida Tayvan atrofida keng ko‘lamli mashg‘ulotlar o‘tkazdi. Foto: NOEL CELIS

U hamon Rossiyani eng katta tahdid deb hisoblaydi, ammo Xitoyning harakatlaridan ham tashvishda.

So‘nggi haftalarda Pekin Tayvan atrofida harbiy faollikni oshirdi. Shu munosabat bilan Hokenholl «siyosiy masalani hal qilmoqchi bo‘lgan mamlakatdagi bu qadar aql bovar qilmas harbiy modernizatsiya»ni muammo deb hisoblamasa bo‘lmasligini aytadi.

Yaqin kelajakda Britaniya harbiy razvedkasini murakkab ishlar kutib turgani tayin.

Ko‘proq yangiliklar: