Ukraina Dneprdan o‘tgan yana bir ko‘prikni safdan chiqardi. Bu Xersondagi Rossiya qo‘shini qamalda qolishini anglatadimi?

Jahon 20:10 / 14.08.2022 29369

«Raketa-artilleriya bo‘linmalari o‘t ochish bo‘yicha vazifalarni bajarishi doirasida Nova Kaxovka dambasidagi avtomobil ko‘prigiga aniq zarbalar berildi va undan maqsadli foydalanish istisno qilindi», degan «Janub» operativ qo‘mondonligi rasmiysi Vladislav Nazarov.

Shu tariqa, ko‘prik safdan chiqarilgan va endi undan harbiy texnikalarni o‘tkazish imkonsiz ishga aylangan.

Nova Kaxovkadagi GES hududidagi ko‘prik - Xerson oblastidagi Dnepr daryosi ustidan o‘tgan uchta asosiy ko‘prikdan biridir. Boshqa ikkisi - Xerson shahri yaqinidagi Antonov avtomobil ko‘prigi va shimolroqdagi temiryo‘l ko‘prigi bir-biridan olti kilometr masofada joylashgan.

Bu kechuv yo‘llarining istalgan biri safdan chiqarilishi Dneprning o‘ng sohilidagi Rossiya armiyasi uchun jiddiy logistik muammolar tug‘diradi.

Kaxovkadagi ko‘prik - qatnov uchun yaroqsiz holatga kelgan ikkinchi obekt bo‘ldi. Avvalroq ukrain armiyasi zarbalari oqibatida Antonov avtomobil ko‘prigi jiddiy shikastlangan va endi u orqali og‘ir harbiy texnikalar olib o‘tishning imkoni yo‘q.

Ekspertlar hisoblashicha, ta’minot zanjiridagi uzilishlar Rossiya qo‘shinlarining jangovar qobiliyatiga katta ta’sir ko‘rsatadi.

Rossiyadagilar nima demoqda?

Xerson oblastining Rossiya nazoratidagi okkupatsiya hukumati GES hududi o‘qqa tutilgani haqidagi ma’lumotni tasdiqladi. U yerdagilar ukrain qo‘shini Nova Kaxovkaga amerikaliklarning HIMARS baravar o‘t ochish reaktiv tizimi orqali zarba berganini ma’lum qilgan.

«Raketalarning bir qismi kelib tushgan, bir qismi urib tushirilgan», deya rossiyaparast hukumat vakili Kirill Stremousovning so‘zlarini keltirgan TASS agentligi.

Ammo uning versiyasiga ko‘ra, Kaxovka GES ko‘prigi shikastlanmagan.

Ukraina qo‘shini Xerson oblastidagi ko‘priklarga muntazam ravishda zarba berib kelmoqda.

Iyul oyida Ukraina qurolli kuchlari Antonov avtomobil ko‘prigini bir necha bor o‘qqa tutgandi. Shuningdek Ukraina qurolli kuchlari Xerson oblastining Dneprning o‘ng sohilida Rossiya tomonidan egallab olgan hududlarni bog‘lovchi Ingulets daryosi ustidan o‘tgan Darevskiy ko‘prigiga zarbalar bergan.

Ta’minot zanjiri uzilishi

 

Harbiylar tilida «ko‘prik safdan chiqarildi» degani undan og‘ir harbiy texnikalar tashish imkoni yo‘qligini anglatadi.
Foto: UNIAN

G‘arbdagi tahlilchilar ta’kidlashicha, Ukraina qo‘shinlari Dneprning o‘ng sohilida, Xerson shahri atrofidagi Rossiya armiyasiga yordam yetkazib berilishini uzib qo‘yishga muvaffaq bo‘lgan.

Britaniya razvedkasi 13 avgust kungi navbatdagi hisobotida Rossiya qo‘mondonligi ta’minot borasida duch kelishi muqarrar bo‘lgan jiddiy muammolar haqida yozadi.

So‘nggi kunlarda Rossiya Antonov ko‘prigining faqatgina sirt qismini ta’mirlay olgan, ammo strukturaviy shikastlanishlar saqlanib qolmoqda.

O‘tgan haftada Xerson yaqinidagi asosiy temiryo‘l ko‘prigi ham jiddiy shikastlangandi.

Iyul oyi oxiridan Rossiya o‘z armiyasi ta’minoti uchun asosiy yo‘l sifatida mazkur temiryo‘l ko‘prigidan foydalana boshlagandi. Agar Rossiya ko‘priklarni jiddiy ta’mirlay olsa ham, ular eng zaif nuqtalar bo‘lib qolaveradi - ukrain armiyasi bundan keyin ham ko‘priklarga zarbalar berishda davom etadi.

Endilikda Dneprning o‘ng sohilidagi bir necha ming rossiyalik harbiy xizmatchilar ta’minoti uchun quruqlik orqali yetkazmalar davom etishi ponton paromlardagi ikkita o‘tish nuqtasiga qaram bo‘lib qolgan.

Buyuk Britaniya razvedkasi xulosa qilishicha, g‘arbiy sohildagi Rossiya armiyasining jangovar qobiliyati avvalroq g‘amlab qo‘yilgan zaxiralar hajmi qanchalik kattaligiga bog‘liq bo‘ladi.

Amerikadagi urushlarni tadqiq qilish instituti (ISW) ham Nova Kaxovkada Dnepr ustidan o‘tgan ko‘prik nishonga olingani va uning rossiyaliklar qo‘shini uchun muhimligi faktini tasdiqlagan.

Ko‘proq yangiliklar: