Qorabog‘da yana urush bo‘ladimi? Boku va Yerevan bir-birini ayblab, ko‘z qiri bilan Moskvani kuzatmoqda

Jahon 11:36 / 14.08.2022 18361

Oxirgi urushdan keyin tomonlar uch tomonlama shartnoma imzolashgandi. Qorabog‘ga rus harbiylari kirishi bilan vaziyat tinchiganday bo‘lgandi, ammo hudud butkul tinchib ketmayapti. Yuqori darajada muzokaralar o‘tkazilgan bo‘lsa-da, azaliy tortishuv baribir bo‘y chiqarib turibdi. Xo‘sh, Qorabog‘ nega tinchimayapti? BBC mintaqadagi holatni yaxshi biladigan ekspertlarning bu boradagi fikrlari bilan qiziqdi.

Urushdan keyingi kelishuv tomonlarga Qorabog‘dan Armanistonga muqobil yo‘l qurish majburiyatini yuklagan. Fotoda: 2020 yil noyabr. Lochin shahridagi armanistonlik ayol rossiyaliklar zirhli texnikasi oldida
KAREN MINASYAN/GETTY IMAGES

Mojaro qay holatda?

Hozirgacha Armaniston va Ozarboyjon o‘rtasida ikkita yirik urush bo‘lib o‘tgan. 1990-yillardagi birinchi urushda ruslar yordami bilan Armaniston g‘olib bo‘lgandi. 2020 yil 27 sentabrda Ikkinchi Qorabog‘ urushi boshlandi. 44 kun davom etgan urushda obdon tayyorlangan ozarlar g‘alaba qilib, tarixan o‘ziga tegishli bo‘lgan Qorabog‘ning ancha qismini qaytarib olishdi.

Har ikki tomondan ham minglab askarlar o‘lavergach, 2020 yil 10 noyabrga borib Rossiya vositachiligida sulh imzolanadi. Unga ko‘ra armanlar Qorabog‘ atrofidagi ba’zi hududlarni ozarlarga topshirdi. Qorabog‘ hududiga esa Rossiya askarlari kirdi. Ular ikki mamlakat askarlari kesishadigan front chiziqlarida patrullik qilish vazifasini zimmasiga oldi.

O‘sha urushda Ozarboyjon tomoni qator tumanlar va shaharlarni qaytarib oldi. Ayniqsa Qorabog‘ning tarixiy poytaxti Shushaning qaytarilishi strategik g‘alaba bo‘lgandi.

Lochin koridori qayerga olib boradi?

Hozirda Qorabog‘ va Armanistonni Lochin koridori nomini olgan yo‘l bog‘lab turibdi. Bu yo‘l Ozarboyjonning Qorabog‘dan tashqaridagi Lochin viloyatidan o‘tadi. Bu hududni armanlar birinchi urush vaqtida egallab olgan. Hozir yo‘lni rus qo‘shinlari nazorat qiladi.

Imzolangan sulhga ko‘ra, uch yil ichida Armaniston Lochinni undagi yo‘l bilan birga Ozarboyjonga qaytarishi kerak. Qorabog‘lik armanlar esa Armanistonga boshqa yo‘l orqali borishi belgilanadi. Bu yo‘l hali qurilgani yo‘q. Boku armanlarni bu kelishuvni bajarmaslikda ayblaydi. Chunki yo‘lning Ozarboyjon qurishi kerak bo‘lgan qismi allaqachon qurib bitkazilgan.

3 avgust kuni oradagi vaziyat navbatdagi marta keskinlashgan bir vaqtda Armaniston Xavfsizlik kengashi kotibi Armen Grigoryan arman tomoni hech qanday yo‘l qurish bo‘yicha kelishuvga erishmagani, shu uchun Ozarboyjonning Lochin bo‘yicha talablari asossiz ekanini iddao qildi. Ammo 4 avgust kuni Armaniston hududiy boshqaruv va infatuzilma vaziri Gnel Sanosyan Lochindan o‘tadigan yo‘lga muqobil bo‘lishi kutilayotgan yo‘l qurilishi jadal ketayotgani, keyingi yil bahorigacha ishlar tugashini aytdi.

Armanistonlik jurnalist Mark Grigoryanning fikricha, mavjud yo‘lni qoldirib, Lochinga Ozarboyjon fuqarolarini qaytarish foydaliroq bo‘lardi. «Hozirgi kabi segregatsiyaga (ayirmachilik) intilish yaxshi emas», deydi jurnalist. U Qorabog‘dagi yo‘llardan biri ham ozarlarga, ham armanlarga xizmat qilayotgani, ruslar nazorat qilayotgan o‘sha yo‘lda yozuvlar uchta tilda (ozar, arman va rus) yozilganini misol qilib keltirgan.

«Bitta yo‘ldan foydalanishga ruxsat berish kerak. Qo‘yib bering, yo‘l bo‘yida ozarlar choyxona, armanlar qahvaxona qurishsin», deydi jurnalist.

Ozarboyjonlik huquq himoyachisi Orzu Abdullayevaning fikricha, Qorabog‘dagi holat xalqaro monitoring markazlari tomonidan o‘rganilsagina odamlar murakkab holatdan qanday chiqib ketishi bo‘yicha yo‘l topilishi mumkin.

Nega qon to‘kildi?

Ozarboyjon va Armaniston o‘rtasidagi voqealarni doimiy kuzatib boradiganlar ham oxirgi keskinlik nima sababdan kelib chiqqani haqida faqat taxminlarni gapirishi mumkin. Chknki bu borada tahlil qilish uchun yetarli ma’lumotning o‘zi yo‘q.

Orzu Abullayeva oxirgi keskinlikda Rossiyani ayblamoqda. «Ozarboyjon Rossiyaning ishtirokisiz istehkom qurib o‘t ocholmagan bo‘lardi», deydi huquq himoyachisi. Uning fikricha, Rossiya navbati bilan har ikki tomonga ta’sir qilish orqali hududda o‘rnashib qolmoqchi.

Ozarboyjonning Qorabog‘da arman kuchlariga so‘nggi hujumlarini ayrimlar muzokaralarni tezlashtirish uchun Armanistonga bosim o‘tkazish metodi deb hisoblaydi. Foto: Ozarboyjon mudofaa vazirligi​​​​​​

Armanistonlik jurnalist Mark Grigoryanning aytishicha, arman tomoni chindan muqobil yo‘l qurilishini ortga surmoqda, ozarlar esa bu ish tez bitishiga undamoqda. «Odatda bir tomon narigi tomon ortga tisarilishini istasa, mana shunday harbiy metodlar qo‘llanadi. Har bir sodir bo‘lgan mojaro esa Aliyevning pozitsiyasini mustahkamlab boraveradi: goh biror tepalikni olishadi, goh biror orolni», deydi arman jurnalisti.

Qorabog‘ voqealarini chuquq o‘rganadigan ozarboyjonlik tarixchi Orif Yunusning aytishicha, bahorda ikki davlat yetakchilari Bryusselda uchrashuv o‘tkazgach, Bokuning pozitsiyasi ancha tinchlikparvar bo‘lib qolgan, ammo Qorabog‘ga Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov borgach, vaziyat o‘zgargan. Ma’lumot uchun, Lavrovning otasi arman millatiga mansub bo‘lgan.

Tarixchining fikricha, Boku Moskva bilan maslahatlashmay hech nima qilmaydi, Rossiya esa mintaqa doimiy notinch bo‘lishini istaydi. «Bu mojaroda uchta tomon bor. Uchinchi tomon bo‘lmish Rossiya uchun qolgan ikki davlat musht tushiradigan boks qopiga o‘xshaydi», deydi Orif Yunus. Uning fikricha, Rossiya uchun hudud notinch bo‘lib turgani shuning uchun yaxshiki, Qorabog‘ tinch bo‘lsa, tomonlar qachondir «Shoshmang, Gyumridagi Rossiya harbiy bazasi va Qorabog‘da rus harbiylari nega kerak o‘zi?» deb qolishi mumkin.

Armanistonlik ekspert Olesya Vartanyanning fikricha, Boku Yerevanga ortiqcha bosim o‘tkazib, Qorabog‘dagi armanlar xavfsizligi bo‘yicha talablardan voz kechilishiga intilmoqda. Shuningdek, ekspert Armaniston rasman Ozarboyjonning hududiy yaxlitligini tan olishga tayyorligini eslatgan. Ozarboyjon g‘olib tomon o‘laroq Rossiya vositachi bo‘lgan sulhda aynan mana shunday talabni qo‘ygandi. Ekspertning fikricha, Ozarboyjon bu talabning bajarilmasligi nima oqibatlarga olib kelishi mumkinligidan armanlarni ogohlantirayotgandek.

Rossiyalik tinchlikparvar kuchlar Tog‘li Qorabog‘ni manalardan tozalash ishlarini faol davom ettirmoqda.
Foto: RUSSIAN EMERGENCIES MINISTRY

Ozarboyjonning besh talabi

Tinchlik kelishuvi imzolanayotganda Ozarboyjon tomoni 5 ta punktdan iborat taklif rejasini ilgari surgan. Armaniston Xavfsizlik kengashi kotibi Armen Grigoryan Qorabog‘ masalasi hududiy mojaro emasligi, asosiy masala u yerdagi armanlarning xavfsizligi ekanini aytib, bu bilan qaysidir ma’noda Armaniston tomonining ortga chekinganini ifoda etgandi. U Ozarboyjon ilgari surayotgan talablarning hech biri qabul qilib bo‘lmaydigan emasligini qo‘shimcha qildi.

Ozarboyjonning besh punkdan iborat takliflari quyidagilar:

  • o‘zaro hududiy yaxlitlik va suverenitetni tan olish;
  • o‘zaro hududiy da’vo yo‘qligini tasdiqlash;
  • kuch ishlatish va tahdid qilishdan tiyilish;
  • davlat chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish;
  • transport kommunikatsiyasini ochish.

Yerevan tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublika sifatida shakllanishi, u yerda mustaqillik bo‘yicha referendum o‘tkazilishi kerakligini aytib keladi. Hududda ko‘pchilik armanlar yashagani uchun natija qanday bo‘lishi deyarli aniq – bunday holatda katta ehtimol bilan Qorabog‘ Ozarboyjondan ajralib chiqadi. Boku esa Tog‘li Qorabog‘ degan toponimning o‘zini unutish kerak deb hisoblaydi. Ozarlar hududdagilarning hatto avtonomiyaga ham haqqi yo‘q degan fikrda.

Armaniston tomonida hududga da’vo qilish imkoni qolmagani mamlakat bosh vaziri Nikol Pashinning bahordagi chiqishidayoq aniq bo‘lgandi. «Avvallari Qorabog‘ bo‘yicha gapirganda hududning statusi haqida gapirgan bo‘lsak, endi xavfsizlik kafolati va huquqdan kelib chiqqan holda gapiramiz», degandi Pashinyan.

Ikkinchi Qorabog‘ urushi yakunlangach, Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev g‘alaba haqida e’lon qilar ekan, Nikol Pashinyanni kalaka qilgan va «Status nima bo‘ldi, Pashinyan? Go‘rga ketdi, status» degandi.

Qurolli odamni qanday atash kerak?

Hozir tomonlar tilga olayotgan asosiy ikki masala Lochin koridori va Qorabog‘dagi arman askarlari masalasi bo‘lib turibdi.

Yaqinda Armaniston Xavfsizlik kengashi mamlakat harbiylari Qorbog‘ni sentabr oyida tark etishini ma’lum qildi. Ammo 4 avgust kuni Ozarboyjon Tashqi ishlar vazirligi arman askarlarini olib chiqish bo‘yicha kelishuv bajarilmayotgani, bu esa uchtomonlama tinchlik kelishuviga zid ekanini aytib, Yerevanni ayblab chiqdi.

Shuningdek, Ozarboyjon TIV Qorabog‘da bo‘lib turgan rus askarlarini hududdagi Armaniston askarlari ular uchun xavf tug‘dirishidan ham ogohlantirgan.

Ozarboyjon Qorabog‘dagi infratuzilmalarni tiklash bilan shug‘ullanmoqda va ekspertlar fikricha, xavfsizlik muammosi bo‘lmasligini istashadi. Fotoda: Fuzuliydan Shushaga yo‘l qurilishi.
Foto: VALERY SHARIFULIN/TASS

Xuddi shu kuni Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Tog‘li Qorabog‘da mamlakat harbiylari qolmaganini aytdi.

«U (Aliyev) nafaqat bizga bo‘ysunadigan harbiylarni, balki Tog‘li Qorabog‘ armiyasini ham qurolsizlantirmoqchi. Agar buni eplasa, Qorabog‘ to‘liq ozarlarga o‘tadi. Armaniston esa buni xohlamaydi, chunki armiya qurosizlansa, Qorabog‘dagi armanlar Ozarboyjon hukumatiga ishonmagani uchun hududni tashlab qochishi mumkin», deydi Mark Grigoryan.

«Nega Ozarboyjon hududida qurolli odam bo‘lishi kerak? Axir bu rasmiy tuzilma emasku. Agar rasman harbiylar olib chiqilsa, qo‘lida qurol bilan qolganlar terrorchilardir», deydi ozarboyjonlik huquq himoyachisi Orzu Abdullayeva. Uning fikricha, ikki tomon ham kuch ishlatishdan tiyilishi mumkin, qachonki hududni BMT yoki Yevropa Kengashi kabi xalqaro tashkilotlar nazorat qilsa.

Bunga Ukrainadagi urushning nima aloqasi bor?

«Rossiya hozir Ukraina bilan ovora bo‘lib qolgan, shu sabab ozarboyjonliklar rus harbiylari ko‘z o‘ngida ham keskinroq harakat qilishi mumkin», deydi Eurasianet nashrining Kavkaz bo‘limi muharriri Joshua Kucher.

Olesya Vartanyan ham shunga yaqin fikrda. Uning aytishicha, oxirgi vaqtlarda Bokuning o‘ziga ishonchi keskin oshgan.

«Dunyo hamjamiyati Rossiyani qo‘llaydigan ahvolda emas. Shunday ekan rus tinchlikparvar kuchlari haq deydigan odamni topish ham amrimahol. Ozarboyjonning eng yaqin ittifoqchisi Turkiya rus – ukrain muzokaralarida ham juda muhim figuraga aylanib borayotgani esa Bokuning ishonchini oshirmoqda», deydi ekspert.

Ozarboyjon Yevropa Ittifoqi uchun rus gaziga alternativ yetkazib beruvchiga aylanib bormoqda. Boku ham o‘z navbatida bu bozorda ruslarning holati yomonligini ko‘rib harakat qiladi. Ekspert Vartanyan mana shu jihatni ham unutmaslik kerak degan fikrda.

Ekspertlar hisoblashicha, bugungi kunda Ozarboyjonning o‘ziga ishonchi ortgan. Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev (o‘ngda), Yevropa kengashi raisi Sharl Mishel (markazda) va Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan (chapda) 2022 yil aprelida Bryusseldagi uchrashuvdan keyin.
Foto: FRANCOIS WALSCHAERs/GETTY IMAGES

Yana bitta urush bo‘ladimi?

Orzu Abdullayevaning fikricha, ikki yil avvalgi kabi keng ko‘lamli urush bo‘lmaydi. Chunki buning uchun Armanistonda pul ham, yetarli harbiy kuch ham yo‘q.

Armanistonlik tahlilchi Mark Grigoryan ham shunday fikrda. Ammo uning fikricha, xalqaro hamjamiyat Ozarboyjonni tiyib turishi mumkin. Xuddi o‘sha gaz shartnomalari sabab. Ekspertning taxminicha, hududda bo‘lib turgan 2 ming nafar rus askarining birginasi ozarlar tomonidan o‘ldirilishi ham Ilhom Aliyevning Putin bilan munosabatlarini yomonlashtiradi.

«Rus harbiylarida faqat o‘zini himoya qilish uchungina qurollar bor. Agar hududda nimadir bo‘lsa, ular shunchaki urush olmaydi. Mahalliy odamlar ularga himoyachilari sifatida qaramoqda. Ozarboyjon tomoni esa rus harbiylaridan mahalliy guruhlarni qurolsizlantirish, Lochin koridori orqali qurolli guruhlar kirib kelishini to‘xtatishini kutmoqda», deydi Olesya Vartanyan.

Ozarboyjonlik yozuvchi Orif Yunus esa kelajakda urush bo‘lishi mumkin deb o‘ylamoqda. Uning fikricha, Ozarboyjon Qorabog‘dagi armanlarni o‘z tomoniga og‘dirib olishga urinib ko‘rishi mumkin. O‘z navbatida, Boku Qorabog‘ armanlari bilan bevosita aloqaga kirishmoqchi ham emas.

«Shunday ekan bizni uzoq va samarasiz davom etadigan muzokaralar kutmoqda. Pashinyan muzokaralarda har qancha ortga chekinavermasin, Qorabog‘ armanlari Qorabog‘ hech qachon Ozarboyjonga o‘tishini istamaydigan ruslar himoyasida turar ekan, bu yil emas, kelasi yil emas, uzoq kelajakda yangi urush albatta bo‘ladi», deydi tarixchi.

Uning fikricha, bu holatda yagona yechim Rossiyaning Ukraina bilan urush oqibatida chindan kuchsizlanishi bo‘ladi. Tarixchi ruslar urushda yengilib kuchsizlansa, Janubiy Kavkazdan chiqib ketishiga umid qilmoqda.

Tomonlar nima xohlamoqda?

Orzu Abdullayeva har ikki tomonning maqsadi farqli ekanini afsus bilan tilga oldi. «Boku o‘z yerini qaytib olishni, rus harbiylari Ozarboyjonni tark etishini istaydi. Armaniston ham Rossiyaga bog‘lanib qolishni istamaydi, ammo Tog‘li Qorabog‘ni ham berib qo‘ymoqchi emas. Ayniqsa qorabog‘lik armanlar buni istamaydi», deydi Abdullayeva.

Armanistonliklar hamon urushdagi mag‘lubiyatdan o‘ziga kela olmaydi va ko‘plar bunda mamlakat rahbariyatini ayblaydi
Foto: ALEXANDER PATRIN/TASS

Huquq himoyachisining fikricha, Ozarboyjon G‘arb bilan o‘z ko‘prigini o‘rnatmoqchi. Mamlakat iqtisodiy va huquqiy masalada Yevropa bilan yaqinlashishni istaydi.

Tarixchi Orif Yunusning fikricha, tomonlar muammoni zamonaviy odamlarday hal qilish ustida ko‘proq bosh qotirishi kerak. Uning aytishicha, ikki millat o‘rtasida bir biriga bo‘lgan ishonch bo‘lmas ekan, bunga umid qilmasa ham bo‘ladi.

«Ozarboyjon Qorabog‘ o‘z tarkibida bo‘lishini, eng yaxshi holatda armanlardan xoli hududga aylanishini istaydi. Balki armanlar ham Ozarboyjon fuqaroligini qabul qilishga rozi bo‘lishi kerakdir. Lekin bunday bo‘lmasa ham, tahdid va repressiyaga yo‘l bermaslik kerak», deydi tarixchi.

Uning fikricha, Ozarboyjon tomonda bunday ijobiy harakatlar ko‘zga tashlanmayapti. Tarixchining aytishicha, Pashinyanning ortga chekinishlari Armaniston tezroq urush asoratidan qutulishni istayotganidan dalolat.

Oles Vartanyanning fikricha, Ozarboyjon ham tezroq Qorabog‘ masalasini yopishni istaydi. Uning aytishicha, Qorabog‘dagi armanlar hamon urush ta’sirida va ular ozarlar bilan yelkama-yelka yashash nima ekanini hali-beri qabul qila olishmaydi.

«Afsuski mana shu muhim masalalar o‘rnini siyosiy populizm egallab olgan. Shuning uchun urushdan qo‘rqish nimaligini tanasida his qilgan odamar shunchaki ularni tinch qo‘yishlarini istaydi», deydi Vartanyan.

Ko‘proq yangiliklar: