Boks. Zoirov 20-soniyadayoq raqibini nokautga uchratdi, G‘oibnazarovga 38 soniya yetarli bo‘ldi

Sport 04:22 / 14.08.2022 22043

13 avgust, shanba oqshomida professional boks kechasi doirasida Toshkentdagi «Humo Arena»da hamyurtlarimiz ishtirokidagi bir qator janglar o‘tkazildi.

«Lift» promouterlik kompaniyasi tashkilotchiligida bo‘lib o‘tgan boks kechasida o‘zbekistonlik afsonaviy bokschi Artur Grigoryan ham faxriy mehmon sifatida Germaniyadan tashrif buyurdi.

Kechaning asosiy ikki jangidan birida Fazliddin G‘oibnazarov venesuelalik Eyder Parraga qarshi jang qildi. E’tiborlisi, Olimpiada chempioni 10 raundga mo‘ljallangan jangni 38-soniyadayoq tugatdi – Fazliddin raqibini nokautga uchratdi.

Yana bir e’tiborli jangda faoliyatini professional boksda davom ettirayotgan Shahobiddin Zoirov nikaragualik Larios Jyersonga qarshi ringga ko‘tarildi. Rio-2016 Olimpiadasi g‘olibi bo‘lgan bokschimizning g‘alabasi uchun 20 soniya yetarli bo‘ldi. Zoirov 20-soniyadayoq Jyersonning jag‘ qismiga kuchli zarba yo‘llab, raqibini yerga qulatdi. Qaqshatqich zarbani o‘tkazib yuborgan Lario o‘rnidan tura olmadi va hakam nokautni qayd etdi. Bu esa Shahobiddinning professional boksdagi 5-g‘alabasiga aylandi.

Ushbu boks oqshomida Mirazizbek Mirzaxalilov va Lazizbek Mullajonov ham ringga chiqib, nokaut bilan g‘alabaga erishdi. Lazizbek Mullajonov britaniyalik Bassetga qarshi jangini ikkinchi raundda yakunlagan bo‘lsa, Mirazizbek Mirzaxalilov qirg‘izistonlik raqibi Islom Torabayevni 3-raundda taslim qildi. Uning sekundantlari jangni davom ettirmaslikka qaror qilishdi.

Ko‘proq yangiliklar: