YeIga raislik qilayotgan Chexiya rossiyaliklar uchun shengen vizasini taqiqlashni talab qiladi

Jahon 13:02 / 13.08.2022 6030

2022 yilning ikkinchi yarmida YeIga raislik qilayotgan Chexiya hukumati Ukrainada davom etayotgan urush fonida RF fuqarolariga shengen vizasi berilishini taqiqlash chaqiriqlarini qo‘llab-quvvatlaydi va bu chorani amalga oshirishga harakat qiladi. Chexiya tashqi ishlar vaziri Yan Lipavskiy avgust oyi oxirida bo‘lib o‘tadigan YeI kengashi yig‘ilishida bu masala bo‘yicha konsensusga erishish niyatida. Rossiya «bunday tajovuzkor siyosat oqibatlarsiz qolmasligini tushunishi kerak», dedi u 12 avgust, juma kuni.

Avvalroq, Pragada bo‘lib o‘tgan YeI TIV rahbarlarining norasmiy uchrashuvida Lipavskiy shengen vizasi berilishini taqiqlashni «o‘rinli va samarali chora» deb atagan edi. «Rossiya agressiyasi davrida, uning e’lon qilingan chegaralari doimiy ravishda o‘zgarib turibdi, shu sababli Rossiya fuqarolari uchun oddiy turizm haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas», dedi u Chexiyaning Novinky internet-nashriga bergan intervyusida.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 8 avgust kuni The Washington Post gazetasiga bergan intervyusida G‘arbni barcha ruslarning o‘z hududiga kirishini taqiqlashga chaqirdi. Rossiyaga qarshi ilgari kiritilgan barcha sanksiyalar Rossiya fuqarolari uchun chegaralarni bir yilga yopib qo‘yish va Rossiyadan energiya tashuvchilarni sotib olishga to‘liq embargo joriy qilish bilan solishtirganda «zaif», dedi u. Shu bilan birga, Zelenskiy bu chora Ukrainadagi urushga rozi bo‘lmagani uchun mamlakatni tark etgan rossiyaliklarga ham ta’sir qilishi kerakligini ta’kidladi. «Gap qaysi ruslar haqida ketayotgan bo‘lmasin, ularni Rossiyaga qaytarib yuboring. Shunda ular tushunib yetishadi», - deya qo‘shimcha qildi u va RFning barcha fuqarolari hokimiyatning xatti-harakatlari uchun javobgar bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. 

Shundan so‘ng Yevrokomissiya xorijliklarga qisqa muddatli shengen vizalari berishni taqiqlovchi huquqiy normaning yo‘qligiga ishora qilib, rossiyaliklarga vizalar berishni butunlay to‘xtatish YeI standartlariga zid ekanini bildirdi. 

Chexiya Estoniya, Latviya va Litva bilan birgalikda RF fuqarolariga vizalar berishga jiddiy cheklovlar kiritdi, shuningdek, avgust oyi oxirida rossiyaliklarga shengen vizalarini berishni cheklash masalasini YeI kengashi muhokamasiga olib chiqadi. 

Ko‘proq yangiliklar: