Toshkentning boshpanasizlari jam bo‘ladigan maskan. Unda odamlar qanday yashashadi?  

O‘zbekiston 14:50 / 13.08.2022 23661

2018 yil Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga asosan poytaxtimizning Yashnobod tumanida muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni realibilitatsiya qilish markazi, ya’ni “Mehr-saxovat uyi” tashkil qilingan. Toshkent shahar IIBB qoshidagi ushbu markaz yaqindagina qayta ta’mirdan chiqdi, ayni vaqt u yerda 100 nafardan ziyod boshpanasiz fuqarolar kiyim-kechak, oziq-ovqat, zarurat bo‘lsa dori-darmonlar bilan ta’minlanmoqda.

Saxovat uyi ikki blokka, erkaklar va ayollar dam olish xonalariga ajratilgan. Muassasada yashovchilarga cho‘milish xonalari, oshxona hamda bo‘sh vaqtlarini unumli o‘tkazishlari uchun kutubxona ham tashkil qilingan. 

“Bu yerda istiqomat qilayotgan insonlarning hujjatlarida, masalan, pasporti, pensiya hujjatlarida muammosi bo‘lishi ham mumkin, shunday holatlar uchraydi. Bu kabi masalalar IIV tegishli idoralari bilan hamkorlikda bartaraf etilmoqda”, – deydi IIBB jamoat tartibini saqlash boshqarmasi maxsus qabulxona boshlig‘i o‘rinbosari Zavqiy Do‘stmurodov.

Zavqiy Do‘stmurodov Toshkent shahar IIBB Maxsus qabulxona boshlig‘i o‘rinbosari

IIBB axborot xizmati rahbari Nilufar Madiyevaning aytishicha, markazda yashovchilarning soni o‘zgaruvchan.

“Boisi, bu yerda hech kim majburan ushlab o‘tirilmaydi, fuqarolar erkin kelib-ketishi mumkin.

Yopiq hudud emas, eshiklarimiz doim ochiq, ishi bor bo‘lsa, ishlagani chiqishlari ham mumkin, istagan odam kelishi yoki ketishi mumkin, eshiklarimiz doim ochiq turadi. Qish mavsumida markazga keluvchilar soni ortadi, 400-500 nafargacha ham chiqishi mumkin. Karantin vaqtida 1 ming 500 nafar odam kelgan vaqtlar ham bo‘ldi.

Hozir mana shu fuqarolarimizning yashashi uchun sharoitlar yaratildi, qo‘shimcha ravishda yana bitta bino qurish ham rejamizda bor”, – dedi u.

Nilufar Madiyeva Toshkent shahar IIBB axborot xizmati rahbari

“Mehr-saxovat uyi”ning rahbari Nargiza To‘lqinovaga ko‘ra, qayta ta’mirlashdan oldin reabilitatsiya markazi abgor ahvolda bo‘lgan.

“Berkitmayman, ilgari ahvolimiz chatoq edi, hamma joylarimiz beton edi, mana shunaqa betonlarga ham matras solar edik. Kasallarimiz ko‘payib ketardi, juda qiynalar edik.

Hozir esa umuman boshqacha, barcha joylarimiz chiroyli, Alhamdulillah”, – deya ta’kidlaydi markaz rahbari.

Nargiza To‘lqinova "Mehr-saxovat uyi" rahbari

Ushbu markazga har xil taqdir egalari turli vaqt va vaziyatlarda kelib qolishgan. Ular bilan suhbat qilganimizda, o‘sha damlarni yodga olishni istashmadi. Ammo hozirgi hayotlaridan nolimasliklarini bildirishdi.

“Uy-joyim yo‘q, ko‘chada qolganman. Kelganimga 4 yil bo‘ldi, shular bilan xuddi bir oiladek bo‘lib yashayman, ovqat qilaman.

Sharoitlari oldin ham yomon bo‘lmagan. Ko‘chada uysiz, joysiz qolgandan ko‘ra, shu yerda qolganim yaxshi. Nima desak, hammasi bor”, – dedi markazda yashovchi ayollardan biri.

Mening uyim yonib ketib, uysiz qolganman. Orada bir muddat yana noxush holatlar bo‘ldi, pasportimni yo‘qotib qo‘ydim, shu bilan mana shu markazga keldim.

Minnatdorman, pasportimni tiklab berishdi, hozir barcha sharoitlarimiz, xodimlarning muomalasi yaxshi”, – deydi yana bir yashovchilardan biri.

Ta’kidlanishicha, markazga murojaat qilganlar dastlab tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Agarda ularda kasallik aniqlansa, shifoxonalarga yuboriladi. Qolgan hollarda esa boshpanasiz, turli ijtimoiy og‘ir vaziyatda qolgan shaxslar ixtiyoriy ravishda markazda yashashlari mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: