Salmon Rushdiy sun’iy nafas berish apparatiga ulab qo‘yildi

Jahon 18:23 / 13.08.2022 10436

Nyu-Yorkda hujumga uchragan yozuvchi Salmon Rushdiy sun’iy nafas berish apparatiga ulab qo‘yildi, deb xabar berdi Reuters.

Rushdiy Chautauqua institutida ma’ruza qilmoqchi bo‘lgan vaqtda bir erkak sahnaga yugurib chiqqan va uning tomog‘i hamda tanasiga bir necha bor zarba bergan.

Yozuvchi shifoxonada operatsiya qilindi. Rushdiy bir ko‘zidan ayrilishi mumkin, uning qo‘lidagi asab tomirlari va jigariga zarar yetgan, deb ma’lum qildi yozuvchining agenti Endryu Uayli.

Hujumda Nyu-Jyersida yashovchi 24 yoshli Xodi Matar gumon qilinmoqda, u voqea joyida qo‘lga olingan. Politsiya va FQB Matarning hujum qilishdan maqsadini aniqlamoqda, u qanday quroldan foydalangani aytilmayapti, deb yozadi Reuters.

Salmon Rushdiy Hindistonning Mumbay shahrida tug‘ilgan. U 1980-yillarda «Shayton suralari» romanini yozganidan so‘ng shia musulmonlarining g‘azabiga uchragan. Eron diniy rahnamosi oyatullo Humayniy Salmon Rushdiyni o‘ldirishga fatvo bergan.

Yozuvchi 2016 yilda AQSh fuqaroligiga ega bo‘lgan.

Rushdiy 1981 yilda «Yarim tun bolalari» asari uchun Buker mukofotini olgan.

Ko‘proq yangiliklar: