Xiaomi’ning odamsimon roboti
Xiaomi kompaniyasi gapirish, his-tuyg‘ularni sezish va dunyoni 3D ko‘rinishda ko‘rishga qodir bo‘lgan insonga o‘xshash ilk robot - CyberOne taqdimotini o‘tkazdi.
Robotning bo‘yi 177 santimetr, vazni 52 kilogramm, maksimal tezligi esa soatiga taxminan 3,6 kilometrni tashkil qiladi. U odamlarning 45 turdagi emotsiyalarini ajrata oladi, tanasi 13 ta bo‘g‘indan iborat bo‘lib, 21 ta harakatni amalga oshirishi mumkin.
Qurilmaning narxi 89,1 ming dollardan 104 ming dollargacha baholangan.
Meta’ning Blenderbot 3 chatboti
Meta kompaniyasining AI tadqiqot laboratoriyasi yangi zamonaviy chatbotni yaratdi.
Qayd etilishicha, Blenderbot 3 deya nomlangan chatbot internetdan ma’lumotlarni topib, tahlil qilgan holda istalgan mavzu bo‘yicha suhbatni davom ettira oladi. Shuningdek, foydalanuvchilar ma’lumot qayerdan olinganini javoblarining ustiga bosish orqali tekshirib ko‘rishlari mumkin.
Ilk fikrlarga ko‘ra, bot haqiqatan ham yozishmalar mavzusini aniq belgilash va suhbatni o‘zi boshlash imkoniyatiga ega.
Google jarimaga tortildi
Avstraliya federal sudi Google’ni 42,8 million dollar jarima to‘lashga majbur qildi. Bunga sabab sifatida kompaniya Android operatsion tizimi bilan ishlaydigan telefonlardan olingan shaxsiy joylashuv ma’lumotlarini to‘plash hamda ulardan foydalanish bo‘yicha yolg‘on va chalg‘ituvchi ma’lumotlarni taqdim etgani keltirib o‘tilgan. Qayd etilishicha, taxminan 1,3 million avstraliyalik foydalanuvchilar zarar ko‘rishgan.
Avstraliya raqobat va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish davlat komissiyasi raisi Gina Kass-Gottliyebning ma’lum qilishicha, Google noqonuniy ravishda to‘plangan shaxsiy ma’lumotlardan kontekstli reklama ko‘rsatish va foydalanuvchilarga ta’sir qilish uchun foydalangan.
Yangi Spark 9 Pro smartfoni
Tecno kompaniyasi Rossiya bozorida Spark 9 Pro smartfonining sotuvi boshlanganini e’lon qildi.
Yangi smartfon 60 gersli tasvir yangilanish chastotasini qo‘llab-quvvatlovchi 6,6 dyuymli IPS ekrani bilan jihozlangan. 4 GB operativ va 128 GB ichki xotiraga ega. Akkumulyator sig‘imi – 5000 mA•s bo‘lib, 18 vattli tezkor quvvatlanish funksiyasi mavjud. U 50, 32 va 2 Mp kameralar bilan jihozlangan, Android 12 operatsion tizimida ishlaydi.
Smartfonning bahosi 15 990 rublni tashkil qiladi. Savdolar 8 avgustdan boshlangan.
Robot “chumoli”
Bristol universiteti olimlari chumolilar xatti-harakatiga taqlid qilgan holda ma’lumot to‘plovchi robot yaratdi.
Tadqiqot ishini amalga oshirish uchun ikkita chumoli uyasi joylashgan sinov maydonchasi yaratilib, uning tepasiga turli yo‘nalishlarda harakatlana oladigan robot qurilmalar joylashtirilgan.
Tajribalar shuni ko‘rsatganki, chumolilar yangi uyaga “rahbar”ga ergashib, yo‘lni eslab qolish orqali qaytish yo‘lini topadilar. “Rahbar” chumoli qolganlarga atrofga qarash va diqqatga sazovor joylarni eslab qolish imkoniyatini berishi kerak bo‘ladi.
Tadqiqot mualliflari ta’lim insonlar hayotida nihoyatda muhim rol o‘ynashini ta’kidlagan. Yangi tadqiqot boshqa tirik organizmlarda bilimlarni uzatish jarayoni qanday ekanini tushunishga yordam beradi. Bu ta’lim strategiyalari va usullarini ishlab chiqishda qo‘l kelishi mumkin.
O‘zbekistondagi eng ommabop ijtimoiy tarmoqlar
Innovatsion rivojlanish vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda eng ommabop messenjerlar ro‘yxati quyidagicha:
Telegram – foydalanuvchilarning 80 foizi;
WhatsApp – foydalanuvchilarning 22 foizi;
Facebook Messenger – foydalanuvchilarning 6 foizi.
Datareportal.com ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston aholisining qariyb 70 foizi internetdan, 18,3 foizi esa ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishadi.
Mamlakatdagi eng mashhur ijtimoiy tarmoq Instagram hisoblanib, foydalanuvchilar soni 4,8 mln nafardan ortiqni tashkil etadi.
Yangi Galaxy Z Flip4 va Galaxy Z Fold4 smartfonlari
Samsung kompaniyasi Galaxy Z Flip4 va Galaxy Z Fold4 buklama smartfonlarini taqdim etdi.
Har ikki smartfonning ekran romlari kichraygan va og‘irligi kamaygan. Ekran Corning Gorilla Victus+ himoya oynasi bilan qoplangan. Smartfonlar namlikdan IPX8 standarti bo‘yicha himoyalangan.
Galaxy Z Fold4 6,2 dyuymli tashqi va 7,6 dyuymli ichki displey bilan jihozlangan, displeylarning yangilanish chastotasi 120 Gs. Qurilma 12 Gb tezkor va 256/512 Gb/1 Tb doimiy xotira, 4400 mA•s akkumulyatorga ega.
Smartfon boshqa Samsung qurilmalarini quvvatlash xususiyatiga ega. U ikkita sim-karta bilan va eSIM bilan ishlaydi.
Uning old kamerasi 10 Mp, ichki displey 4 Mp kamera bilan jihozlangan. Asosiy modul 50 Mp, 12 Mp modullar, 10 Mp teleobektivga ega.
Z Flip4 1,9 dyuymli tashqi va 6,7 dyuymli asosiy ekran bilan jihozlangan. Unga ham Snapdragon 8+ Gen 1 protsessori o‘rnatilgan, faqat tezkor xotirasi 8 Gb va doimiy xotirasi 128, 256 yoki 512 Gb. Old kamerasi 10 Mp va asosiy kamerasi 12 Mp. Akkumulyator quvvati 3700 mA•s.
Yangi Galaxy Z Fold4 Android 12L operatsion tizimi o‘rnatilgan dunyodagi birinchi smartfon bo‘ldi.