Kadastr agentligi chalg‘ituvchi raqamlar asosida tizimda korrupsiyaga qarshi qattiq kurashilayotganini iddao qildi

O‘zbekiston 20:34 / 13.08.2022 13576

2022 yilning 7 oyida kadastr sohasidagi korrupsiya bilan bog‘liq 28ta holatda jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan, deya axborot berdi kecha, 12 avgust kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda Kadastr agentligi matbuot kotibi Ne’matjon Atamurodov.

“Agar ushbu ko‘rsatkichni o‘tgan 2021 yil bilan solishtiradigan bo‘lsak, o‘tgan 2021 yilda bu ko‘rsatkich 55 tani tashkil etgan bo‘lib, bu sohada korrupsiyaning oldini olish borasida sezilarli darajada ishlar olib borilayotganini ko‘rish mumkin”, – dedi u.

Kun.uz mazkur bayonotda 2022 yilning 7 oyidagi raqamlar 2021 yilning to‘liq davri bilan taqqoslanganiga e’tibor qaratdi. Natijada kadastr tizimida korrupsion jinoyatlar bir yilda go‘yoki 2 barobarga kamaygandek taassurot uyg‘onadi.

O‘tgan yilning avgust oyida agentlikning o‘sha paytdagi direktori Fazliddin Umarov 2021 yilning 6 oyida kadastr tizimidagi mansabdorlar ustidan 24 ta jinoyat ishi ochilganini ma’lum qilgandi.

Agentlik matbuot xizmati bilan bog‘langanimizda 2021 yil davomida 55ta holat aniqlanganini tasdiqladi. Agar shunday bo‘lsa, nega o‘tgan yilning butun davri bilan joriy yilning 7 oyi solishtirilib, korrupsion jinoyatlar kamaygani iddao qilinmoqda, degan savol tug‘iladi.

Agentlik matbuot xizmati 2021 yilning 7 oyi bo‘yicha raqamlarni taqdim etishga oid so‘rovimizni rad qilmadi va tayyorlab berilishini ma’lum qildi.

Hozircha ochiq manbalardagi raqamlar kadastr sohasidagi korrupsion holatlarda deyarli o‘zgarish bo‘lmaganini ko‘rsatmoqda:

  • 2021 yilning dastlabki 6 oyida 24 ta jinoyat ishi;
  • 2022 yilning dastlabki 7 oyida 28 ta jinoyat ishi.

Ma’lumotlarni taqqoslash maqsadida, ayni mavzu bo‘yicha axborot berishni so‘rab Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi matbuot xizmati rahbari Durdona Ochilova bilan ham bog‘landik. Biroq bunday ma’lumotlarni Kadastr agentligining o‘zidan so‘rash kerak, degan javobni oldik.

100dan ziyod davlat organlari va tashkilotlari korrupsiyaga qarshi ichki nazorat – komplayens nazorat olib boryapti. Shu sababli Kadastr agentligidagi ma’lumotlar va bizdagi ma’lumotlar bir xil bo‘ladi. Ularning o‘zidan so‘rashingiz mumkin. Buning uchun yana bitta tashkilotni ovora qilish shart emas”, – dedi Ochilova.

Ko‘proq yangiliklar: