AQSh Kongressi iqlim himoyasi va inflatsiya nazorati bo‘yicha 434 mlrd dollarlik paketni qabul qildi

Jahon 13:18 / 13.08.2022 6651

AQSh Senati tomonidan energiya xavfsizligini ta’minlash, inflatsiyaga qarshi kurashish va iqlimni himoya qilishga qaratilgan ko‘p milliard dollarlik chora-tadbirlar paketi qabul qilinganidan bir hafta o‘tib, AQSh Kongressi Vakillar palatasi ham ushbu dasturni ma’qulladi. 12 avgust, juma kuni 220 nafar kongressmen demokratlar tomonidan tayyorlangan umumiy qiymati 434 mlrd dollarlik paketga ovoz berdi, 207 nafari qarshi chiqdi.

«Bu amerikalik oilalar uchun ajoyib g‘alaba», dedi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi va qonunni «vaqt sinovidan o‘tadigan hamda oilalar gullab-yashnashi va sayyora omon qolishini ta’minlaydigan mustahkam xarajatlar paketi» deb atadi. 

Paketning eng katta qismi – qariyb 370 mlrd dollar energetika xavfsizligini ta’minlash va iqlimni muhofaza qilish, shuningdek, bir qator soliq imtiyozlarini berishga yo‘naltiriladi. Yana 64 mlrd sog‘liqni saqlash tashabbuslariga, xususan, dori-darmonlar narxini pasaytirishga yo‘naltiriladi. Bundan tashqari, qonun loyihasi korporatsiyalar uchun soliq nazoratini kuchaytirishni nazarda tutadi. 

AQSh Senati 7 avgust kuni uzoq davom etgan munozaralardan so‘ng qonun loyihasini ma’qulladi, uni 101 kishidan 51 nafari qo‘llab-quvvatladi, hal qiluvchi ovoz AQSh vitse-prezidenti Kamala Xarris tomonidan berildi. AQSh prezidenti Jo Bayden yaqin kunlarda uni imzolashi kutilmoqda. Paketning AQSh Kongressi har ikki palatasi tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi Baydenning 8 noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan oraliq saylovlar oldidan muhim g‘alabasi sifatida baholanmoqda. Respublikachilar, shuningdek, ba’zi demokratlar uzoq vaqt ushbu paketning qabul qilinishiga keskin qarshi bo‘lib kelgandi.

Demokratlar qonunning qabul qilinishi ularga Kongressdagi ko‘pchilik o‘rinni saqlab qolish imkonini beradi, deb kutmoqda. Bayden bir yarim yil avval hokimiyatga kelganida katta islohotlar o‘tkazishga va’da bergandi, biroq hozirgacha ularni amalga oshira olmadi. 

Ko‘proq yangiliklar: