Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
WP: FQB Trampning uyida yadro quroli bilan bog‘liq hujjatlarni qidirgan
AQSh Adliya vazirligi mamlakat sobiq prezidenti Donald Trampning uyida tintuv o‘tkazish uchun berilgan orderni e’lon qilishga chaqirdi. The Washington Post’ning yozishicha, FQB agentlari yadro quroliga oid maxfiy materiallarni qidirgan.

Foto: AP
AQSh sobiq prezidenti Donald Trampning Floridadagi qarorgohini tintuv qilish chog‘ida Federal qidiruv byurosi (FQB) xodimlari, jumladan, yadro quroliga oid maxfiy hujjatlarni ham qidirgan. Bu haqda 11 avgust, payshanba kuni The Washington Post (WP) gazetasi tergovdan xabardor manbalarga tayanib xabar berdi.
Nashr suhbatdoshlari qidirilgan materiallarning mazmuni haqida qo‘shimcha ma’lumot bermadi. Xususan, ularda AQShning yoki boshqa davlatning yadro quroli haqida gap borgani aniq emas. Shuningdek, ular tintuv chog‘ida bunday hujjatlar topilgani yoki yo‘qligini aytmagan.
AQSh Adliya vazirligi 11 avgust kuni suddan FQB xodimlariga Tramp qarorgohida tintuv o‘tkazishga ruxsat bergan hujjatlarni oshkor qilishni so‘radi. Bosh prokuror Merrik Garlendning matbuot anjumanida ma’lum qilishicha, bunday qaror «sobiq prezidentning tintuv o‘tkazilishini oshkora tasdiqlashi, unga taalluqli holatlar va jamoatchilikning bu masalaga jiddiy qiziqishini hisobga olgan holda» qabul qilindi. Shuningdek, u tergov harakatlarini o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorni shaxsan ma’qullaganini ta’kidladi.
Tramp order va olib qo‘yilgan hujjatlar ro‘yxatini chop etishga aralashmasligini aytdi. «Men bu hujjatlarning e’lon qilinishiga nafaqat e’tiroz bildirmayman. Men bu hujjatlarni zudlik bilan e’lon qilishga chaqiraman», deb yozadi u o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.
8 avgust kuni FQB xodimlari AQSh sobiq prezidenti Florida shtatidagi Mar-a-Lago qarorgohini tintuv qilish uchun ogohlantirishsiz kelgan. Trampning so‘zlariga ko‘ra, agentlar uning seyfini buzishgan. Tintuv vaqtida Trampning o‘zi Nyu-Yorkda bo‘lgan. Siyosatchining fikricha, shu yo‘l bilan «o‘ta so‘l demokratlar» u 2024 yilda prezidentlikka o‘z nomzodini qo‘ymasligiga erishmoqchi.
FQB sobiq prezidentning uyida tintuv o‘tkazilishiga sabab bo‘lgan omillar haqida izoh bermadi. Biroq, Amerika OAVning tergovga yaqin manbalarga tayanib xabar qilishicha, sud tomonidan ruxsat etilgan tintuvga Tramp Oq uyni tark etganda o‘zi bilan olib ketgan maxfiy hujjatlar sababi bo‘lgan bo‘lishi mumkin, aslida ular Milliy arxivga topshirilishi kerak edi.
Fevral oyida Milliy arxiv Trampning Mar-a-Lagodagi qarorgohidan 15 quti hujjatlar musodara qilinganini tasdiqladi. Ular orasida Trampning Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In bilan rasmiy yozishmalari, shuningdek, Trampdan avvalgi prezident Barak Obamaning Oval kabinetda qoldirgan maktubi bor edi.
Qonunga ko‘ra, prezidentlik muddati tugaganidan keyin uning hujjatlari Milliy arxivga topshirilishi kerak. Hujjatlarga to‘la bo‘lgan qutilar qaytarilishi Trampning Prezidentlik yozuvlari to‘g‘risidagi qonunga rioya etishi borasida savollar tug‘dirdi. Shundan so‘ng Milliy arxiv Adliya vazirligidan sobiq prezident xatti-harakatlari yuzasidan tekshiruv boshlashni talab qildi.
Mavzuga oid

10:39
Tramp Moldova va yana yetti davlatga bojlar joriy qilmoqda

22:34 / 09.07.2025
NYT: Putin Rossiya armiyasi yaqin oylarda Ukraina mudofaasini yorib o‘tishiga ishonmoqda

20:09 / 09.07.2025
Tramp Putinga nisbatan ritorikasini keskinlashtirmoqda, Kreml bunga «bosiqlik» bilan qaramoqda

14:48 / 09.07.2025