JChda ofsaydni aniqlovchi yangi tizim joriy etiladi. U qanday ishlaydi?

Sport 18:22 / 11.08.2022 9330

Bu tizim nimaga kerak?

Ofsaydni aniqlash hatto VAR va chiziqlar bilan ham murakkabligicha qolmoqda. Asosiy e’tirozlar ikkita holatga qaratilgan:

1. Ofsayd chiziqlarining aniqligi (aniqrog‘i, ularni chizish tamoyillari) ishonarli emas.

2. «O‘yindan tashqari holat»ni tekshirish juda uzoq vaqt talab etadi. Ba’zida esa bu bema’ni ko‘rinadi: futbolchi golni nishonlaydi (yoki nishonlay olmay turadi), hakam VAR qarorini kutadi, keyin esa golni hisoblaydi (yoki bekor qiladi).

Yangi texnologiya atigi 3-5 soniyada qaror qabul qilishga, inson aralashuvisiz chiziq tortishga yordam beradi.

Hozir esa qarorlar sub’yektiv: videohakamlar futbolchi tanasining darvozaga yaqin bo‘lgan qismlarini qo‘lda aniqlaydi, undan proyeksiya chizishadi (va ma’lum bo‘lishicha, futbolchining yelkasi qayerda tugashi haqida har kimning o‘z fikri bor), keyin, to‘p uzatilgan vaziyatdagi stop-kadrni tanlashadi. Katta tezlikda harakatlanayotgan futbolchilar bilan bog‘liq ofsayd holatida soniyalar hal qiluvchi ahamiyatga ega. Avtomatlashtirilgan tizim bu sub’yektivlikni o‘ldirishi kerak.

Tizim qanday ishlaydi?

Yangi texnologiyada 12 ta kuzatuv kamerasi qo‘llanadi, ular stadion tomi ostiga o‘rnatiladi. Kameralarning vazifasi to‘pni va har bir futbolchi tanasidagi 29 ta nuqtani kuzatishdan iborat. Ma’lumotni qayta ishlash tezligi – sekundiga 50 ta fiksatsiya. Shu tufayli, futbolchilarning barcha harakatlari texnologiya e’tiboridan chetda qolmaydi. Nuqtalar – ofsaydga aloqador bo‘lgan tana qismlaridir.

2022 yilgi jahon chempionatining to‘pi – «Ar-Rihla» texnologiya ishida muhim rol o‘ynaydi. Ofsaydni aniqlash uchun unga inersiya o‘lchov bloki datchigi o‘rnatiladi. U sezgir elementlar to‘plamidan (giroskop va akselerometr) iborat. To‘pdan olingan ma’lumotlar sekundiga 500 marta VAR xonasiga yetkaziladi. Bu esa to‘pni uzatish, qaytarish va rikoshet bilan bog‘liq vaziyatni yaxshiroq aniqlash imkonini beradi.

Tizim ushbu ma’lumotlarni to‘playdi va sun’iy intellekt yordamida tahlil qiladi. Natijada, VAR tizimi hakamlari futbolchi ofsaydda to‘pni qabul qilib olsa, darhol xabardor bo‘lishadi.

Nima uchun ofsaydlar avtomatik emas, yarimavtomatik deb ataladi?

Yangi texnologiya ishga tushsa-da, VAR tizimi bekor qilinmaydi. Bu texnologiya uning ishini mukammalashtiradi. Bosh hakamga ofsayd holati haqida xabar berishdan oldin videoassistentlar texnologiya to‘p uzatilgan holatni to‘g‘ri aniqlagani va ofsayd chizig‘i to‘g‘ri chizilganini tekshirishadi. Bu bir necha soniya vaqt oladi.

Qaror tasdiqlanganidan so‘ng, tizim ma’lumotlarga asoslanib vaziyatning animatsion 3D modelini chizadi. Lavha isbot tariqasida TV translatsiyasi va stadiondagi tablo orqali muxlislarga namoyish etiladi.

Texnologiya 2021 yilgi klublar o‘rtasidagi jahon chempionati va 2021 yilgi Arab Kubogida sinovdan o‘tgan. Onlayn va oflayn testlar davomida to‘plangan ma’lumotlar Massachusets texnologiya instituti sport laboratoriyasi tomonidan tahlil qilindi va tasdiqlandi. Kuzatuv texnologiyasi esa Viktoriya universiteti tomonidan ilmiy jihatdan isbotlangan. Bunday ko‘p kamerali kuzatuv tizimining texnologik imkoniyatlarini Tsyurix tadqiqot guruhi ham tasdiqlagan.

Kelgusi oylarda tizimni aniqroq sozlash uchun qo‘shimcha testlar o‘tkaziladi, so‘ngra tizimdan foydalanish standartlari joriy qilinadi.

«2018 yilgi jahon chempionatida VAR tizimi muvaffaqiyatli ishga tushirildi, bu FIFA tomonidan tashlangan dadil qadam bo‘lgan edi. Yarimavtomatik ofsayd texnologiyasi – VAR evolyutsiyasidir. Ushbu texnologiya uch yillik tadqiqot va sinovlarning natijasi hisoblanadi. Biz jahon chempionatida butun dunyo yarimavtomatik ofsayd texnologiyasi afzalliklarini ko‘rishini intiqlik bilan kutamiz», deya g‘urur bilan tushuntirdi FIFA prezidenti Janni Infantino.

Ammo yakuniy qarorni baribir hakamlar qabul qiladi, ofsayd chiziqlari va tana qismlari bo‘yicha bahslar kompyuter zimmasiga yuklatiladi. Video yordamchi faqat ish natijasini tekshiradi va yakuniy qarorni qabul qiladi.

FIFA uchun yakuniy qaror inson zimmasida qolishi muhim edi va bu texnologiya ushbu talabga javob bermoqda.

Ko‘proq yangiliklar: