Yog‘ingarchilik holatlarida kirish imtihonlari bir kunga kechiktirilishi mumkin

Jamiyat 13:24 / 10.08.2022 8065

10 avgust kuni Namangan viloyatida yomg‘ir yog‘gani sababli kirish imtihonlari belgilangan vaqtdan kechroq boshlandi. Davlat test markazining xabar berishicha, abituriyentlar barcha tekshiruvlardan o‘tkazilgan holda usti yopiq, yomg‘irdan himoyalangan o‘rinlarga joylashtirib turilgan.

Yog‘ingarchilik tinishi bilan abituriyentlar o‘z quyidagi vaqtlarda test sinovini boshlashgan:

  • “Barkamol avlod” sport majmuasi (1-sektor)da — 08:13 da;
  • “Dinamo” stadioni (2-sektor)da — 08:20 da;
  • “Navbahor-Umid” stadioni (3-sektor)da — 08:00 da.

DTM axborot xizmati rahbari Jamshidbek Odilovning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, test sinovi jarayonlarida bu kabi holatlar bo‘lishi markaz tomonidan hisobga olingan.

“Agarda oldinda kelayotgan imtihonlarda kun bo‘yi yog‘ingarchilik kuzatiladigan bo‘lsa, test sinovlari keyingi kunga ko‘chirilishi ham mumkin”, – dedi u.

Odilov Kun.uz muxbirining nima sabab bu yilgi kirish imtihonlari ham ochiq maydonlarda o‘tkazilayotgani borasidagi savoliga javob berdi. Uning aytishicha, bu qaror Davlat qabul komissiyasi tomonidan qabul qilingan, bu borada DTM izoh bera olmaydi.

Eslatib o‘tamiz, kirish imtihonlari 8 avgustdan boshlandi, oyning 20-sanasigacha davom etishi belgilangan. Avvalroq test sinovining ilk natijalari e’lon qilingandi.

Ko‘proq yangiliklar: