«Bu tasodif emas». O‘zbekistondagi shaxmat maktabi natija ko‘rsatishda davom etmoqda

Sport 13:36 / 10.08.2022 22785

Hindistonning Chennay shahrida yakunlangan Butunjahon shaxmat olimpiadasida O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi g‘olib chiqdi.

Turnirning 11 turida Nodirbek Abdusattorov va uning sheriklari 19 ochko (8 g‘alaba va 3 durang) jamg‘arishdi. Armaniston terma jamoasi ham xuddi shunday ko‘rsatkichga ega bo‘ldi, ammo o‘zaro o‘yindagi g‘alaba tufayli oltin medallar FIDE talqini bo‘yicha jahon chempioni Rustam Qosimjonovning vataniga yo‘l oldi.

Favoritlar omadsizligi

Qayd etish joizki, 44-Butunjahon shaxmat olimpiadasi ishtirokchilari tarkibi tarixdagi eng zaifi bo‘ldi. Rossiya va Belarus terma jamoalari siyosiy sabablarga ko‘ra musobaqadan chetlashtirildi, Xitoy esa (avvalgi olimpiada chempioni) koronavirus bilan bog‘liq cheklovlar tufayli Hindistonga bormadi.

Shu tariqa, tomoshabinlar shaxmat bo‘yicha jahon toji uchun bahs olib boradigan rossiyalik Yan Nepomnyashchiy va xitoylik Din Lijenni turnirda ko‘rishmadi.

FIDE rahbari sayloviga tayyorgarlik ko‘rayotgan Vishi Anand Hindiston terma jamoasida o‘ynamadi. Ozarboyjon koronavirus bilan kasallangan Teymur Rajabovni, Fransiya jamoasi Maksim Vashe-Lagrav va Hindistonga uchishdan bosh tortgan Alirizo Firuzjoni yo‘qotdi.

Bunday sharoitda AQSh termasi favorit hisoblanardi, uning tarkibida kuchli o‘ntalikka kiruvchi 3 nafar shaxmatchi: Fabiano Karuana, Levon Aronyan, Uesli So, shuningdek tajribali Leyner Dominges bor edi. Hatto o‘z terma jamoasida o‘ynashga qaror qilgan jahon chempioni Magnus Karlsen ham Norvegiya terma jamoasi amerikaliklar bilan raqobatlasha olmasligini aytdi.

Amalda teskarisi bo‘lib chiqdi. Amerikaliklar turnirning birinchi qismini zo‘r o‘tkazishdi va 7 ta o‘yinda 5 marta g‘alaba qozonishdi.

Nodirbek Abdusattorov.
Foto: Global Look Press

To‘rtinchi turda birinchi taxtada o‘ynagan Karuana o‘zbekistonlik 17 yoshli grossmeyster Nodirbek Abdusattorovga imkoniyatni boy berib qo‘ydi va shu bois bahs durang (2:2) bilan yakunlandi. Yettinchi turda Karuana Armaniston terma jamoasi faxriysi Gabriel Sarkisyanga yutqazdi. Biroq, Domingesning ajoyib o‘yini tufayli durang (2:2) saqlab qolindi.

Keyin amerikaliklar Hindiston-2 terma jamoasiga yutqazishdi (Karuana yana mag‘lub bo‘ldi). So‘nggi turda esa turnir mezbonlarining birinchi jamoasini mag‘lub eta olishmadi. Natijada, faqat beshinchi o‘rin.

«Jamoada bir necha o‘yinchilar yaxshi formada bo‘lmasa, turnirda g‘alaba qozonish juda qiyin», - deb tushuntirdi Dominges.

Karuanadan tashqari, Aronyan ham o‘zining eng yaxshi fazilatlarini ko‘rsata olmadi. Levon asosiy raqiblarga qarshi o‘yinlarda biror marta g‘alaba qozona olmadi. Armaniston terma jamoasi bilan o‘yinda u taxtadagi o‘rnini Sem Shenklendga topshirdi, keyin esa Gretsiya vakili Nikolas Teodorga yutqazdi.

Karlsen jamoasi 50 talikka kira olmadi

Norvegiya jamoasi atigi 59-o‘rinni egalladi. Karlsen va sheriklari Italiya, Avstraliya, Moldova hamda Chexiyaga yutqazdi. 16-jahon chempioni 11 turdan 9 tasida (6 g‘alaba va 3 durang) ishtirok etdi, biroq uning sheriklari juda yomon o‘ynadi. Masalan, ikkinchi taxtada o‘ynagan Aryan Tari (2672) musobaqani atigi +1 ball bilan yakunladi, garchi ba’zi raqiblari orasida reytingi 2400 ga yetmagan shaxmatchilar bo‘lsa-da.

O‘zbekiston va Armaniston g‘oliblik uchun kurash olib borishdi. To‘qqizinchi turda jamoalar turnir jadvalidagi bir xil ko‘rsatkichlar bilan o‘zaro to‘qnash kelishdi. Dastlabki ikki taxtadagi o‘yinlarda g‘olib aniqlanmadi. Javohir Sindarov va Jahongir Vohidov mos ravishda Samvel Ter-Saxakyan va Robert Ovannisyanni mag‘lub etishdi.

Qolgan ikki turda Armaniston terma jamoasi Ozarboyjon va Ispaniyani yengishga muvaffaq bo‘ldi. Ammo o‘zbekistonliklar ham imkoniyatni boy bermasdan, Hindiston-2 bilan durang o‘ynab, Niderlandiyani mag‘lub etishdi.

Foto: Global Look Press

Birinchi taxtada o‘ynagan Nodirbek Abdusattorov turnirni juda ajoyib +6 ball bilan yakunladi. Biroq, buni sensatsiya deb bo‘lmaydi. Nodirbek allaqachon jahon shaxmatining yulduzi. O‘tgan yilning dekabrida u rapid bo‘yicha eng yosh jahon chempioni bo‘lgandi. 17 yoshli grossmeyster Karlsen, Karuana, Aronyan va Boris Gelfanddan ustun kelib, finalda Yan Nepomnyashchiyni mag‘lub etgandi.

Nodirbek dunyoning eng yaxshi shaxmat murabbiylaridan biri Rustam Qosimjonov tufayli yangi tezlanishni olgan o‘zbek shaxmat maktabi an’analarini davom ettirmoqda. FIDE talqini bo‘yicha jahon chempioni terma jamoaga olimpiadaga tayyorlanishda yordam berdi.

«Qosimjonov – dunyodagi eng yaxshi murabbiylardan biri, u katta tajribaga ega», - deydi Nepomnyashchiyning ustozi Vladimir Potkin. - U Vishi Anand, Fabiano Karuana va boshqa ko‘plab mashhur grossmeysterlar bilan ishlagan. Uning o‘zi ham jahon chempioni bo‘lgan (FIDE talqiniga ko‘ra). Albatta, bunday inson o‘z tajribasini yoshlarga bersa, natija bo‘ladi. Hozir O‘zbekistonda yosh iste’dodlar ko‘p. Demak, terma jamoaning Chennay olimpiadasi va Nodirbekning Varshavadagi jahon chempionatida qozongan muvaffaqiyati tasodif emas».

Armaniston jamoasining ikkinchi o‘rinni egallashi ham katta muvaffaqiyat. Ko‘p yillik yetakchisi Aronyanni yo‘qotib qo‘ygan jamoa ajoyib saviya namoyish etdi. Birinchi taxtada Levon o‘rnini egallagan Sarkisyan musobaqani +3 natija bilan yakunladi. U Karuana, Pental Xarikrishna, Mamedyarov va Shirovni mag‘lub etishga muvaffaq bo‘ldi.

Uchinchi o‘rin Hindiston-2 terma jamoasiga nasib qildi.

Ko‘proq yangiliklar: