«Barsa» TV huquqlarining bir qismini o‘ziga sotdi, La Liga buni hisoblamadi

Sport 11:06 / 10.08.2022 9621

Avvaliga hammaga ma’lum faktni keltiramiz: «Barselona» kelajakda (25 yil) TV huquqlaridan olinadigan daromadlarning 25 foizini 667 mln yevroga sotdi. Rejaga ko‘ra, bu moliyaviy ahvol yaxshilanishiga olib kelishi va yangi futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazishni yengillashtirishi kerak edi. Ammo!

1. La Liga faqat 517 million yevro daromadni hisobga oldi. Bu esa «Barselona»ni Barca Studios bo‘limining 49 foizini sotish orqali to‘rtinchi dastakdan foydalanishga majbur qiladi. Ushbu bo‘lim orqali klubning NFT-tokenlari sotiladi.

2. «Barsa» TV huquqlarining bir qismini o‘ziga sotgan.

Hammasini bir boshdan tushuntiramiz

Voqealar zanjiri quyidagicha.

  • «Barselona» Sixth Street kompaniyasi bilan hamkorlik o‘rnatdi. Qizig‘i shundaki, ushbu kompaniya «Real» bilan bilvosita bog‘liq. Uning xo‘jayinlaridan biri Anash Lagari «Real» prezidenti Florentino Peresning yaqin do‘sti va ishga tushirilmay qolgan Superliga rahbariyati a’zosi.
  • «Barselona» va Sixth Street hamkorligida LOGKSLEY Investmens kompaniyasi tashkil etildi, uning aksiyalari teng taqsimlandi.
  • «Barselona» kelajakda TV huquqlaridan olinadigan daromadlarining 25 foizini LOGKSLEY kompaniyasiga sotdi. 517 mln yevroni Sixth Street to‘ladi, 150 mln yevroni esa «Barselona».

Shu bilan birga, Joan Laporta navbatdan tashqari yig‘ilishda klub a’zolariga bu holatni oshkor qilmadi.

La Liga hiylaga uchmadi va 150 mln yevroni hisobga olmadi

La Liganing moliyaviy nazorat bo‘limi «Barselona» bilan ziddiyatdan qochdi, to‘lovlar maqsadi bo‘yicha ayb topmadi va uni buxgalteriya hisobiga kiritishga ruxsat berdi. Lekin! Ish haqi limitini shakllantirishda ushbu daromadni hisobga olmadi. Laporta esa uning hisobga olinishini istagandi.

Bundan tashqari, endi «Barselona» 150 mln yevrodan 25 foizlik korporativ soliqni ham to‘lashi kerak. Bu esa  37,5 mln yevroga teng.

«Barselona» haligacha Levandovski, Rafinya va boshqa yangi futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazmadi

«Barselona» limitdan chiqib ketmasligi uchun futbolchilar ish haqini 144 mln yevroga qisqartirishi shart.

Yozda kataloniyaliklar «Bavariya» hujumchisi Robert Levandovskini 50 mln yevroga, «Lids» vingeri Rafinyani 59 mln yevroga va «Sevilya» markaziy himoyachisi Jyul Kundeni, shuningdek, ikki nafar erkin agent – «Chelsi» markaziy himoyachisi Andreas Kristensen va «Milan» yarimhimoyachisi Frank Kessieni olgan edi.

Ammo ular hamon La Liga ro‘yxatidan o‘tkazilmagan. Sababi – «Barselona» ish haqi miqdori chegarasidan chiqib ketgan.

Kataloniyaliklar vaziyatni o‘nglash uchun avvalroq uchta iqtisodiy dastakdan foydalanib, bir qancha aktivlarini sotgandi. Endi navbat Barca Studios bo‘limining 49 foiziga kelgan ko‘rinadi.

Foto: Getty Images 

To‘g‘ri, «Barselona» prezidenti huquqiy tomondan La Liga bilan kurashishga urinib ko‘rishi ham mumkin.

«Biz o‘z ishimizni yaxshi bajardik va barcha talablarga javob beramiz deb hisoblaymiz. La Ligaga barcha hujjatlar yuborildi va biz javob kutmoqdamiz.

Ba’zi nomuvofiqliklar bo‘lishi mumkin, ammo biz hech qanday muammo bo‘lmasligini tushunib turibmiz. Chunki biz hamma shartlarni bajardik va futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazishimiz mumkin. Aks holda, to‘rtinchi dastakni ishga solamiz», dedi u.

«Ba’zi nomuvofiqliklar» - La Liga tomonidan hisobga olinmagan 150 mln yevro.

Yana bir variant ish haqini qisqartirish va futbolchilarni sotish edi

«Barselona» ish haqini qisqartirish rejasi tufayli uch futbolchi bilan ziddiyatga borgan – Frenki de Yong, Martin Breytueyt va Samuel Umtiti.

Niderlandiyalik futbolchiga maoshini qisqartirish taklif qilindi. Aks holda shartnomasini bekor etish bilan tahdid qilinmoqda. Go‘yoki sobiq rahbariyat uni imzolashda qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ygan.

Daniyalikka qattiqroq shart qo‘yildi – shartnomani bekor qilish va erkin agent sifatida ketish. Futbolchi mavsumoldi yig‘inlari doirasida AQShga ham olib ketilmadi. Ammo Breytueyt 2 yillik maoshini to‘liq olmaguncha ketmoqchi emas. Himoyachi Samuel Umtiti ham shuni istamoqda. Rahbariyat g‘azabda.

«Umtiti va Breytueytning shartnomasi bor, ammo murabbiy ularning xizmatiga muhtoj emas. Shuning uchun ular klubni tark etgani ma’qul. «Barselona»dan yana ko‘proq o‘yinchi ketishini kutamiz. Biz barcha yangi kelganlarni, shuningdek, yangi shartnoma imzolagan futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazishimiz mumkinligiga ishonamiz», dedi Laporta.

Foto: Getty Images 

Ammo bu to‘liq ro‘yxat emas. «Barselona» Jyerar Pike va Serxi Busketsga maoshini kamaytirishni taklif qilgan va Memfis Depayning ketishi ustida ishlamoqda. Hozircha hech qanday natija yo‘q.

Ajablanarlisi shundaki, «Barselona» yana bir transfer tayyorlayapti

Gap «Manchester Siti» yarimhimoyachisi Bernardu Silva haqida ketmoqda. U APL 1-turidan o‘rin olgan «Vest Hem»ga qarshi o‘yinda boshlang‘ich tarkibda tushirilmadi.

Pep Gvardiola portugaliyalikni saqlab qolmoqchi ekani, lekin uning xohishiga qarshi chiqmasligini ochiq aytdi. Ushbu transfer «Barselona» maoshlarni qisqartirmasa ham amalga oshishi mumkin. To‘rtinchi dastak yordam beradi.

Ko‘proq yangiliklar: