Tanzila Norboyeva Islom birdamligi o‘yinlarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan o‘zbekistonlik velosportchilarni tabrikladi

O‘zbekiston 13:12 / 09.08.2022 6222

Senat raisi Tanzila Norboyeva Islom birdamligi o‘yinlarida katta natijalarga erishgan o‘zbekistonlik velosportchilarni e’tirof etdi.

Konya-2021 o‘yinlarida O‘zbekiston velosport terma jamoasi velotrek yo‘nalishida o‘tkazilgan bahslarda jami 6 ta medalni qo‘lga kiritdi.

“Xalqaro sport arenalarida O‘zbekiston bayrog‘i baland ko‘tarilishi, nazarimda, shu vatanda yashaydigan har bir inson uchun eng go‘zal va hayajonli lahzalardir! Chunki bu nafaqat sportchilarimiz, balki vatanimiz erishgan yutuq! Shuning uchun g‘alaba onlarining zavqi, gashti o‘zgacha. Turkiyaning Konya shahrida davom etayotgan V Islom birdamligi o‘yinlarida sportchilarimiz erishayotgan yutuqlar barcha yurtdoshlarimizga ana shunday onlarni tuhfa etayotganidan juda mamnunman”, deydi Senat raisi.

Ta’kidlanishicha, Konya-2021 o‘yinlarida O‘zbekiston velosport terma jamoamiz velotrek yo‘nalishida o‘tkazilgan bahslarda jami 6 ta medalni qo‘lga kiritdi: 1 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza.

“Aynan velosportchilar ushbu turnirda O‘zbekiston uchun ilk oltin medalga sazovor bo‘ldi!” deydi Tanzila Norboyeva. 

Velotrekning ochkolar poygasi yo‘nalishida o‘tgan bahsda Olga Zabelinskaya eng yaxshi natija bilan chempion bo‘ldi. Mazkur yo‘nalishda yana bir o‘zbekistonlik Yanina Kuskova kumush medalga sazovor bo‘ldi. Aleksey Fomovskiy trekning yakkalik ta’qib poygasi dasturida bronza medaliga, Sofiya Karimova skretch bo‘yicha guruh poygasida bronza medalini qo‘lga kiritdi. Musobaqa yakuniy kunida Aleksey Fomovskiy omnium poygasida uchinchi natijani qayd etib, jamoaga yana bitta bronza medalini olib keldi.

“G‘urur bilan aytish joizki, yurtimiz sportchilari turli yo‘nalishlarda yuqori natijalari bilan bizni shod etmoqdalar! Barcha sportchilarimizni ajoyib g‘alabalari bilan tabriklaymiz! Vatan bayrog‘ini baland ko‘tarishda sizlarga kuchli iroda va mustahkam sog‘liq tilab qolaman, aziz sportchilar!” deyiladi Senat raisining tabrigida.

Ma’lumot uchun, Senat raisi Tanzila Norboyeva O‘zbekiston Velosport federatsiyasi raisi hisoblanadi.

Ko‘proq yangiliklar: