Jahon | 08:40 / 09.08.2022
11204
2 daqiqa o‘qiladi

FQB Trampning Floridadagi uyida tintuv o‘tkazdi

AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp FQB agentlari uning qarorgohida tintuv o‘tkazgani va seyfini buzishganini aytdi. OAV bunga Oq uyning maxfiy hujjatlari sabab bo‘lishi mumkinligini yozmoqda.

Foto: Reuters

AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp Federal qidiruv byurosi (FQB) uning Floridadagi Mar-a-Lago qarorgohida tintuv o‘tkazganini ma’lum qildi. «Bizning millatimiz uchun qorong‘i vaqtlar keldi. Mening go‘zal uyim, Floridadagi Palm-Bichda joylashgan Mar-a-Lago hozirda FQB xodimlarining katta guruhi tomonidan qamalda», deyiladi Trampning 8 avgust, dushanba kuni o‘z Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilgan bayonotida.

Trampning so‘zlariga ko‘ra, tintuvlar chog‘ida FQB agentlari uning seyfini buzishgan. «Bu huquq-tartibot organlarining noto‘g‘ri xatti-harakati, sud tizimini qurolga aylantirish va 2024 yilda prezidentlikka nomzod bo‘lishimni istamaydigan o‘ta so‘l demokratlarning hujumi», dedi u. 

FQB sobiq prezidentning uyida tintuvlar o‘tkazilganmi, degan savolga javob berishdan bosh tortdi va tintuvning ehtimoliy sabablariga izoh bermadi. Biroq, Amerika OAV tergovga yaqin manbalarga tayanib, sud tomonidan ruxsat etilgan tintuvga Tramp Oq uyni tark etganda o‘zi bilan olib ketgan maxfiy hujjatlar sabab bo‘lishi mumkinligini bildirdi. U ularni Milliy arxivga topshirishi kerak edi.

Fevral oyida Milliy arxiv Trampning Mar-a-Lagodagi qarorgohidan 15 quti hujjatlarni musodara qilganini tasdiqladi. Ular orasida Trampning Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In bilan rasmiy yozishmalari, shuningdek, Trampdan avvalgi prezident Barak Obamaning Oval kabinetda qoldirgan maktubi bor edi. 

Qonunga ko‘ra, prezidentlik muddati tugaganidan keyin uning hujjatlari Milliy arxivga topshirilishi kerak. Hujjatli qutilarning qaytarilishi Trampning Prezidentlik yozuvlari to‘g‘risidagi qonunga amal qilishi bo‘yicha savollar tug‘dirdi. Shundan so‘ng Milliy arxiv Adliya vazirligidan sobiq prezidentning xatti-harakatlari yuzasidan tekshiruv boshlashni talab qildi. 

Mavzuga oid