Xitoy mashg‘ulotlarda Tayvanga hujumni repetitsiya qildi. Ular buni muntazam amalga oshirmoqchi

Jahon 16:34 / 08.08.2022 15440

Shundan keyin Xitoy nashrlari rasmiy manbaga tayanib, mamlakat armiyasi endi muntazam ravishda «oraliq chiziq»ning Tayvan tomonida harbiy-o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazmoqchi ekanini xabar qildi - bu chiziq shu vaqtgacha Tayvan hamda Xitoyning materik qismi o‘rtasida o‘ziga xos norasmiy chegara vazifasini o‘tagan. Bu maqom hech qayerda rasman qayd etilmagan va Pekin bu liniya unga qandaydir majburiyat yuklashini inkor etadi.

Xitoy davlat televideniyesida o‘rtadagi chiziq o‘tgan asrda amerikalik harbiylarning ehtiyojlarini hisobga olgan holda o‘ylab topilgan «xayoliy chiziq» deb atalgan.

Xitoyliklar mashg‘ulotlari besh kundan buyon davom etmoqda, yakshanba kuni Tayvan hukumati javob qaytarishga qaror qilib, o‘z samolyotlari va harbiy kemalarini Tayvan bo‘g‘ozidagi oraliq chiziqda navbatchilik qilish uchun jo‘natdi.

Mintaqadagi munosabatlar AQSh Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosining o‘tgan hafta o‘rtalarida Tayvanga amalga oshirgan bir kunlik tashrifi tufayli keskinlashdi.

Xitoy Tayvanni o‘zining ajralib chiqqan qismi deb biladi, AQSh rasmiy shaxslarining bu orolga safarlariga esa keskin yondashib, buni orol mustaqilligini qo‘llab-quvvatlash sifatida ko‘radi.

Vashington Tayvan bilan rasmiy diplomatik munosabatlarga ega emas, ammo Amerika qonunchiligiga ko‘ra AQSh orolga o‘zini himoya qilish uchun vositalar taqdim etishi kerak.

Prezident Bayden va amerikalik harbiylar Pelosining Tayvanga borish g‘oyasiga qo‘shilmadi, ammo Pelosi ularga bo‘ysunmasligi va unga to‘sqinlik qila olmasliklarini qayd etishdi.

«Orolni egallash simulyatsiyasi»

Tayvan mudofaa vazirligiga ko‘ra, xitoyliklarning kemalari va samolyotlari dam olish kunlarida Tayvan bo‘g‘ozida manyovrlar amalga oshirgan va ularning ayrimlari oraliq chiziqni kesib o‘tgan.

Idora xabariga ko‘ra, bu misli ko‘rilmagan harbiy mashg‘ulotlar davomida Xitoy Tayvan sohillari tomon o‘ndan ortiq ballistik raketalar uchirgan.

Mamlakat hukumati buni orolni egallashning simulyatsiyasi deb atadi va «tegishli tartibda» munosabat bildirilganini ma’lum qildi: yakshanba kuni samolyotlar va harbiy kemalar yuborilgan.

Tayvan bosh vaziri Su Chjenchan Xitoy hukumatini harbiy mashg‘ulotlardan mintaqadagi barqarorlikka putur yetkazishda bahona sifatida foydalanishda aybladi. «Biz Xitoy hukumatini har yerda mushaklarini ko‘z-ko‘z qilib va mintaqaviy tinchlikka to‘sqinlik qilib, o‘z harbiy qudratiga ko‘p ham ishonmaslikka chaqirishni istardik», degan u.

AQSh Tayvanni qo‘llab-quvvatlab, Xitoyning harbiy mashg‘ulotlarini tanqid qilgan.

«Bu harakatlar Xitoyning status-kvoni o‘zgartirishga urinishining sezilarli darajada kuchayishidir. Ular provokatsiyali, mulohazasiz va xato xavfini oshiradi. Shuningdek, ular Tayvan bo‘g‘ozida tinchlik va barqarorlikni saqlash bo‘yicha jahon hamjamiyati umid qilgan uzoq muddatli maqsadlarimizga zid keladi», degan Oq uy vakili.

Xitoy hukumati versiyasiga ko‘ra esa, Tayvan bo‘g‘ozida tinchlik va barqarorlikka tahdid Nensi Pelosining orolga tashrifi sabab yuzaga keldi.

Pekin Tayvanni o‘z hududining bir qismi deb biladi va qachondir Xitoy tarkibiga qaytishi kerak deb hisoblaydi va hech qachon orolni kuch bilan qaytarib olish niyatini yashirmaydi. Ammo Tayvan o‘z demokratik hukumatiga ega va Xitoyning suverenitet bo‘yicha da’volarini rad etib, faqat orol xalqi orol taqdirini hal qilishi mumkinligini aytadi. Bu orol hech qachon Xitoy Kompartiyasi nazorati ostida yashamagan.

Tayvanni qo‘llab-quvvatlash borasida jahon yetakchilari tomonidan aytilgan har qanday so‘z Xitoy rasmiylarining g‘azabini keltiradi. Juma kuni Xitoy hukumati AQSh bilan qator sohalarda, jumladan, yuqori martabali harbiy boshliqlarning o‘zaro muloqotlari hamda iqlim o‘zgarishi bo‘yicha muzokaralarni to‘xtatishini, shuningdek Nensi Pelosi va uning oila a’zolariga qarshi sanksiyalar qo‘llanishini ma’lum qildi.

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken buni Xitoyning Pekin va Vashington o‘rtasidagi asosiy aloqa kanallarini to‘sib qo‘yishga qaratilgan «mulohazasiz harakat» deb baholadi.

Nensi Pelosi so‘nggi 25 yillikda Tayvanga kelgan eng yuqori martabali amerikalik siyosatchi bo‘ldi. Pekinning ogohlantirishlari va prezident Bayden ma’qullamaganiga qaramay, u seshanba kuni kechqurun Taybeyga qo‘ndi, chorshanba tongida esa mahalliy parlamentga tashrif buyurdi. U o‘z nutqida tayvanliklar jamiyatini «dunyodagi eng erkinlaridan biri» deb atadi va xavfsizlik hamda iqtisodiyot masalalari muhokamasi uchun Tayvan bilan parlamentlararo aloqalarni kengaytirishga chaqirdi.

Pelosi azaldan Xitoy rahbariyatini inson huquqlari masalasida keskin tanqid qilib keladi. 1991 yilda, hali Kongressda Kaliforniyadan vakil bo‘lgan mahalda, u Pekinga kelgan va delegatsiyadan ajralib, Tyananmen maydonida «Xitoydagi demokratiya uchun qurbon bo‘lganlar xotirasiga» yozuvlari bitilgan plakat ko‘targan.

Ko‘proq yangiliklar: