Oilaviy mehmon uylari faoliyatini yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lganlarga uch yilgacha kompensatsiya beriladi

O‘zbekiston 12:09 / 08.08.2022 2458

Vazirlar Mahkamasining “Turizm sohasi sub’yektlari uchun yaratilgan shart-sharoitlarni yanada yaxshilash munosabati bilan hukumat ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qarori asosida oilaviy mehmon uylari faoliyatini yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan kichik tadbirkorlik sub’yektlariga qator imtiyozlar berilmoqda, deb xabar qildi “Dunyo”.

Ularga tijorat banklari tomonidan milliy valutada ajratiladigan, umumiy qiymati 5 mlrd so‘mdan, foiz stavkasi Markaziy bank asosiy stavkasi 1,5 baravaridan oshmagan kreditlar bo‘yicha ular asosiy stavkadan oshgan, biroq asosiy stavka 30 foizidan ko‘p bo‘lmagan qismini qoplash uchun uch yil muddatgacha kompensatsiya beriladi. Kompensatsiya Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ajratiladi.

Endilikda turistik axborot markazlarini chegara o‘tkazish punktlarida ham barpo etish mumkin. Ular O‘zbekiston davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlarida bepul joylashtiriladi.

O‘tovli va chodirli oromgohlar xizmatlarini sertifikatlashtirish soddalashtirilgan holda, oilaviy mehmon uylari, xostellar, o‘tovli va chodirli oromgohlarni o‘rganish dalolatnomasi asosida ularni oilaviy mehmon uylari va xostellar yagona reyestriga kiritish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

Bugungi kunda investorlarga yangi qurilgan mehmonxonasi 3 yulduzli toifaga va 50 ta xonadan kam bo‘lmagan xonalar fondiga ega yoki 4 yulduzli toifaga va 100 ta xonadan kam bo‘lmagan xonalar fondiga ega bo‘lganda subsidiya ajratiladi. Qarorda “yangi qurilgan mehmonxona” tushunchasi mustahkamlangan bo‘lib, unga muvofiq tasdiqlangan loyiha asosida kapital bino va inshoot sifatida qurilgan yoki oxirgi o‘n yilda mehmonxona fondida mavjud bo‘lmagan holda qayta qurilgan mehmonxona yangi qurilgan mehmonxona hisoblanadi. Qurilishda o‘zgartirilgan loyiha bo‘yicha (mehmonxonani rekonstruksiya va (yoki) renovatsiya qilish bundan mustasno) joylashtirish vositasi sifatida qurilib, yangidan ishga tushirilgan obekt ham yangi qurilgan mehmonxona sifatida qayd etiladi.

Ko‘proq yangiliklar: