OAV: «Tolibon» yana O‘zbekiston va Tojikistondan olib qochilgan vertolyotlarni qaytarishni so‘radi 

O‘zbekiston 11:47 / 08.08.2022 39262

Tolonews nashri xabariga ko‘ra, muvaqqat hukumat mudofaa vazirligi matbuot kotibi Inoyatulloh Xorazmiy Kobul o‘g‘irlab ketilgan vertolyotlarni tez orada qabul qilib olishini aytdi.

U vertolyotlar afg‘on xalqining mulki ekanligini ta’kidladi. 

Ayni paytda, ayrim afg‘on tahlilchilarining fikricha, Afg‘onistondagi «Tolibon» hukumati xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinmagani uchun vertolyotlarni qaytarib olishning iloji yo‘q. 

«Birinchidan, men bu vertolyotlar uchun hujjatlar Afg‘onistonga tegishli ekanligiga ishonchim komil emas. Ikkinchidan, bu hech bir davlat tomonidan tan olinmagan «Tolibon» hukumatining muammosi», - deydi Tojikistondagi sobiq afg‘on diplomati Fahim Kohdamaniy. 

Avvalroq AQSh Mudofaa vazirligi rasmiysi Afg‘oniston armiyasining Kobuldagi hukumat qulaganidan keyin O‘zbekiston va Tojikistonga olib qochib ketilgan vertolyotlari toliblarga berilmasligini ma’lum qilgan edi. 

Aprel oyi oxirida prezidentning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Ergashev nima uchun O‘zbekiston rasmiylari samolyot va vertolyotlarni toliblarga qaytarmaganini tushuntirgandi. 

«Amerika ovozi» nashriga bergan intervyusida u afg‘on uchuvchilari avvalroq o‘z mamlakatidan O‘zbekistonga olib qochgan aviatexnika AQShga tegishli ekanligini aytdi. 

«AQSh hukumati ular uchun pul to‘lagan, avvalgi Afg‘oniston hukumatini moliyalashtirgan», dedi u. 

Ismatulla Ergashev aviatexnikalarning taqdiri bo‘yicha qaror Vashingtonda qabul qilinishi kerakligini ta’kidladi. 

«Biz bu harbiy texnikani AQSh bilan kelishuv asosida saqlab qoldik va bu haqda toliblarni xabardor qildik», dedi diplomat. 

Afg‘onistonda hokimiyat toliblar tomonidan qo‘lga kiritilganidan so‘ng mamlakat HHK uchuvchilari va xodimlari uchinchi davlatlarga samolyotlarda uchib, mamlakat hududini ommaviy ravishda tark eta boshladi. Shu tariqa, 40 dan ortiq Afg‘oniston harbiy samolyotlari va vertolyotlari O‘zbekistonga uchib keldi. Samolyotlarning bir qismi Tojikistonga ham parvoz qilgan. 

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi 2021 yil 14 va 15 avgust kunlari mamlakat hududiga 22 ta harbiy samolyot, shuningdek, Afg‘onistondan 24 ta vertolyot qo‘nganini ma’lum qildi. 

Ko‘proq yangiliklar: