Holand APLda gollari hisobini ochdi: u haqda bilish kerak bo‘lgan hamma narsa

Sport 14:21 / 08.08.2022 9364

«Manchester Siti» hujumchisi Erling Holand Superkubok uchun «Liverpul»ga qarshi o‘tkazilgan bahsda ko‘ngilni biroz xira qilgandi. Ammo Angliya Premer-Ligasidagi debyut o‘yinida 2 ta gol urib, «shaharliklar»ga g‘alaba keltirdi va shubhalarni tarqatib yubordi. Uning hayoti va faoliyatiga oid qiziqarli faktlar bilan tanishib olishning ayni vaqti.

  

So‘nggi mavsumlarda Erling Holand dunyo futbol hamjamiyatining diqqat markazida turibdi. Norvegiyalik superyulduz futboldagi eng qiziq qahramonlardan biridir. O‘smirlik davrida sahnaga chiqqanidan beri u rekordlarni yangiladi, darvozabonlarni uyaltirdi va xuddi Kilian Mbappe kabi o‘zini Lionel Messi va Krishtianu Ronalduning merosxo‘ri sifatida ko‘rsatmoqda.

Holand nafaqat «gol mashinasi», balki g‘alati va qiziqarli shaxsdir. U Premer-Ligada gol ura boshladi. GOAL nashri esa uning hayotiga oid qiziqarli faktlarni jamladi.

Lidsda tug‘ilgan – Angliya milliy jamoasida o‘ynashi mumkin edi

Ingliz futbolidan juda yaxshi xabardor bo‘lganlar biladiki, Erlingning otasi Alf-Inge ham futbolchi bo‘lgan va Premer-Ligada o‘ynagan.

U «Manchester Yunayted» yarimhimoyachisi Roy Kin bilan bog‘liq voqealar tufayli mashhur. Alfi 1997 yilda «Lids» tarkibida o‘ynaganida Roy Kin bilan to‘qnashib, unga og‘ir jarohat yetkazgan. Oqibatda Kin bir yil davolanishga majbur bo‘lgan. 2001 yilda esa «Manchester Siti» tarkibida o‘ynaganida Kin unga qarshi qo‘pol o‘ynab, jarohatlagan. Angliya matbuoti Kin undan qasos olish uchun ataylab qo‘pollik qilganini yozgan. 2003 yilda Alfi futbolchilik faoliyatini yakunlagan. Bunga aynan Kin tomonidan yetkazilgan jarohat sabab bo‘lgani haqida mish-mishlar bor. Ammo Alfi buni har doim rad qilib keladi.

Alfi faoliyati davomida «Nottinghem Forest», «Lids Yunayted» va «Manchester Siti» kabi klublarda o‘ynagan. Aynan Lidsda uning o‘g‘li Erling dunyoga keladi.

Ammo Erling hech qachon Angliya milliy jamoasi tarkibida o‘ynash haqida o‘ylamagan va ikkilanmasdan Norvegiya milliy jamoasini tanlagan.

«Siti»ning muxlisi sifatida tarbiyalandi

Lidsda tug‘ilgan bo‘lishiga qaramay, Holand bolaligidan otasi to‘p tepgan «Manchester Siti» klubi ishqibozi hisoblanadi.

Odatda futbolchilar qaysidir klub bilan shartnoma imzolasalar, odob nuqtayi nazaridan yoshligidan uning ishqibozi bo‘lganini aytishadi. Erling «Siti» bilan shartnoma imzolaganida ham bu gaplarni aytdi, ammo bu ayni haqiqat edi.

«Men Angliyada tug‘ilganman. Men butun umr «Siti»ga muxlislik qilganman. Men klub haqida ko‘p narsani bilaman. Shartnomani imzolash qarorim ikkita narsaga bog‘liq edi: bu yerda o‘zimni uydagidek his qilaman va «Siti»da o‘zimni rivojlantirib, imkoniyatimdan maksimal darajada foydalana olishimga ishonaman».

U sportchilar oilasida ulg‘aydi

Holandning nafaqat otasi, balki onasi ham sportchi bo‘lgan, ha u chinakam sportchilar oilasida ulg‘aydi. Onasi Gryu Marita Bryout geptatlon bo‘yicha Norvegiya chempioni edi.

Jahon rekordchisi

Qizig‘i shundaki, Erling yoshligida futbolda emas, balki yengil ateltikada nom qozonishga erishdi. U murabbiy Andre Ostgard qo‘l ostida sportning ushbu turi bilan shug‘ullangan.

5 yasharligida bolalar o‘rtasidagi musobaqada qatnashib, turgan joyda uzoqqa sakrash bo‘yicha jahon rekordini o‘rnatgan - 1,63 metr!

U boshqa sport turini tanlashiga sal qolgandi

Otasining so‘zlariga ko‘ra, Erling nafaqat yengil atletikada, balki boshqa sport turlarida ham o‘zini ko‘rsata olgan.

«Futboldan oldin boshqa sport turlariga qiziqar edi. Biz uni yengil atletikaga olib bordik. Erling 14 yoshigacha handbol, yengil atletika va chang‘i sporti bilan shug‘ullandi. Norvegiya milliy jamoasi bosh murabbiyi uning handbol bilan shug‘ullanishini xohlagandi», - deydi u.

Yaxshiyamki, u futbolni tanladi

Katta futbolga qadam bosishi uchun Holandga ko‘p vaqt kerak bo‘lmadi.

16 yoshli Erling «Bryun» klubining o‘smirlar jamoasi tarkibida 14 ta o‘yinda 18 ta gol urgach, o‘z yosh toifasidagi Norvegiya milliy jamoasidan chaqiruv oldi.

Bir o‘yinda to‘qqizta gol?!

Holand birinchi marta dunyo nashrlari sarlavhasiga 2019 yilda, 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi jahon chempionatida Hondurasni «qilichdan o‘tkazganida» tushdi.

Norvegiya guruhdagi so‘nggi o‘yinda 12:0 hisobida g‘alaba qozondi, Erling esa 9 ta gol urdi.

Qizig‘i shundaki, Norvegiya milliy jamoasi o‘shanda guruhdan chiqa olmaydi. Erling esa barcha gollarini faqat bitta o‘yinda urib, yakunda jahon chempionatinig eng yaxshi to‘purari sifatida «Oltin butsa»ni qo‘lga kiritadi.

Chempionlar ligasi rekordchisi

Norvegiyada «Bryun» va «Molde» klublarida ajoyib taassurot qoldirganidan so‘ng, Holand 2019 yil yanvar oyida Avstriyaning «RB Zalsburg» klubiga ko‘chib o‘tdi.

Chempionlar Ligasidagi ilk o‘yinida «Genk» (4:2) darvozasiga uchta to‘p yo‘lladi. Natijada ushbu musobaqadagi debyut o‘yinidayoq het-trik qayd etgan o‘ninchi futbolchi bo‘ldi.

Holand bu bilan to‘xtatmadi va Chempionlar Ligasidagi dastlabki 5 ta o‘yinning barchasida raqiblar davrozasini ishg‘ol qildi. Bunday natijaga tarixda faqat 4 futbolchi erishgan xolos.

Uyqudagi g‘alati odatlari

Holand «RB Zalsburg» tarkibida het-triklarni qalashtirib tashladi. An’anaga ko‘ra, futbolchilar het-trik qayd etilgan o‘yinlardagi to‘pni esdalik uchun olib ketishadi. Erlingda ulardan ancha-munchasi to‘planib qolgan.

«Ularni yotoqxonamga qo‘yaman, bu yaxshi uxlashimga sabab bo‘ladi», deydi Holand. «Ularga har kuni tikilib yotaman. Gol urish maroqli. «RB Zalsburg»dan 5 ta to‘pim bor. Ular mening do‘stlarim».

Bu Holand tan olgan yagona g‘alati odat emas. 2021 yildan boshlab, u Chempionlar Ligasi madhiyasidan budilnik qo‘ng‘irog‘i sifatida foydalanishni boshlagan.

«Bu mening qo‘ng‘irog‘im. Har kuni ushbu madhiya sadolari ostida uyg‘onaman, undan bezib ketmaganman. Shu sababli, kunim har doim quvnoq boshlanadi».

Uni ilhomlantirgan futbolchi

Pele, Maradona, Messi yoki Ronaldu emas. Yoshligida u ispaniyalik hujumchi Migel Peres Kuesta yoki «Michu» ishqibozi bo‘lgan. Unchalik mashhur bo‘lmagan futbolchi 2012-2015 yillarda «Suonsi» tarkibida 52 ta o‘yinda maydonga tushib, 20 ta gol urgandi.

Dortmunddagi aqlbovar qilmas debyuti

«RB Zalsburg» bilan Yevropani lol qoldirgach, Holand ko‘plab top-klublar taklifini rad etib, 2020 yil yanvarida Dortmundning «Borussiya» klubiga o‘tdi.

Butun dunyo nigohi uning debyutiga qaratildi, ammo sog‘lig‘idagi muammolar tufayli o‘yinni zaxira o‘rindig‘ida boshladi. «Augsburg»ga qarshi o‘yinda jamoasining 1:3 hisobida yutqazayotganini tomosha qilib o‘tirdi. So‘ngra maydonga tushdi. Keyin nima voqea yuz berganini ertakka o‘xshatish mumkin: 23 daqiqa ichida het-trik!

Eng noyob mukofoti

Holand 2020 yil qishda Bundesligada debyut qilib, yanvar oyida 2 ta o‘yinda jami 59 daqiqa o‘ynadi. «Augsburg» va «Kyoln»ga qarshi o‘yinlarda zaxiradan maydonga tushirildi va 5 ta gol urdi. Yakunda «oyning eng yaxshi futbolchisi» sovrinini qo‘lga kiritdi.

Uning raqamlari hayratga soladi

Holandning Dortmunddagi faoliyati yashin tezligida boshlandi. Bu esa keyingi o‘yinlari uchun tezlanishni bergan bo‘lsa ajab emas. U mavsumning birinchi yarmini 18 o‘yinda urilgan 16 ta gol bilan yakunladi. Ikkinchi mavsumida 27 marta, keyingisida 22 marta darvozabonlarni dog‘da qoldirdi.

Uning «Siti»ga o‘tishi tasdiqlanganida, Bundesliga rekordlari soni ko‘p edi:

- 25 ta gol marrasiga eng tez yetib olgan futbolchi;

- 50 ta gol marrasiga eng tez yetib olgan futbolchi;

- 50 ta gol urgan eng yaxshi yosh futbolchi;

- «Borussiya» tarkibida Bundesliga, Chempionlar Ligasi va Germaniya Kubogidagi debyutida gol urgan birinchi futbolchi;

- Bir o‘yinda to‘rtta gol urgan eng yosh futbolchi;

- Dastlabki ikki o‘yinda beshta gol urgan birinchi futbolchi;

- Maydonda o‘tkazilgan daqiqalar va gollar nisbatiga ko‘ra Bundesliga tarixidagi eng yaxshi futbolchi.

Ko‘proq yangiliklar: