Gruziya RFni Abxaziya va Janubiy Osetiyadan qo‘shinlarini olib chiqishga chaqirdi

Jahon 11:19 / 08.08.2022 12945

Rossiya-Gruziya urushidan 14 yil o‘tib, Moskva Gruziyaning bosib olingan hududlari - Abxaziya va Janubiy Osetiyada noqonuniy nazoratini kengaytirishda davom etmoqda. Bu haqda 7 avgust, yakshanba kuni avgust urushining 14 yilligi munosabati bilan Gruziya Tashqi ishlar vazirligi bayonot berdi.

«14 yillik bosqindan so‘ng Rossiya YeI vositachiligida 2008 yil 12 avgustdagi o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuvga rioya qilmayapti, bosib olingan hududlarda o‘zining noqonuniy nazoratini kengaytirmoqda, ularni harbiylashtirish jarayonini davom ettirmoqda, ularni haqiqiy annexia qilish yo‘lida faol qadamlar qo‘ymoqda», — deyiladi Gruziya TIV bayonotida.

Idora Janubiy Osetiya va Abxaziyada tikanli simlar joylashtirilgani, chegara chizig‘i bo‘ylab boshqa to‘siqlar o‘rnatilgani, noqonuniy hibsga olish va odam o‘g‘irlashlar, inson huquqlarining qo‘pol buzilishi va gruzin aholisiga nisbatan etnik kamsitish holatlari haqida ma’lum qildi. «Rossiya joylarda xavfsizlik, inson huquqlari va gumanitar vaziyatga putur yetkazmoqda hamda bosib olingan hududlarda yashovchi aholini Gruziyaning qolgan qismidan va xalqaro hamjamiyatdan ajratib qo‘yishga harakat qilmoqda», — deyiladi bayonotda.

Gruziya TIV RFni Gruziyaga qarshi «noqonuniy va provokatsion harakatlarni to‘xtatishga, mamlakat suvereniteti va hududiy yaxlitligini hurmat qilishga, 2008 yilgi kelishuv bo‘yicha majburiyatlarni bajarishga, Gruziyadan o‘z qo‘shinlarini olib chiqib ketishga va bosib olingan hududlarning mustaqilligini noqonuniy tan olish qarorini bekor qilish»ga chaqirdi. 

2008 yil avgust oyida Rossiya va Gruziya o‘rtasida bo‘lib o‘tgan besh kunlik urush natijasida Janubiy Osetiya Gruziyadan ajraldi, uning hududida xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinmagan «respublika» e’lon qilindi. 8 avgustdan 12 avgustgacha davom etgan harbiy harakatlarda 850 ga yaqin odam halok bo‘ldi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 120 mingga yaqin odam mojaro paytida o‘z uyini tark etishga majbur bo‘lgan. 

Urush Yevroittifoq vositachiligida va shaxsan YeIga raislik qilgan Fransiyaning o‘sha paytdagi prezidenti Nikolya Sarkozi tomonidan to‘xtatildi. Sarkozi rossiyalik hamkasbi Dmitriy Medvedev bilan birgalikda vaziyatni tinch yo‘l bilan hal qilish rejasini ishlab chiqdi. Hujjat oltita bandni, jumladan, qurolli kuchlarni harbiy mojaro boshlanishidan oldin egallab turgan pozitsiyalariga olib chiqishni o‘z ichiga olgan. 

Ayni paytda, Rossiya shu kungacha Abxaziya va Janubiy Osetiyadagi harbiy ishtirokini rejaning ushbu bandini bajarmagan holda saqlab kelmoqda. Bundan tashqari, Moskva ikkala mintaqani ham «suveren davlatlar» sifatida tan olgan. Dunyodagi barcha mamlakatlardan Abxaziya va Janubiy Osetiya mustaqilligini faqat Nikaragua, Venesuela, Suriya, mitti orol davlati Nauru tan oldi. 

Ko‘proq yangiliklar: