Arkadiy Dvorkovich Xalqaro shaxmat federatsiyasi prezidenti etib qayta saylandi

Jahon 08:21 / 08.08.2022 3444

Hindistonning Chennay shahrida bo‘lib o‘tgan Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) kongressida Rossiya bosh vazirining sobiq o‘rinbosari Arkadiy Dvorkovich FIDE prezidenti etib qayta saylandi. Koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashda mohir menejyer sifatida obro‘ qozongan va Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi tufayli Rossiya xalqaro sportdan chetlatilganidan keyin dadil qarorlar qabul qilgan Dvorkovich 179 ta milliy shaxmat assotsiatsiyasidan 157 tasi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi, deb xabar berdi FIDE 7 avgust, yakshanba kuni Twitter’dagi mikroblogida.

Shaxmat bo‘yicha besh karra jahon chempioni Vishvanatan Anand Dvorkovichning yangi o‘rinbosari etib saylandi. Dvorkovichning raqibi, shaxmat bo‘yicha jahon chempioni norvegiyalik Magnus Karlsenning murabbiyi Peter Xeyne Nilsen bilan birga kurashgan ukrainalik Andrey Barishpolets bor-yo‘g‘i 16 ta ovoz oldi. Kongress ishtirokchilarining besh a’zosi betaraf qoldi va bir ovoz bekor qilindi. 

Ovoz berish arafasida Barishpolets Arkadiy Dvorkovichni keskin tanqid qilib, uni Moskva «harbiy mashinasi»ning bir qismi deb atadi. «Siz, Arkadiy, hozir Ukrainada sodir bo‘layotgan voqealar uchun mas’ulsiz. Siz Rossiya hukumati va Rossiya harbiy mashinasini shakllantirish uchun javobgarsiz. Qanday qilib biz, shaxmat olami, bunga yo‘l qo‘ya olamiz?» — dedi u. 

Biroq, Dvorkovich «Ukrainadagi fojiali voqealar bo‘yicha qat’iy pozitsiyani egallashini va kengashning Rossiyaning FIDEdagi ishtirokini qisqartirish bo‘yicha barcha qarorlarini qo‘llab-quvvatlashini» aytdi. Mart oyida Dvorkovich Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini bilvosita tanqid qilib, Amerika OAVdan biriga bergan intervyusida «xayolan Ukraina tinch fuqarolari bilan birga» ekanini aytgan edi. «Urushlar nafaqat qimmatbaho hayotni o‘ldiradi. Urushlar umid va intilishlarni o‘ldiradi, munosabatlar va aloqalarni muzlatib qo‘yadi va yo‘q qiladi», dedi u. 

Keyinchalik Dvorkovich o‘z pozitsiyasini to‘g‘rilab, «natsizmga va ba’zi mamlakatlarning boshqalar ustidan hukmronligiga o‘rin yo‘q» deb ma’lum qildi. Bu so‘zlar Ukraina go‘yoki natsistlar tomonidan boshqarilayotganini da’vo qilayotgan va g‘arb davlatlarini Ukrainani Rossiya ta’sir doirasidan chiqarishga qaratilgan makkorona urinishlarda ayblayotgan Kremlni qo‘llab-quvvatlashning yashirin ifodasi sifatida ko‘rildi, deb yozadi AFP. 

Ko‘proq yangiliklar: