The Insider va Bellingcat ukrainalik asirni qiynoqqa solgan harbiyni topdi

Jahon 08:20 / 06.08.2022 10792

Bellingcat surishtiruv guruhi va The Insider videoda asirga olingan ukrainalik askarni qiynoqqa solgan, jarohatlagan va o‘ldirgan rossiyalik harbiyni topganini bildirdi. 5 avgust, juma kuni e’lon qilingan surishtiruv ma’lumotlariga ko‘ra, u «Ahmad» batalonidan bo‘lgan, Tuvada yashovchi 29 yoshli shaxs bo‘lib chiqdi.

Iyul oyi oxirida rossiyaparast Telegram-kanallarda Rossiya armiyasi ramzlari tushirilgan harbiy kiyimdagi erkaklar bog‘lab qo‘yilgan ukrainalik harbiy asirni qiynoqqa solayotgani, uning jinsiy a’zolarini kesib, so‘ng o‘ldirgani aks etgan videolar tarqaldi. To‘g‘ridan to‘g‘ri qiynoqlar va qotillik keng qirrali shlyapa kiygan odam tomonidan sodir etilgan. 

Videolarning sifatsizligi tufayli Bellingcat va The Insider surishtiruvchilari dastlab e’lon qilingan videolardagi tasvirlarni tahlil qila olmadi. Ularning shaxsi o‘ziga xos xususiyatlari - shlyapa va qo‘ldagi bilaguzuk tufayli aniqlandi. Jurnalistlar shunday shlyapa kiygan va bilaguzuk taqqan odamni Rossiya OAVlari tomonidan chop etilgan yana bir qancha sifatli videolarda, jumladan, RT va RIA «Novosti» tomonidan Severodonetskdagi «Azot» kimyo zavodidan olingan kadrlarda topdi. 

Ushbu videolardan ma’lum bo‘lishicha, shlyapali harbiy xizmatchi, ehtimol, «Ahmad» chechen batalonida xizmat qiladi, deya ta’kidlaydi surishtiruv mualliflari. Yuzni tanish onlayn-servislari yordamida jurnalistlar uning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarini topdi. Surishtiruv mualliflariga ko‘ra, qiynoqlar tasvirlangan videodagi shaxs tuvalik Ochur-Suge Mongushdir. 

Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalardan birida jurnalistlar Mongushning telefon raqamini topib, unga qo‘ng‘iroq qildi. Surishtiruv mualliflari bilan suhbatda u «Azot» zavodidan olingan videodagi shlyapali odam o‘zi ekanini tasdiqlagan, biroq qiynoqlar va qotilliklarga aloqasi yo‘qligini aytgan. Mongushning so‘zlariga ko‘ra, uning qiynoqlardagi ishtiroki aks etgan video uydirma bo‘lgan. 

Kadrlar ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘lgandan so‘ng, jurnalist do‘stlari unga qo‘ng‘iroq qilib, FXXga kelishni maslahat bergan, u yerda «ikki kun ushlab turib, videoning uydirma ekaniga ishonch hosil qilishdi», deydi Mongush. Aytilishicha, FXX unga «video Ukraina qurolli kuchlari tomonidan joylashtirilgani va u 10 yoshli bolani zo‘rlagan jinoyatchi topilganda, ukrainaliklar qo‘liga tushib qolgani»ni aytishgan. 

Shu bilan birga, Mongush jurnalistlarga «Ahmad» bataloniga aloqasi yo‘qligini va «hech qachon qo‘lida qurol ushlamaganini» aytdi. Shunga qaramay, surishtiruv mualliflari uni ushbu batalon jangchilari, shu jumladan Checheniston hududida olingan suratda topdi, uning «VKontakte» ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida esa Mongushning qo‘lida qurol bo‘lgan suratlari chiqib keldi.

«Mongushning tan olishi juda muhim: u bilan gaplashishdan oldin «Azot» zavodidan olingan «ahmadchilar» videosidagi shaxs videoda qiynoqlar bilan ko‘rsatilgan shaxs ekani aniqlandi, bu shaxs «Ahmad»da jang qilgan Mongushga o‘xshash bo‘lishi, «Ahmad»da mo‘g‘ullar ko‘rinishidagi ikkita juda o‘xshash odam jang qilgan bo‘lishi mumkin edi, ammo Mongushning «Azot» zavodidagi videoda shlyapali odam o‘zi ekanini tan olishi buni istisno qiladi», deb yozadi The Insider. 

Ukraina Bosh prokuraturasi video e’lon qilinganidan so‘ng urush qonunlari va odatlarini buzish moddasi bo‘yicha jinoiy ish ochdi. Ukraina Oliy radasining inson huquqlari bo‘yicha komissari Dmitriy Lubinets videoni Jyeneva konvensiyasini buzish ehtimoli bo‘lgan harbiy jinoyat uchun tekshirishga chaqirdi. Lubinets, shuningdek, BMT, Qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha Yevropa qo‘mitasi va Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasiga hisobotlar tayyorlanayotganini aytdi. 

Ko‘proq yangiliklar: