Rossiyada bir yarim oy ichida uchinchi olim davlatga xiyonat ishi bo‘yicha hibsga olindi

Jahon 08:55 / 06.08.2022 18258

Rossiya Fanlar akademiyasi Sibir bo‘linmasi (RFA SB) S.A.Xristianovich nomidagi Nazariy va amaliy mexanika instituti (NAMI) direktori Aleksandr Shiplyuk davlatga xiyonatda ayblanib, Novosibirskda hibsga olindi. Bu haqda 5 avgust, juma kuni Rossiyaning qator axborot agentliklari xabar berdi.

«Institutda tezkor tadbirlar o‘tkazildi. Ular bizning direktorimiz Aleksandr Nikolayevich Shiplyuk bilan bog‘liq. U hibsga olindi. Unga Maslov (ilgari hibsga olingan institut bosh ilmiy xodimi Anatoliy Maslov) bilan bir xil ayblovlar qo‘yilgan. Davlatga xiyonat», deya institut ilmiy direktori Vasiliy Fominning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda TASS. Unga ko‘ra, Shiplyuk Moskvadagi «Lefortovo» tergov izolyatoriga olib ketilgan. 

Aleksandr Shiplyuk - taniqli rossiyalik olim, RFA muxbir a’zosi, yuqori tezlikdagi aerogazodinamika va gaz oqimlarini o‘rganishning eksperimental usullari sohasidagi yirik mutaxassis, deyiladi uning institut saytidagi tarjimai holida.

RFA SB NAMIda Shiplyuk «Gipertovushli texnologiyalar» laboratoriyasini boshqargan hamda direktorning ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lgan. Institut saytidagi ma’lumotga ko‘ra, Shiplyukning asosiy ilmiy izlanishlari «aerofizik tadqiqotlarning eksperimental bazasi va usullarini ishlab chiqish», yuqori parvoz tezligida to‘lqin jarayonlarini o‘rganish, «gipertovushli uchar qurilmalarining eksperimental aerotermodinamikasi» bilan bog‘liq. 

Shiplyuk so‘nggi bir yarim oy ichida «davlatga xiyonat» moddasi bo‘yicha hibsga olingani ma’lum bo‘lgan uchinchi olimdir. 27 iyun kuni davlatga xiyonatda gumon qilinib, shu institutning bosh ilmiy xodimi Anatoliy Maslov hibsga olindi va «Lefortovo» tergov izolyatoriga joylashtirildi. Maslov gipertovush bilan bog‘liq va davlat siri hisoblangan ma’lumotlarni berib yuborganlikda gumonlanmoqda, deb yozdi TASS o‘zini oshkor etmagan suhbatdoshiga tayanib.

Shiplyukning hibsga olinishi haqida gapirgan Fomin, Maslov ishi bo‘yicha «Moskovskiy komsomolets» gazetasiga izoh berar ekan, institut xodimlari Rossiya hukumati ko‘rsatmasi bilan «chet ellik hamkasblari bilan hamkorlik qilishga majbur bo‘lganini» aytdi. «Xususan, Maslov Amerikaning «Boing»i bilan, xitoyliklar va nemislar bilan ishlagan. Endi esa olimlar aybdor bo‘lib qolyapti», - deydi Fomin. 

30 iyun kuni Novosibirskda RFA SB Lazer fizikasi instituti (LFI) ilmiy xodimi Dmitriy Kolker hibsga olindi. Olimga oshqozon osti bezi saratonining to‘rtinchi bosqichi tashxisi qo‘yilgan. Tashxisga qaramay, u xususiy klinikadan Moskvaga, «Lefortovo» tergov izolyatoriga o‘tkazildi. Kolker uch kundan keyin tergov izolyatorida vafot etdi. OAV xabarlariga ko‘ra, Maslov ham, Kolker ham Xitoyga maxfiy ma’lumotlarni taqdim etganlikda gumonlangan.

Ko‘proq yangiliklar: