Estoniya prezidenti Narvada T-34 tankiga o‘rnatilgan yodgorlikni demontaj qilishga chaqirdi

Jahon 11:09 / 06.08.2022 4845

Estoniyaning Rossiya bilan chegaradosh Narva shahrida T-34 tankiga o‘rnatilgan yodgorlik ayrim mahalliy aholining noroziligiga qaramay demontaj qilinishi kerak. Bunday fikrni 5 avgust, juma kuni Estoniya prezidenti Alar Karis bildirdi. «Agar yaqinda Narova qirg‘og‘idagi tank yoniga tarixni tushuntiruvchi belgi qo‘yishning o‘zi kifoya, deb o‘ylagan bo‘lsam, endi bu yetarli emas. Ikkinchi jahon urushi davridagi tankning o‘rni Narva hamda Narva-Yiesuu o‘rtasidagi yo‘lda emas, balki muzeyda», deya Estoniya rahbarining so‘zlarini keltirgan ERR teleradiokompaniyasi sayti.

Alar Karisning so‘zlariga ko‘ra, RF prezidenti Vladimir Putin buyrug‘i bilan boshlangan Rossiyaning Ukrainaga hujumi «Yevropadagi, jumladan Estoniyadagi ko‘plab Ikkinchi jahon urushi yodgorliklarining ma’nosini o‘zgartirdi». «Narova qirg‘og‘idagi T-34 tanki endi faqat 1944 yil voqealari - nemis qo‘shinlari chekinishi, Qizil Armiya hujumi, halok bo‘lgan askarlar va xorijiy hukmronlik ostida qolgan Estoniyani anglatmaydi. Ko‘plab estoniyaliklar uchun bu eski tank Rossiya qo‘shinlarining Ukraina shahar va qishloqlariga qilgan falokatli hujumlari ramziga aylandi. Men ham shunday deb o‘ylayman, sababi deyarli xuddi shunday tanklar Ukrainaga qanday og‘riq va qayg‘u keltirayotganini o‘zim ko‘rdim. Bunday ramziy narsa bizdagi jamoat joyiga to‘g‘ri kelmaydi», deya ta’kidladi prezident.

Bir kun avval Estoniya hukumati «imkon qadar tezroq» barcha sovet yodgorliklarini jamoat joylaridan olib tashlashga qaror qildi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, mamlakatda ularning soni 200 tadan 400 tagacha. Narvadagi T-34 tanki yodgorligiga alohida e’tibor berilgan. 90 foiz rusiyzabon aholiga ega shaharning ko‘plab fuqarolari yodgorlik buzilishiga qarshi, Estoniya bosh vaziri Kaya Kallas esa yodgorlikning muzeyga ko‘chirilishi ijtimoiy keskinlikni keltirib chiqarishi mumkinligidan xavotir bildirdi. Biroq Kallas hukumat operatsiya uchun «mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishi» kerak, deb hisoblaydi. 

Estoniya hukumati 2007 yilda Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan sovet askarlari yodgorligi - «Bronza askar»ning boshqa joyga ko‘chirilishi fonida boshlangan tartibsizliklar mamlakatda yana takrorlanishi mumkinligidan xavotirda. O‘shanda rusiyzabon aholining ommaviy namoyishlari natijasida bir kishi halok bo‘ldi. Estoniya TIV rahbari Urmas Reynsalu «tank bir oy ichida olib tashlanishi kerak», agar kerak bo‘lsa, buning uchun parlamentning navbatdan tashqari yig‘ilishini chaqirishi lozim, dedi. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar hukumat Narvadagi T-34 tanki bilan bog‘liq mojaroning cho‘zilib ketishiga yo‘l qo‘ysa, bu xuddi shunday oqibatlarga olib kelishi mumkin. 

Ko‘proq yangiliklar: