Ekspertlar: O‘zbekistonda meva yetishtirish yaqin yillarda suv tanqisligi tufayli jiddiy cheklanadi

O‘zbekiston 07:53 / 06.08.2022 14714

East-fruit’ning yozishicha, O‘zbekistonda ko‘plab yirik bog‘dorchilik loyihalari «noldan» amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, ko‘pincha qishloq xo‘jaligida ilgari foydalanilmagan va sug‘orish tizimlari mavjud bo‘lmagan yerlar o‘zlashtiriladi. Shuning uchun tadbirkorlar, odatda, bog‘larni sug‘orishni ta’minlash uchun 200 metr va undan ortiq chuqurlikdagi quduqlarni burg‘ilaydi. Hatto bunday chuqurlikda ham suv ko‘pincha o‘rtacha sifatga va yuqori tuz tarkibiga ega bo‘ladi, bu uni filtrlash uchun katta xarajatlar talab qiladi.

Bu yil O‘zbekistonda yoz faslidagi ob-havo anomal bo‘ldi. Ayrim hududlarda iyul oyida havo harorati uzoq vaqt davomida 45 daraja va undan yuqorida saqlanib qoldi. 

«O‘zbekistonda artezian suvlarining «oltin zaxirasi»dan ko‘p foydalanish jiddiy tashvish uyg‘otmoqda, chunki buning oqibatida ichimlik suvi tanqisligi yuzaga kelishi xavfi mavjud. Fermerlarning o‘zi quduqlar oqimi pasayishni boshlaganini tan olyapti, yaqinda esa matbuotda rasmiy manbalarga tayanib yetti viloyatda yerosti suvlari sathi 5 metrga pasaygani haqida xabar paydo bo‘ldi. Bu meva-sabzavot sanoati uchun juda yoqimsiz tendensiya va tahdidli vaziyatdan darak beradi», dedi BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) investitsiya departamenti iqtisodchisi Andriy Yarmak. 

Mutaxassisning fikricha, bu yaqin yillarda O‘zbekistonda meva-sabzavot yetishtirishning o‘sish sur’atlari sekinlashishi yoki hatto kamayishiga olib kelishi mumkin.

«Ta’kidlashni istardimki, O‘zbekistonda, shubhasiz, suvdan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha hali ham yaxshi zaxiralar mavjud, chunki bu yerda eng kam samarali va eng qadimgi ma’lum bo‘lgan sug‘orish usuli ommaviy ravishda qo‘llanilmoqda. Shu bilan birga, O‘zbekiston dehqonlari sug‘orish tizimini o‘rnatib qo‘ygan bo‘lsalar-da, suv tekin ekanini ta’kidlab, bog‘da eski usulda suvdan foydalanishini ba’zan ko‘rganman. Shubhasiz, agar suv «tekin» bo‘lishda davom etsa, unga bo‘lgan munosabat unchalik tejamkor bo‘lmaydi», - deydi FAO iqtisodchisi. 

Shu nuqtayi nazardan, suvdan samarali foydalanish texnologiyalari, bog‘dorchilikni iqlim o‘zgarishiga moslashtirish yaqin yillarda mintaqa davlatlari qatori O‘zbekiston bog‘bonlarining ham diqqat markazida bo‘lishi aniq. 

«Aytgancha, suv narxining ko‘tarilishi o‘zbekistonlik fermerlarga mahsulot sifatiga e’tibor qaratishga yordam beradi, bu esa uning qiymati va narxini oshirishda muhim ahamiyatga ega. Yuqori sifatli mahsulotlar yuqori narxlarga ega bo‘lgan talabchan bozorlarga chiqish imkonini beradi va dunyodagi eng beqaror hamda bashorat qilinadigan bozorga, ya’ni Rossiya bozoriga eksportga qaramlikni kamaytiradi. Hozircha, afsuski, o‘zbek mahsulotlarining asosiy afzalligi uning arzonligi, ammo bu juda nozik afzallik, chunki O‘zbekiston bozorlardan juda uzoqda joylashgan, demak, transport tushumning asosiy qismini «yeb» qo‘yadi, fermerga esa tiyinlar qoladi. Bu esa soha rivojiga hissa qo‘shmaydi», — deya xulosa qildi Andriy Yarmak. 

Ko‘proq yangiliklar: