BMT bosh kotibi dunyoni yadro qurolidan butunlay voz kechishga chaqirdi

Jahon 12:22 / 06.08.2022 6414

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish 6 avgust, shanba kuni Xirosima yadroviy bombardimon qilinganining 77 yilligi munosabati bilan Yaponiyada nutq so‘zlab, dunyoni yana bir bor yadro qurolidan butunlay voz kechishga chaqirdi. «Jiddiy yadroviy tusga ega inqiroz tez sur’atlar bilan tarqalmoqda - Yaqin Sharqdan Koreya yarim oroli va Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishigacha», - dedi Guterrish Xirosimadagi Tinchlik memorial bog‘idagi xotira marosimida. «Insoniyat o‘qlangan qurol bilan o‘ynashyapti», deb qo‘shimcha qildi u.

Guterrish Nyu-Yorkdagi Yadro qurollarini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnoma (YaTsh) amal qilishini ko‘rib chiqish bo‘yicha konferensiya ishtirokchilariga murojaat qilib, «kelajakka tahdid soluvchi» dunyo yadroviy arsenallarini zudlik bilan tugatishga chaqirdi. «Biz Xirosima dahshatlarini doim eslab qolishimiz va yadroviy tahdidning yagona yechimi yadro qurolining butunlay yo‘qligi ekanini tan olishimiz kerak», — dedi Guterrish.

BMT bosh kotibi 12 yil ichida birinchi marta Xirosimadagi atom bombasi qurbonlari xotirasiga bag‘ishlangan yillik tadbirda ishtirok etdi. Rossiya va Belarus vakillari taklif qilinmagan, deya ta’kidlaydi dpa agentligi.

Stokholm tinchlik muammolarini tadqiq qilish instituti (SIPRI) ma’lumotiga ko‘ra, 2021 yil boshida to‘qqizta davlat 13 080 ta yadroviy kallakka ega bo‘lgan bo‘lsa, 2022 yilga kelib bu raqam 12 705 taga kamaydi. Biroq, arsenalning kamayishi qurolsizlanish tufayli emas, balki AQSh va Rossiyada eskirgan tizimlarni olib tashlash bilan bog‘liq. Faol jangovar kallaklar soni yil davomida deyarli o‘zgarmadi. 

Rossiya Ukrainaga hujum qilgandan so‘ng, Rossiya prezidenti Vladimir Putin Rossiya tiyib turuvchi kuchlarini «maxsus jangovar tayyorgarlik rejimi»ga o‘tkazdi. «Bir paytlar aqlga sig‘maydigan yadroviy mojaro ehtimoli endi yana yuzaga keldi», dedi Guterrish urush boshlanganidan keyin. 

Ko‘proq yangiliklar: