AQShda fitna nazariyasi tarafdori 50 mln dollar jarimaga tortildi

Jahon 13:24 / 06.08.2022 6606

Maktabdagi ommaviy qotillik bilan bog‘liq yolg‘on gaplar Aleks Jonsga qimmatga tushdi. Amerikalik jurnalist va Trampning tarafdori 50 million dollarga yaqin tovon puli to‘lashga majbur bo‘ladi.

O‘ng radikal kayfiyatdagi amerikalik jurnalist, Infowars mediakompaniyasi egasi va turli fitna nazariyalari tarafdori Aleks Jons 2012 yil 14 dekabrda Konnektikut shtati Nyutaun shahridagi Sendi-Xuk maktabida yuz bergan otishma haqida yolg‘on ma’lumot tarqatgani uchun yana 45,2 mln dollar tovon puli to‘lashga hukm qilindi. Hukm 5 avgust, juma kuni Texasning Ostin shahrida hakamlar hay’ati tomonidan chiqarildi. Bir kun oldin Jons allaqachon 4 mln dollardan ortiq tovon puli to‘lashga hukm qilingan edi. Natijada, jarima miqdori qariyb 50 mln dollarni tashkil etdi.

Nyutaundagi Sendi-Xuk maktabidagi ommaviy qirg‘in paytida jinoyatchi o‘z joniga qasd qilishdan oldin 20 nafar bola va olti nafar yoshi katta kishini otib tashlagan. Shu bilan birga, Jons bir necha bor hech qanday hujum bo‘lmaganini da’vo qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, voqea AQShning qurol qonunchiligini kuchaytirish maqsadida yollangan aktyorlar tomonidan sahnalashtirilgan. Natijada, bir necha ota-onalar Jonsni sudga berishdi. 

O‘ta nufuzli o‘ng radikal kayfiyatdagi doiralar vakili va AQSh sobiq prezidenti Donald Trampning tarafdori Aleks Jons fitna nazariyalarini tarqatib, katta pul ishlab topgan. Xususan, u 2001 yil 11 sentabrda Nyu-Yorkdagi teraktlarda AQSh hukumati ishtirok etganini da’vo qilgan. 

Jons, shuningdek, Trampning prezidentlik saylovidagi mag‘lubiyati katta firibgarlik natijasi bo‘lgan degan yolg‘on da’vosini qo‘llab-quvvatladi. 2021 yil 6 yanvarda Trampning radikal tarafdorlari Kapitoliyga bostirib kirganida jurnalist ham Vashingtonda bo‘lgan. Ushbu ish doirasida u Kapitoliyga bostirib kirishni tergov qiluvchi parlament komissiyasi tomonidan yopiq eshiklar ortida so‘roq qilindi. 

Aprel oyida Jons o‘zining Infowars mediakompaniyasini bankrot deb e’lon qildi. O‘tgan hafta esa u o‘ziga tegishli bo‘lgan yana bir kompaniya - Free Speech Systems bankrotligini e’lon qildi. 

Ko‘proq yangiliklar: