AQSh, Yaponiya va Avstraliya XXRni Tayvan yaqinidagi mashqlarni to‘xtatishga chaqirdi

Jahon 07:59 / 06.08.2022 10589

AQSh davlat kotibi Entoni Blinken, Avstraliya va Yaponiya tashqi ishlar vazirlari Penni Vong va Xayashi Yosimasa AQSh Kongressi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosining Tayvanga yaqinda qilgan tashrifi fonida Xitoyning ballistik raketalar uchirishini qoralab, Xitoyni harbiy mashg‘ulotlarni to‘xtatishga chaqirishdi. Qo‘shma bayonot 5 avgust, juma kuni AQSh Davlat departamenti saytida e’lon qilindi.

Hujjatga ko‘ra, Vashington, Kanberra va Tokio «Xitoyning xalqaro tinchlik va barqarorlikka jiddiy putur yetkazadigan, jumladan, keng ko‘lamli harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazishi bilan bog‘liq so‘nggi harakatlaridan xavotir bildirgan». Xitoy ballistik raketalarni uchirgach, ulardan beshtasi Yaponiyaning maxsus iqtisodiy zonalariga kelib tushdi, bu esa Hind-Tinch okeani mintaqasida keskinlik va beqarorlikning kuchayishiga olib keldi, deyiladi bayonotda. 

Bundan tashqari, uch mamlakat tashqi ishlar vazirlari «Tayvan bo‘g‘ozida tinchlik va barqarorlikni saqlashga sodiqligini yana bir bor tasdiqladilar» va «noto‘g‘ri pozitsiyadan qochish uchun mintaqaning diplomatiyaga intilishini qo‘llab-quvvatlashlarini» e’lon qilishdi. 

Nensi Pelosi 2 avgust kuni Tayvanga bir kunlik tashrif uchun uchib keldi. U 25 yil ichida Pekin mustaqilligini tan olmaydigan va Xitoy provinsiyalaridan biri deb hisoblangan orolga tashrif buyurgan AQSh Kongressi Vakillar palatasining birinchi spikeri bo‘ldi. 

Oq uy va Pelosining o‘zi Tayvanga tashrif Vashington mustaqilligini tan olmaydigan Tayvanga nisbatan AQSh siyosatining o‘zgarishini anglatmasligini ta’kidladi. Rasmiy Pekin shunga qaramay, bunday tashrifni keskin tanqid qildi va Pelosi ketganidan keyin Xitoy armiyasi orol hududida avval e’lon qilingan havo va dengiz harbiy mashg‘ulotlarini boshladi. Tayvan Mudofaa vazirligi Xitoy manyovrlarini o‘ta provokatsion deb atadi va yerusti raketa tizimlari joylashtirilishini e’lon qildi. 

Pekin amerikalik siyosatchi tashrifidan so‘ng Tayvan bilan savdo-sotiqni qisman to‘xtatdi. Xitoy Tashqi ishlar vazirligi XXR AQSh bilan iqlim o‘zgarishi, giyohvand moddalarni nazorat qilish, transmilliy jinoyatchilik, jinoiy ishlar bo‘yicha huquqiy yordam va noqonuniy muhojirlarni vataniga qaytarish kabi qator sohalarda hamkorlikni to‘xtatayotganini ma’lum qildi. Xitoy Pelosining o‘ziga va uning oila a’zolariga «Xitoyning ichki ishlariga aralashgani» va «mamlakatning hududiy yaxlitligini» buzganini aytib, sanksiyalar kiritdi.

Ko‘proq yangiliklar: