AQSh davlat kotibi Blinken Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyatni yumshatishga chaqirdi

Jahon 08:24 / 06.08.2022 8786

AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyatning keskinlashuvi yuzasidan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda 5 avgust, juma kuni AQSh Davlat departamenti matbuot xizmati ma’lum qildi.

Aliyev bilan suhbatda Blinken «Tog‘li Qorabog‘ mojarosi bilan bog‘liq yoki undan kelib chiqadigan muammolarni hal qilish uchun Ozarboyjon va Armaniston o‘rtasida keskinlikni pasaytirish hamda to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot o‘tkazishga chaqirdi». AQSh davlat kotibi Pashinyan bilan suhbatda Armaniston bosh vazirini Vashington «Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyatni diqqat bilan kuzatib borayotgani»ga ishontirdi, shuningdek, tomonlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqotga chaqirdi, deya ma’lum qildi AQSh tashqi siyosat idorasi.

Tog‘li Qorabog‘dagi arman-ozarboyjon mojarosi 3 avgust kuni Armaniston va o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Tog‘li Qorabog‘ respublikasini bog‘lovchi Lochin yo‘lagi hududida janglar boshlanganidan keyin keskinlashdi.

O‘sha kuni Ozarboyjon Mudofaa vazirligi 3 avgust kuni ertalab Lochin tumanida «noqonuniy arman qurolli guruhlari a’zolari» tomonidan o‘qqa tutilishi natijasida bir ozarboyjon askari halok bo‘lganini ma’lum qildi. Bunga javoban Ozarboyjon qo‘shinlari «Qasos» operatsiyasini boshladi, uning doirasida «Girxg‘iz, Saribaba cho‘qqilari va Kichik Kavkaz tog‘ tizmasining Qorabog‘ yo‘nalishi bo‘ylab bir qator boshqa muhim balandliklar nazorat ostiga olindi», — deyiladi harbiy idora xabarida.

Boku va Yerevan bir-birini Tog‘li Qorabog‘ mojarosi hududida uch tomonlama o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi bandlarini buzganlikda aybladi. Ozarboyjon Tashqi ishlar vazirligi Armaniston harbiy-siyosiy rahbariyati «haligacha qo‘shni davlat hududidan noqonuniy arman qurolli tuzilmalarini olib chiqib ketishni ta’minlamaganini» ta’kidladi. Bunga javoban Armaniston TIV Ozarboyjon «Tog‘li Qorabog‘ aholisini qo‘rqitish, etnik tozalash va tan olinmagan respublikani «o‘rmalab bosib olish» bo‘yicha oldindan rejalashtirilgan siyosatni davom ettirayotganini ta’kidladi.

Yevropa ittifoqi rasmiylari Tog‘li Qorabog‘dagi mojaro tomonlarini zudlik bilan harbiy harakatlarni to‘xtatib, muzokaralarni davom ettirishga chaqirdi.

Yerevan va Boku o‘rtasidagi mojaro 2020 yilning yozida avj olgan. 27 sentabrdan 9 noyabrgacha Armaniston va Ozarboyjon o‘rtasida asosan armanlar istiqomat qiladigan Tog‘li Qorabog‘ uchun urush yuz berdi. Natijada Ozarboyjon mintaqaning salmoqli qismini o‘z nazoratiga qaytardi. Rossiya vositachiligida Yerevan va Boku sulh to‘g‘risida shartnoma imzoladi hamda Rossiya tinchlikparvar kuchlari chegara chizig‘iga olib kelindi. Shunga qaramay, mintaqada taranglik davom etmoqda.

Tog‘li Qorabog‘ SSSR parchalanganidan keyin bir tomonlama ravishda Ozarboyjondan mustaqilligini e’lon qildi. Hech bir davlat o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan Tog‘li Qorabog‘ Respublikasining mustaqilligini tan olmadi. Mojaroni tinch yo‘l bilan hal etishga qaratilgan muzokaralar jarayoni YeXHTning Minsk guruhi shafeligida, Rossiya, Fransiya va AQSh hamraisligida olib borilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: