Amnesty International’ning Ukrainadagi ofisi rahbari UQK haqidagi hisobotdan so‘ng ishdan bo‘shadi

Jahon 08:41 / 06.08.2022 10252

Amnesty International (AI) inson huquqlari tashkilotining Ukrainadagi vakolatxonasi direktori Oksana Pokalchuk inson huquqlari faollari Ukrainani insonparvarlik qonunlari va urush olib borish qoidalarini buzganlikda ayblagan AI hisoboti e’lon qilingan kunning ertasiga ishdan bo‘shaganini e’lon qildi. Pokalchuk o‘z qarori haqida 5 avgust, juma kuni Facebook’dagi sahifasida yozgan. 

«Buni tan olish menga og‘ir, lekin Amnesty International rahbariyati va men qadriyatlar borasida kelisha olmadik. Shuning uchun men tashkilotni tark etishga qaror qildim. Jamiyat manfaati uchun har qanday ish mahalliy sharoit va fikrlashni hisobga olgan holda amalga oshirilishi kerak deb hisoblayman», deya u qarorini tushuntirdi. 

«Hamma narsa byurokratiya devoriga va til to‘sig‘iga urildi. Agar siz bosqinchilar kirib olgan va parchalanib ketayotgan mamlakatda yashamasangiz, siz armiyani qoralash nimani anglatishini tushunmasangiz kerak. Hech bir tilda bu og‘riqni boshidan kechirmagan odamga yetkaza oladigan so‘z yo‘q», — deb yozgan Pokalchuk. 

Pokalchuk so‘nggi daqiqagacha tashkilotning Ukrainadagi vakolatxonasi o‘z fikrini Amnesty’ga yetkaza olishiga umid qilganini tan oldi. «Kecha men hammasini tuzataman degan sodda umidda edim. Bu matn o‘chiriladi va boshqasi bilan almashtiriladi. Bugun men bunday bo‘lmasligini angladim», deb yozadi u. 

Ukrainadagi ofis «so‘nggi kunlarda», uning so‘zlariga ko‘ra, «tashkilot ichida tushuntirish ishlarini faol olib bordi». «Ukraina va ukrainaliklarning pozitsiyasi eshitilishi uchun men dunyoning o‘nlab mamlakatlaridagi Amnesty vakillari bilan gaplashdim. Shuningdek, yuqori rahbariyat bilan bir necha bor suhbatlashdim, afsuski, hozirgi vaziyatda ular tashkilotda ishlayotgan odamlar manfaatlarini himoya qilish uchun tegishli choralarni ko‘rmadi», - deya ta’kidladi Pokalchuk. 

Huquq himoyachisi o‘z murojaatida tashkilot o‘z hisobotida har ikki tomon fikrini bildirishi va Ukraina Mudofaa vazirligi pozitsiyasini hisobga olishi kerakligini aytdi. «Ta’kidlaganimizdek, Amnesty International vakillari oxir-oqibat Mudofaa vazirligiga so‘rov bilan murojaat qildi, biroq javob uchun juda oz vaqt berdi», dedi u. Uning so‘zlariga ko‘ra, natijada olingan hisobot «rus pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlagandek tuyuldi» va «rus propagandasi vositasiga aylandi». 

Amnesty International 4 avgust kuni «Ukraina urushi taktikasi tinch aholini xavf ostiga qo‘yyapti» deb nomlangan hisobotini e’lon qildi. Unda huquq himoyachilari Ukraina qurolli kuchlari bo‘linmalari turar joylar, maktablar va kasalxonalar hududida bir necha bor o‘z texnikalarini joylashtirgani va ushbu pozitsiyalardan o‘q uzgani, bu tinch aholi uchun xavf tug‘dirayotganini ta’kidlagan. 

Aprel-iyun oylarida AI ekspertlari RF QKning Xarkiv, Donetsk va Mikolaiv oblastlarida shahar va qishloqlarni o‘qqa tutganini bir necha hafta davomida tekshirishdi. Mahalliy aholi ko‘rsatmalari va sun’iy yo‘ldosh tasvirlari tahlili shuni ko‘rsatdiki, UQK ko‘rsatilgan davr mobaynida kamida 19 ta aholi punktining turar joylarida joylashgan bo‘lib, ulardan Rossiya pozitsiyalariga o‘q uzgan va shu tariqa mahalliy aholini xavf ostiga qo‘ygan. Shu bilan birga, ekspertlar ukrainalik harbiy xizmatchilar tinch aholidan ushbu hududlarni tark etishni so‘ragani yoki bunday evakuatsiyada ularga yordam bergani bo‘yicha hech qanday dalilga ega bo‘lmagan. 

Amnesty International mojaroning har ikki tomonini jangovar harakatlar paytida tinch aholi halok bo‘lmasligi yoki jarohatlanmasligi uchun hamma narsani qilishga chaqirdi. Xususan, «Ukraina hukumati zudlik bilan o‘z qurolli kuchlarini turar joylardan uzoqroqqa joylashtirayotgani yoki u yerda harbiy amaliyotlar o‘tkazilsa, bunday hududlar aholisi evakuatsiya qilinishiga ishonch hosil qilishi kerak», dedi xalqaro inson huquqlari tashkiloti bosh kotibi Anes Kalamar.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy hisobotga izoh berar ekan, Amnesty International «terrorchi davlatni amnistiya qilishga va javobgarlikni tajovuzkordan jabrlanuvchiga o‘tkazishga harakat qilmoqda», deb ma’lum qildi. «Rossiyaning Ukrainaga bergan har qanday zarbasini oqlash mumkin bo‘lgan birorta ham shart yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas. Agar kimdir jabrlanuvchi va tajovuzkor qaysidir ma’noda bir xil ekani haqida xabar bersa, jabrlanuvchi va tajovuzkorning o‘sha paytda qilgan ishlari e’tibordan chetda qolsa, bunga chidab bo‘lmaydi», dedi Zelenskiy. 

«Hisobot voqelikni buzib ko‘rsatadi, tajovuzkor va jabrlanuvchi o‘rtasida yolg‘on ma’naviy tenglikni keltirib chiqaradi va Rossiyaning dezinformatsiya harakatlariga hissa qo‘shadi», deb yozgan tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba. 

Ukraina prezidenti ofisi rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak xalqaro huquq faollarini qurol yetkazib berishni to‘xtatish maqsadida RF tomonidan Ukraina qurolli kuchlarini obro‘sizlantirish bo‘yicha tashkil etilgan kampaniyada qatnashishda aybladi. «Ukrainaliklar hayotiga tahdid solayotgan yagona narsa - bu Ukrainaga genotsid sodir etish uchun kelgan jallodlar va zo‘ravonlardan iborat Rossiya armiyasidir. Bizning himoyachilarimiz o‘z xalqi va oilalarini himoya qilmoqda», - deb yozdi Podolyak Twitter’da.
 
Britaniyaning Ukrainadagi elchisi Melinda Simmons hisobotni tanqid qildi. «Ukrainaning tinch aholisiga tahdid solayotgan yagona narsa - bu Rossiya raketalari, qurollari va talon-toroj qiluvchi qo‘shinlari. Agar Rossiya Ukrainaga bostirib kirishni to‘xtatsa, hech qanday xavf bo‘lmasdi», - dedi u.

Amnesty International tanqidga javoban hisobotning xulosalari «Amnesty International’ning barcha faoliyati kabi qat’iy standartlar va tegishli tekshirish tartib-qoidalariga muvofiq olib borilgan tergovlardan to‘plangan dalillarga asoslangan»ligini bildirdi.

Ko‘proq yangiliklar: