O‘zbekistonda yiliga 7 million tonna maishiy chiqindi chiqadi. Ularning bor-yo‘g‘i 26 foizi qayta ishlanadi

O‘zbekiston 19:20 / 05.08.2022 8074

5 avgust kuni bo‘lib o‘tgan Senat yalpi majlisida 2022 yilgi davlat dasturining I yarim yillikdagi ijrosi yuzasidan hukumat hisoboti eshitildi. Majlisda senatorlar hukumatdan chiqindilarni yig‘ish va qayta ishlash masalasi dasturida belgilangan ishlar qay tarzda ketayotgani haqida so‘radi.

Savolga Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Umarbek Xalilov javob berdi.

“Haqiqatan ham, davlat dasturining 292-bandida maishiy chiqindilarni yig‘ishni 100 foizga, uni qayta ishlashni 21 foizdan 50 foizga yetkazish bo‘yicha talab belgilangan. Bu vazifalarning ijro mexanizmini qaraydigan bo‘lsak, alohida dastur ishlab chiqib, kelasi 5 yilda amalga oshirish belgilanganini ko‘rish mumkin.

Bugungi kunda respublikada yil davomida 7 million tonna maishiy chiqindi chiqadi. 307 ta qayta ishlovchi korxonalar tomonidan ularning bor-yo‘g‘i 1,8 million tonnasi yoki 26 foizi qayta ishlanadi. Undan 1400 tonna mahsulot ishlab chiqariladi. Yil yakuniga qadar buni ellik foizga chiqarish imkoniyati yo‘q.

Shuningdek, 2022 yil 2 fevral kuni prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan o‘tkazilgan yig‘ilishda maishiy chiqindilarni yig‘ishni 95 foizga, qayta ishlashni 40 foizga yetkazish bo‘yicha 2022-2025 yillarga mo‘ljallangan «Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish va aholi hududlarida tozalikni ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaror loyihasi ishlab chiqilib, tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishildi va Vazirlar Mahkamasiga kiritildi.

Unga asosan 2022-2025 yillarda:

  • 29 ta maishiy chiqindi poligonlarini rekonstruksiya qilish;
  • 437 ta chiqindilarni yig‘ish maydonchalarini qurish;
  • 26 ta qurilish chiqindi va poligonlarini qurish va jihozlash;
  • 18 ming 867 ta konteynerlarni xarid qilish;
  • 60 ta tibbiyot uchastkalarini qurish va texnik vositalar bilan ta’minlash;
  • 38 ta qayta yuklash stansiyalarini qurish, ularni 164 ta maxsus texnika va 181 ta yirik hajmli konteynerlar bilan ta’minlash;
  • 40 ta chiqindi saralash uskunalarini o‘rnatish maqsad qilib olingan.

Mana shu tadbirlarning amalga oshirilishi natijasida [maishiy chiqindini qayta ishlashni] 40 foizgacha yetkazish bo‘yicha oldimizga maqsad qilib qo‘yganmiz. Prezidentimiz tomonidan ushbu hujjat imzolangach bu ishlarni amalga oshirishimiz mumkin.

Haqiqatan ham bugungi kunda tibbiyot chiqindilari bo‘yicha judayam muammolarimiz ko‘p. Shuning uchun, bu 60 ta tibbiyot uchastkasini qurish natijasida tibbiy chiqindilarning utilizatsiyasi masalasi ko‘rib chiqiladi”, – deya Ekoqo‘m mas’ulining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Umarbek Halilovning qo‘shimcha qilishicha, maishiy chiqindilarni 100 foiz yig‘ib olish haqida fikrlar samaradorlik nuqtayi nazaridan haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi mumkin. Shuning uchun bu borada 95-96 foizlik marra qo‘yilgan.

Ko‘proq yangiliklar: