Hojatxonadan ushlab ketilgan erkak, pampersga ketib qamalayozgan ota - Miranda qoidalari nima uchun muhim?

O‘zbekiston 19:39 / 05.08.2022 39511

Bu nima uchun muhim?

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2022 yil 20 iyunda Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuvda gumonlanuvchi shaxs qo‘lga olinganda, unga huquqlarini tushuntirish bo‘yicha qoidani konstitutsiya darajasida mustahkamlashni taklif etgandi.

Ta’kidlash joizki, shaxsni ushlash chog‘ida uning huquqlari va ushlanish asoslari unga tushunarli tilda tushuntirilishi JPK 224-moddasida belgilangan. Biroq xalq qabulxonalariga kelayotgan ko‘plab murojaatlar tahlili huquq-tartibot organlari tomonidan shaxs qo‘lga olinganida, u nima uchun ushlangani va qanday huquqlarga ega ekani tushuntirilmasligini ko‘rsatgan.

Bu holatlarning oldini olish maqsadida O‘zbekistonning bosh qonuniga ko‘plab davlatlarning Konstitutsiya va qonunlarida hamda inson huquqlariga oid xalqaro hujjatlarida aks etgan “Miranda qoidasi”ni ifodalovchi norma kiritilmoqda.

“Miranda qoidasi”ga binoan, ushlanadigan shaxs sukut saqlash, aytgan har qanday narsa sudda unga qarshi ishlatilishi mumkinligi, so‘roq jarayonida o‘zi yollagan yoki davlat tomonidan taqdim etiladigan advokat ishtirokini talab etish hamda o‘z huquqlarini tushunishi haqida ogohlantirilishi lozim.

Mazkur talab BMTning 1966 yil 16 dekabrdagi Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi Xalqaro paktining 9-moddasida belgilangan. Unga asosan hibsga olingan har bir kishiga hibsga olish chog‘ida uning hibsga olinishi sabablari aytiladi va darhol unga qo‘yilgan har qanday ayblov ma’lum qilinadi.

“Miranda qoidasi” institutini konstitutsiya darajasida belgilash tezkor-qidiruv faoliyati hamda jinoyat protsessida fuqarolar huquq va erkinliklarini yanada kafolatlash, ularning huquqlarini poymol qilishning oldini olishga, davlatimizda huquq ustuvorligi g‘oyasini ta’minlashga sharoit yaratadi.

«Hojatxonada ushlangan jinoyatchi»

Bloger Otabek Bakirov Telegram-kanalida Miranda qoidalarining ahamiyati haqida to‘xtalib, yaqin do‘sti bilan ro‘y bergan kulgili voqea haqida yozdi.

“Yaqin oshnamni bir safar «formali akaxonlar» Qo‘yliqdagi mardikorlar mahallasidan ushlab ketishadi. «Hovlida turardim. Hojatxonadan chiqsam ikkita formali melisalar turibdi, ha desam, hujjatingiz deydi. Qanaqa hujjat, ko‘rmayapsanmi, qayerdan chiqqanimni, endi hojatxonagayam pasport ko‘tarib kiraymi deganimni bilaman, shimimning kamaridan ko‘tarib avtobusga tiqib opketishdi», deb eslaydi sho‘rlik. Rosa kulishdik.

O‘zi aslida, JPK 224-moddasiga ko‘ra, militsiya xodimi kimnidir to‘xtatib tekshirsa, nega to‘xtatgani, qanaqa huquqi borligi va h.k.larni tushuntirishi kerak. Lekin ming afsuski, bizda bu qonunlar ishlamaydi. Yo ko‘rganmisiz ushlangan odamning birorta huquqi tushuntirilganini? Rahm qilsa, kamaridan ushlab ko‘taradi, rahm qilmasa, nimalar qilishini o‘zingiz bilasiz.

Baribir, shu narsalarni ana, falon qonunda bor-ku demasdan Konstitutsiyagayam kiritib qo‘yaverish shartga o‘xshaydi. Odamlar o‘zlari taklif qilib, o‘zlari muhokama qilib, o‘zlari ovoz bergan hujjatning ishlashiniyam o‘zlari talab qilib olishlariga juda qattiq umid qilaman. Noumid shayton”, deya ta’kidlaydi Bakirov.

Pampersga ketib qamalayozgan ota

Otabek Bakirovning bu posti bir qator jurnalist va blogerlarni yaqin o‘tmishda o‘zlarining boshidan kechgan voqealarni yodga olishga undadi. Jumladan, jurnalist Aziza Qurbonova oila a’zolari bilan ro‘y bergan kechmishni shunday tasvirlaydi:

“7-8 yilcha bo‘ldi bunga. Bir kuni turmush o‘rtog‘im soat 23.00 larda bolamizga “pampers” olib kelgani do‘konga chiqib ketdilar. 10 minut o‘tdi-yo‘qlar, yarim soat o‘tdi-yo‘qlar, ancha vaqtgacha kelavermadilar. Telefon qilay desam, zaryadga qo‘yilgan holda uyda qolgan ekan. Xavotirga tushdim. Bola bilan ko‘chaga chiqolmayman. Allamahalda jig‘ibiyronlari chiqib qaytib keldilar.

– Tinchlikmi, nima bo‘ldi?

– Magazin qidirib Farhod bozori tomon ketayotsam, reyd bo‘layotgan ekan. Ikki militsioner pasport ko‘rsating, bo‘lmasa biz bilan uchastkaga yurasiz, shaxsingizga aniqlik kiritamiz, deydi. Nimaga, men magazinga chiqdim, yonimda pasport olib chiqmayman-ku deb 1 soat tortishdim. Uchastkaga borib barmoq izimni olib qolarmish, sababi noma’lum!

Turmush o‘rtog‘im o‘z huquqini bilgani holida qancha asabbuzarlik bilan mash’um Otayo‘lga chiqmay, uyga omon qaytib kelgandilar”, deb yozadi u.

«Daydilikda gumon qilinganlar»

Jurnalist Ahmadjon Yusupovning xotirasi undan ham qiziq. U hech qanday huquqbuzarlik sodir etmay turib tug‘ilgan kunini panjara ortida qarshi olishiga bir baxya qolgani haqida hikoya qilgan.

“Yo 2009 yo 2010 yil, 3 iyul kuni edi. Sana esimda qolgani — tug‘ilgan kunim edi, yaqin oshnam bilan Chorsuga bozorlik qilishga bordik. O‘sha paytlar Chorsu go‘sht bozorining oldida sal naridagi mardikor bozoridagilarni tutib ketish uchun panjara bilan o‘ralgan avtobus turardi.

Taksidan tushishimiz bilan melisalarga duch keldik. Ikkovimiz ham TVda ishlaymiz, tushuntirmoqchi bo‘ldim, lekin bizni birov eshitmadiyam. Shunchaki hujjat so‘radi, u yo‘qligini bilgach, sudrab oborib avtobusga tiqdi.

Avtobus to‘la mardikor yigitlar. Ular o‘rganib ketishgan shekilli, askiya avjida. Kelinglar-kelinglar deb xuddi mehmonni kutvoganday kutvolishyapti bizni. Rosa asabiylashyapman, jo‘ramga qarasam u xotirjam. Ha desam, jim o‘tir, befoyda baribir deydi.

RUVDga oborishdi. Qo‘ylarni qo‘raga qamaganday bir panjara bilan o‘ralgan joyga tiqishdi. Birin-ketin ro‘yxatga olishyapti. Bizga navbat kelganda ro‘yxatni sarlavhasini o‘qisam «Daydilikda gumon qilinganlar ro‘yxati» deb yozilgan ekan. Jo‘ramga ko‘rsatib, ikkovimiz bugundan boshlab jurnalist emas, daydilikda gumon qilinganlarmiz dedim))).

Ko‘p o‘tmay kattaroq odamni topib tug‘ilgan kunim ekani, aslida daydi emas, jurnalistlar ekanimizni amallab tushuntirdik. U paytlar jurnalistlarni birov bir tiyinga olmasdi, shunday bo‘lsayam xayriyat, yo tushundi, yo rahmi keldi, ishqilib eshikdan chiqarib qo‘yib, suringlar dedi, mingga qo‘yib qochdik. Haligacha mavzu ochilsa, sen daydilikda gumon qilingansan deb bir-birimizning ustimizdan kulamiz”, deydi muallif.

Chorsu bozoridan ushlab ketilgan jurnalist

Xizmat guvohnomasi ishxonasida qolgan jurnalist Bobur Jalolov Chorsu bozoridan jinoyatchiday ushlab ketilganini so‘zlab berdi.

“Adashmasam, 2009 yil edi, "Ma’rifat" gazetasida ishlardim, hali yangiman, lekin guvohnomam bor edi. Olib yurishga erinib, uni ishxonaga tashlab ketardik. Bu voqeadan keyin doim yonimda ko‘tarib yuradigan bo‘ldim.

Chorsuda kvartirada yashardim. Tushga yaqin o‘qishdan chiqib, uyga o‘tib, u-bu narsa yeb, metro bilan ishga borishni reja qildim. Bilasiz, Chorsudagi metroga bozor orqali o‘tiladi. Odamlar oralab yura boshladim.

Ko‘kaldosh masjidi yonida ichki ishlarning saqlashxonasimi, hibsxonasimi bo‘lardi, hozir bormi-yo‘qmi, bilmayman. U paytda ham bexabar edim, toki o‘zim tushmaguncha.

Bir payt ikki melisa ro‘paramdan chiqib, hujjat so‘radi. Rostini aytaman, bunday vaziyatga birinchi yo ikkinchi marta tushishim emasdi, oldinam talabalikda ko‘p ushlab ketishgan. Shuning uchun melisani ko‘rsam, bekinib yurardim (qarang, o‘z yurtimda bizni himoya qilishi kerak bo‘lgan odamlardan qochardik, qo‘rqardik).

Hujjatim yo‘q, aytganimdek, ishxonada qolgan. Ular meni boyagi joyga olib borishdi. Bir mikroavtobusda yana boshqalar ham bor ekan, IIV saytida ho‘v birda aytilganidek, hammasi – “viloyatlikka o‘xshab kiyinganlar”. Men ham ularning orasiga qo‘shildim.

Haydovchi orqaga bir qarab: “Bo‘ldimi, ketamizmi?” dedi. “Yo‘q, yana 2-3 ta ushlab kelaylik, keyin yuramiz”, dedi bamaylixotir boyagi ikkovlon va chiqib ketishdi.

Taxminan yarim soatcha kutib o‘tirdik. Nihoyat mikroavtobus “to‘ldi” va biz ham yurdik. Avvalgi ushlangan paytlarimdagi tajribadan kelib chiqib, telefonim yo‘qligini aytib, uni yashirib olgandim. O‘ziyam kichkinagina edi.

Samarqand darvozadagi ROVDga olib borib, panjara ortiga tiqishdi. Tashqariga chiqib ketishgach, botinka ichiga, oyog‘imning tagiga yashirgan telefonni oldim (ustalikni ko‘ryapsizmi, kinolardan o‘rganganman). Ishxonadagi Shohrux ismli ham do‘stim (ham hamkasbim)ga SMS yozdim: ushlab ketishgani, ROVDdaligim va hujjatimni olib kelib, meni qutqarishini.

Adashmasam, bir soatcha panjara ortida o‘tirdim. Orada melisa akalarimizdan rahm qilishlarini so‘rab turdim, xuddi foyda beradigandek. Nihoyat bitta qorindori kelib, tez harakatlar bilan meni ozod qildi. Tashqariga chiqsam, Shohrux turibdi. Hujjatimni ko‘rsatib, meni olib ketdi. Melisalar tipirchilab, uzr ham so‘rashdi.

Hayron bo‘ldim, oshnamga qarasam, indamadi, ko‘zini qisdi. Keyin bilsam, uni “tepada” yaxshigina tanishi bo‘lgan va ularning “gazini bergan ekan”. Lekin boshqalar panjara ortida qolishgandi...”, deb yozadi jurnalist.

U kunlar qaytib kelmasin!

Ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan ushbu hikoyalarga ko‘plab munosabat bildirilgan, aksariyat foydalanuvchilar izohlarda o‘z boshlaridan kechirgan holatlarni yozib qoldirishgan.

Bobur Jalolov bu kabi voqealar hozir ham borligi, bugun ham turli reydlar bahonasida fuqarolar he yo‘q, be yo‘q ushlab ketilayotgani, bu jarayonda ularning haq-huquqlari poymol bo‘layotgani haqida yozgan.

Fikr bildirganlarning barchasi birday “Miranda qoidalari”ning Konstitutsiyaga kiritilayotganini olqishlab, ushbu o‘zgarishdan so‘ng ichki ishlar idoralari qaysidir fuqaroni ushlab ketish chog‘ida ularning qonuniy manfaatlarini toptamasligiga umid bildirishgan.

Jamshid Niyozov, jurnalist

Ko‘proq yangiliklar: