Fransiyada pul yuvishda ayblangan rossiyalik haker AQShga ekstraditsiya qilindi

Jahon 18:00 / 05.08.2022 9393

Parijda pul yuvishda ayblangan rossiyalik haker Aleksandr Vinnik Gretsiyadan AQShga ekstraditsiya qilindi. Bu rossiyalik Fransiyadan Afinaga uchib kelganidan so‘ng darhol sodir bo‘ldi, deb xabar berdi RIA «Novosti» 5 avgust, juma kuni Vinnikning oila a’zolariga tayanib. «U darhol kichik shaxsiy samolyotga o‘tkazildi, so‘ng havoga ko‘tarildi va Bostonga yo‘l oldi. Bugun Bostondan u rasman xizmat samolyotida San-Fransiskoga olib ketilmoqda», - deya ma’lum qildi agentlik suhbatdoshi.

Bundan tashqari, rossiyalikning AQShga ekstraditsiya qilinishini TASS’ga uning fransuz advokati Frederik Belo tasdiqladi. Uning xabar berishicha, Vinnik hozirda San-Fransiskoda bo‘lib turibdi, uning manfaatlarini Amerika davlat advokatlari himoya qilmoqda. AQShda u bitkoinlar orqali 4 mlrd dollar pul yuvishda ayblanmoqda.

Rossiya fuqarosi Aleksandr Vinnik 2017 yilning yozida Gretsiya shimolida oilasi bilan dam olayotgan vaqtda AQSh talabiga binoan qo‘lga olingan edi. U dunyodagi eng yirik elektron kriptovaluta birjalaridan biri bo‘lgan BTC-e orqali milliardlab dollarlarni yuvishda ayblangan. Vinnik o‘z aybini tan olmadi va unga nisbatan unchalik jiddiy bo‘lmagan ayblovlar qo‘yilgan Rossiyaga ekstraditsiya qilinishini so‘radi.

2019 yil dekabr oyida Gretsiya adliya vaziri Kostas Tsiaras Vinnikni Fransiya, AQSh va RFga ekstraditsiya qilish to‘g‘risida qaror qabul qildi. 2020 yil yanvarida rossiyalik samolyotda Parijga jo‘natildi, o‘sha yilning dekabrida esa u Parij sudi tomonidan pul yuvishda ayblanib, besh yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. 

Shu bilan birga, prokuratura Vinnikning u ayblangan eng og‘ir jinoyatlarda - kompyuterlarni bloklagan va ishni qayta tiklash uchun foydalanuvchilardan bitkoinlarda to‘lov talab qilgan Locky virusini ishlab chiqishda aybdorligini tasdiqlovchi yetarli dalillarni taqdim eta olmadi. 2016 yilda juda ko‘plab foydalanuvchilar ushbu zararli dasturdan zarar ko‘rdi. 

2022 yil 4 avgust kuni Parij sudi AQShning Vinnikni ekstraditsiya qilish haqidagi so‘rovini qaytarib olish va Fransiyada unga nisbatan ishni tugatish to‘g‘risidagi so‘rovini ma’qulladi. 4 avgust kuni kechqurun Vinnik Gretsiyaga olib ketildi. Mamlakatga kelganidan so‘ng u g‘oyib bo‘ldi, dedi uning gretsiyalik advokati Zoi Konstantopulu. 

Ko‘proq yangiliklar: