Estoniya hukumati barcha sovet yodgorliklarini jamoat joylaridan olib tashlashga qaror qildi

Jahon 08:48 / 05.08.2022 8959

Estoniya hukumati «imkon qadar tezroq» barcha sovet yodgorliklarini jamoat joylaridan olib tashlashga qaror qildi. Bu haqdagi qaror 4 iyul, payshanba kuni hukumat yig‘ilishida qabul qilindi, deb xabar beradi «Interfaks».

«Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishida biz bosqinchi davlat ramzlari tushirilgan yodgorliklarni jamoat joylaridan olib tashlashni qanday davom ettirishni batafsil muhokama qildik. Hisob-kitoblarga ko‘ra, Estoniyada ularning soni 200 tadan 400 tagacha. Asosiy qaror qabul qilindi - qizil yodgorliklarni jamoat joylaridan olib tashlash kerak va biz buni imkon qadar tezroq amalga oshiramiz», deya Estoniya bosh vaziri Kaya Kallasning uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida aytgan so‘zlaridan iqtibos keltirdi agentlik. 

Kallasning aniqlik kiritishicha, «aniq vaqt va tartib mahalliy hokimiyatlarning tayyorgarligi hamda moddiy-texnik ta’minotiga bog‘liq», chunki yodgorliklar ularga tegishli. 

Kallas Rossiya bilan chegarada joylashgan va rusiyzabon aholining 90 foizdan ortig‘i istiqomat qiluvchi Narva shahridagi T-34 tanki yodgorligiga alohida e’tibor qaratdi. Estoniya bosh vaziri uning demontaj qilinishi jamiyatda keskinlikni keltirib chiqarishi mumkinligini istisno etmadi, chunki ko‘plab mahalliy aholi bunga qarshi. Shuning uchun hukumat ushbu operatsiyani amalga oshirish uchun «mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishi» kerak, dedi Kallas. 

Chorshanba va 4 avgust, payshanbaga o‘tar kechasi yodgorlik atrofida o‘nlab odamlarni ko‘rishgan. Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, ular o‘zlarini hozircha xotirjam tutishgan. 

Estoniya TIV rahbari Urmas Reynsalu «tank bir oy ichida olib tashlanishi kerak»ligini, agar kerak bo‘lsa, buning uchun parlamentning navbatdan tashqari yig‘ilishini chaqirish lozimligini ma’lum qildi. U 2007 yilda Tallinni fashistlardan ozod qilgan jangchi «Bronza askar» haykalini ko‘chirishda mamlakatning rusiyzabon aholisi ommaviy norozilikka chiqqanini esladi. O‘shanda tartibsizliklar kelib chiqishi natijasida bir kishi halok bo‘lgan. Reynsalu so‘zlariga ko‘ra, agar hukumat Narvadagi T-34 tanki bilan bog‘liq mojaroning cho‘zilib ketishiga yo‘l qo‘ysa, bu xuddi shunday oqibatlarga olib kelishi mumkin. 
 
28 iyul kuni Estoniya hukumati o‘z farmoni bilan RF fuqarolariga vaqtinchalik yashash va o‘qish vizalari berishni taqiqladi. Urmas Reynsalu bu choralarni Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzkorligini to‘xtatish uchun unga «to‘xtovsiz bosim o‘tkazish» zarurati bilan izohladi. «Bu o‘z xavfsizligimizga ijobiy ta’sir qiladi», — deya qo‘shimcha qildi Estoniya TIV rahbari. 

Iyun oyida Kaya Kallas NATOdan Latviya, Litva va Estoniyaga Rossiyaning ehtimoliy bosqinidan himoya qilish uchun 20 000 dan 25 000 gacha alyans askarlarini yuborishni so‘radi. Bundan biroz vaqt oldin, RF elchisi Putinning Narvaning «qaytarilishi» haqidagi so‘zlari tufayli Estoniya TIVga chaqirilgan edi. 

Ko‘proq yangiliklar: