Vladimir Norov Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi bosh kotibi bilan uchrashdi 

O‘zbekiston 14:38 / 04.08.2022 5067

Uchrashuvda 2021 yilda imzolangan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi va Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi bosh kotibiyati o‘rtasida o‘zaro maslahatlashuvlar mexanizmi bo‘yicha anglashuv memorandumi doirasidagi kelishuvlarni amalga oshirib borishi ko‘rib chiqildi.

Bo‘lajak tadbirlar jadvali yuzasidan fikr almashildi. Ikki mintaqa o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladigan «Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi» strategik muloqoti joriy yildagi birinchi yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rishga e’tibor qaratildi.

Xalqaro va mintaqaviy dolzarb masalalar, jumladan, Afg‘onistondagi vaziyat muhokama qilindi. Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi bosh kotibi yaqinda Toshkentda bo‘lib o‘tgan Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiya yakunlarini ijobiy baholadi. O‘zbekiston tomonidan ushbu mamlakatga ijtimoiy-iqtisodiy va gumanitar yordam ko‘rsatish borasida amalga oshirilayotgan amaliy ishlar muhimligi qayd etildi.

Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi – Bahrayn, Qatar, Kuvayt, Birlashgan Arab Amirliklari, Ummon va Saudiya Arabistoni a’zolari bo‘lgan mintaqaviy tashkilot hisoblanadi.

Ko‘proq yangiliklar: