O‘zbekistonda ochiqlik siyosatini buzganlik uchun javobgarlik belgilandi

O‘zbekiston 11:57 / 04.08.2022 8482

“Ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida”gi qonun prezident tomonidan imzolandi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ochiqligi to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik mansabdor shaxslarga 900 ming so‘mdan 1,5 mln so‘mgacha jarima solishga sabab bo‘lishi belgilandi.

Mazkur huquqbuzarliklar yuzasidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mansabdor shaxslari ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuzadi.

“Advokatura to‘g‘risida”gi qonunda advokatlar iqtisodiy, fuqarolik va ma’muriy ish yuritilayotganda davlat va nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari tomonidan shartnoma asosida ishonch bildiruvchi shaxs roziligi bilan ekspertiza o‘tkazilishini so‘rash huquqiga egaligi belgilandi.

Advokat ekspertiza xulosasini ish materiallariga qo‘shib qo‘yilishini va sud tomonidan ushbu xulosa ishdagi mavjud dalillar bilan birgalikda baholanishini talab qilishi mumkin.

Sud ekspertlik faoliyati bilan nodavlat tashkilotlar shug‘ullanishiga ruxsat berilgani munosabati bilan Fuqarolik protsessual kodeksi va Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksga nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti tushunchasi kiritildi.

Ko‘proq yangiliklar: