Davlat xizmatiga ishga kirishdagi barcha jarayonlar elektron shaklga o‘tkaziladi

O‘zbekiston 22:24 / 04.08.2022 17280

Prezident o‘z so‘zida “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun tez orada imzolanishini aytdi.

“Mana, parlamentimizdan ham o‘tdi. Yaqinda imzolanishga keladi. Bu qonunni 2 yil tayyorladik. Qiynalib tayyorladik. Tajribamiz yo‘q edi bu sohada. Lekin har bir bandi bo‘yicha juda katta muhokamalar bo‘ldi.

Ushbu qonun bilan belgilanayotgan yangi tizim har bir idora va hudud kesimida qanday ishlashi, bu borada oldimizda turgan ustuvor vazifalarni belgilab olishimiz uchun bugun mana shu majlisga yig‘ildik.

Biz nimalarga e’tibor berishimiz kerak?

Birinchidan, bu qonunda davlat idoralariga ishga qabul qilishning ochiq-oshkora tizimi joriy etiladi. Mana, so‘rovlarda ishtirok etgan 50 ming aholining 19 ming nafari yoki 38 foizi: “Davlat xizmatiga ishga kirishda shaffoflikni oshirish lozim, ko‘p joylarda shaffof emas”, deyapti.

Shu bois yil yakuniga qadar barcha vakant lavozimlar ochiq, yagona elektron platformaga joylashtiriladi.

Bo‘sh lavozimga tanlovda ishtirok etish uchun hozirgi kunda talab etilayotgan 16 ta hujjat so‘ralmaydi. Barcha jarayonlar elektron shaklga o‘tkaziladi”, – dedi prezident.

Yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev administratsiya rahbari Sardor Umrzoqovga yil yakuniga qadar ixcham, professional, adolatli, natijaga ishlaydigan boshqaruv tizimini joriy qilish bo‘yicha ma’muriy islohotlarni yakuniga yetkazish topshirig‘ini berdi.

1 noyabrdan eski “obektivka”dan voz kechilib, xodimni baholaydigan yangi tizimga o‘tilishi ma’lum qilindi.

Ko‘proq yangiliklar: