Jizzax viloyati IIB axborot xizmati xabar berishicha, 2022 yil 20 iyul kuni soat 10:00 larda 4R-40 Dashtobod-G‘allaorol avtomobil yo‘lining 46-kilometrida odam o‘limi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.
Zomin tumani Uvol qishlog‘ida yashovchi shaxs VAZ-2107 mashinasi bilan Zomin yo‘nalishi bo‘yicha boshqarib ketayotib, yo‘lning piyodalar yo‘lakchasidan o‘tayotgan G‘allakor mahallasida yashovchi maktab o‘quvchisini urib yuborgan.
Oqibatda, 9 yoshli bola og‘ir tan jarohatlari olib, RShTYoIMning Jizzax filialiga yotqizilgan. Ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan u shifoxonada vafot etgan.
Qayd etilishicha, holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq, Jizzaxda piyodani urib yuborgan haydovchi qochib ketgan, oqibatda, 71 yoshli jabrlanuvchi vafot etgandi.