Ronaldu nihoyat «MYu» tarkibida o‘ynadi. Hozircha yomon

Sport 12:05 / 01.08.2022 20028

«Manchester Yunayted» hujumchisi Krishtianu Ronaldu «Rayo Valekano»ga qarshi o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushirildi. U mavsumoldi tayyorgarlik jarayonlarida ishtirok etmay, bir necha o‘rtoqlik o‘yinlarini o‘tkazib yuborgandi. 

Muxlislar bilan muloqot

«Qirol yakshanba kuni o‘ynaydi», - Krishtianu Ronaldu «Rayo Valekano»ga qarshi o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushishini ijtimoiy tarmoqlarda shunday mag‘rur xabar bilan e’lon qildi. Ammo bu zo‘r fotosurat bilan e’lon qilingan post emasdi, balki, shunchaki, fanatlar sahifasida portugaliyalikning mavsumoldi nazorat o‘yinlari uchun ro‘yxatga kiritilmagani haqidagi xabar ostida qoldirilgan sharh edi.

Ronaldu so‘nggi haftalarda ijtimoiy tarmoqlarda faol bo‘ldi. Yo zerikdi yoki o‘z atrofidagi haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan mish-mishlardan charchadi, shuning uchun hech bo‘lmaganda nimanidir rad etishga harakat qildi. Xuddi go‘yo «Manchester Yunayted» tarkibidan tashqarida qolganini inkor qilgani kabi.

Portugaliyalik uchun 20 bosh qo‘y

So‘nggi vaqtlarda Krishtianu ijtimoiy tarmoqlar va xabarlar lentasidan tushmayapti. Ammo «Manchester Yunayted» tarkibida uzoq vaqtdan beri ko‘rinish bermayapti. U jamoaning Avstraliya va Tailanddagi mavsumoldi tayyorgarlik jarayonini «oilaviy sabablar»ga ko‘ra o‘tkazib yubordi. Rasmiy xabar shunday. Ammo uning butun yoz davomida o‘ziga yangi klub topishga urinayotganini hamma biladi. Aynan «urinmoqda», chunki 37 yoshli futbolchini top-klublardan hech biri o‘z tarkibida ko‘rishni istamayapti. Biroq, Farer orollarining «Klaksvik» klubi bor. U Ronaldu uchun hazilomuz tarzda 20 bosh qo‘y taklif qildi.

Umuman olganda, Ronalduga biroz achinish mumkin. Uzoq vaqtdan buyon unga bunday katta miqdordagi memlar va hazillar bag‘ishlanmagandi. Klublar Krishtianuni qutqarishga intilmayapti, odamlar esa uni ochiqchasiga masxara qilmoqda. So‘nggi kunlargacha Ronalduga asosiy da’vogar sifatida ko‘rib kelingan «Atletiko» muxlislari esa hatto norozilik namoyishini ham uyushtirishdi. O‘rtoqlik o‘yini chog‘ida ular «CR7 xush kelmabsan!» degan bannerni osib qo‘yishdi. Krishtianu bunga ijtimoiy tarmoqlarda kulgili emodzi bilan munosabat bildirdi.

Yoshlar tarkibida mashg‘ulot

Ammo mavsum boshlanishiga oz qoldi va Ronaldu tarkibdan chetda qolishiga aql bovar qilmaydi, ayniqsa uning shartnoma majburiyatlari borligi hisobga olinsa. Iyul oyining so‘nggi kunlarida Krishtianu baribir «Manchester Yunayted» bazasiga qaytdi. Ammo unga asosiy tarkib bilan mashg‘ulot o‘tkazishga ruxsat berilmadi. Lekin Ronaldu bundan uyalmadi: aksincha, shanba kuni u to‘rt nafar yosh o‘yinchi – Charli MakNil, Amad Diallo, Charli Sevij va Annibal Mejbri bilan tushgan suratini e’lon qildi.

Foto: Global Look Press

«Manchester Yunayted» bosh murabbiyi Erik ten Hag, albatta, bu vaqt davomida Ronalduni kuzatdi. Ammo harakatlari va so‘zlari bilan portugaliyalikning o‘zi uchun avtoritet emasligini ko‘rsatdi. «Rayo Valekano»ga qarshi o‘yindan oldin niderlandiyalik mutaxassis shunday dedi: «Ronalduning jismoniy tayyorgarligi boshqa futbolchilar bilan bir xil darajada emas, chunki u bir necha haftani o‘tkazib yubordi. U ko‘p mashq qilishi kerak». Bu g‘ayrioddiy eshitilyapti: Krishtianuni mashq qilishga majburlashyapti.

O‘rinbosarlar tarkibidagi o‘yin

«Manchester Yunayted» shanba kuni Norvegiyada «Atletiko» bilan o‘rtoqlik o‘yinini o‘tkazdi va 0:1 hisobida yutqazdi. Ten Hag asosiyga juda o‘xshash tarkibni tushirdi. Ronaldu futbolchilar ro‘yxatida yo‘q edi.

Lekin yakshanba kuni «Rayo Valekano»ga qarshi bahsda birinchi daqiqalardan boshlab o‘ynadi. To‘g‘ri, bu o‘yinda «qizil iblislar» tarkibi ko‘proq eksperimental bo‘ldi. Masalan, yangi kelgan himoyachi Lisandro Martines va yarimhimoyachi Kristian Eriksen ham o‘ynadi.

Ronaldu 4-2-3-1 sxemasida sof markaziy hujumchi sifatida o‘ynadi, bu unga tanish rol, o‘tgan mavsumda ham shu nuqtada harakat qilgan. Ammo ten Hag bergan 45 daqiqalik vaqtda portugaliyalik hech qanday foydali ish qilmadi. Krishtianu maydon bo‘ylab juda sekin harakatlandi, dangasalik bilan orqaga qaytdi, pressingda deyarli ishtirok etmadi.

Ammo unda bir imkoniyat bo‘ldi. 12-daqiqada «Manchester Yunayted» qarshi hujumga o‘tdi. Donni van de Bek to‘pni Krishtianuga oshirdi. Hujumchi jarima maydonchasi ichida kuchli, ammo juda noaniq zarbani berdi. Shundan so‘ng, «Old Trafford» hatto uvilladi – «Manchester Yunayted» muxlislari Ronalduning klubga bo‘lgan hozirgi munosabatidan aniq norozi.

Bu o‘yinda Ronaldu haqida boshqa aytiladigan gap yo‘q. Tanaffus paytida uning o‘rniga ivuarlik Diallo tushdi va atigi ikki daqiqa o‘tgach, gol urdi. O‘yin 1:1 hisobidagi durang bilan yakunlandi, ammo o‘rtoqlik o‘yini natijasi umuman muhim emas. Muhimi – kelasi hafta oxirida Angliya chempionati boshlanadi. Ronaldu esa hali asosiy tarkibga yaqin ham emas.

Qizig‘i shundaki, Ronaldu tanaffusda zaxiraga olinganidan keyin, o‘yinni kuzatmay, «Old Trafford»ni erta tark etgan. Muxlislar portugaliyalik yulduzning stadiondan chiqib borayotgani suratlarini ijtimoiy tarmoqlarda tarqatishgan.

Albatta, portugaliyalik kelasi mavsumda Yevropa Ligasida o‘ynashga majbur bo‘lishidan xavotirda. Ammo agar portugaliyalik jismoniy holatini yaxshilab olmasa, ten Hag uni faqat o‘sha yerda maydonga tushirishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: