JCh-2026 va Osiyo Kubogi-2027 saralashi formati e’lon qilindi

Sport 21:57 / 01.08.2022 29255

2026 yilda AQSh, Kanada va Meksikada o‘tkaziladigan jahon chempionatiga Osiyo mintaqasidan 8 ta yo‘llanma ajratilgan.

Birinchi saralash bosqichida FIFA reytingining eng quyi qismida borayotgan 22 ta milliy jamoa qur’a bo‘yicha 11 ta juftlikka ajratiladi va uy/safar tizimida o‘zaro bellashadi. G‘oliblar ikkinchi bosqichga yo‘l oladi.

Ikkinchi bosqichda 36 ta milliy jamoa ishtirok etadi (FIFA reytingidagi eng yaxshi 25 jamoa + birinchi saralash bosqichining 11 g‘olibi). Ular 4 ta ishtirokchidan iborat 9 ta guruhga bo‘linadi. O‘yinlar ikki davrali tizimda o‘tkaziladi. Har bir guruhdan dastlabki ikki o‘rinni egallagan milliy jamoalar (jami 18 ta) uchinchi bosqichga yo‘l oladi.

Uchinchi bosqichda milliy jamoalar 6 ta ishtirokchidan iborat 3 ta guruhga bo‘linadi. O‘yinlar ikki davrali tizimda o‘tkaziladi. Har bir guruhdan dastlabki ikki o‘rinni egallagan milliy jamoalar (jami 6 ta) JCh-2026 yo‘llanmasiga ega bo‘ladi.

Qolgan 2 ta yo‘llanma va qit’alararo pley-offdagi 1 ta yo‘llanma to‘rtinchi bosqichda o‘ynaladi. Unda uchinchi bosqich guruhlarida uchinchi va to‘rtinchi o‘rinni egallagan jamoalar (jami 6 ta) 3 ta ishtirokchidan iborat 2 ta guruhga ajratiladi. Guruh g‘oliblari JCh-2026 yo‘llanmasiga ega bo‘ladi. Ikkinchi o‘rinni egallagan milliy jamoalar esa qit’alararo pley-off yo‘llanmasi uchun kurashadi. 

2027 yilgi Osiyo Kubogida 24 ta jamoa ishtirok etadi. Hozircha mezbon mamlakat nomi ma’lum emas. Saralash o‘yinlari JCh-2026 saralashi bilan qo‘shilgan holda o‘tkaziladi.

JCh-2026 saralashining ikkinchi bosqichidagi 9 ta guruhda dastlabki ikki o‘rinni egallagan milliy jamoalar (jami 18 ta) Osiyo Kubogi-2027 yo‘llanmasiga ega bo‘ladi. 

Qolgan 6 ta yo‘llanma quyidagi tizimda o‘ynaladi:

Pley-off raundi. Unda JCh-2026 saralashining birinchi bosqichida mag‘lub bo‘lgan 11 ta milliy jamoadan eng yaxshisi OK-2027 saralashining uchinchi bosqichiga yo‘l oladi. Qolgan 10 tasi uy/safar tizimida o‘ynab, 5 ta g‘olibni aniqlab berishadi. 

Yakuniy bosqich. JCh-2026 saralashining birinchi bosqichida mag‘lub bo‘lgan eng yaxshi jamoa + ikkinchi bosqichda guruhda uchinchi va to‘rtinchi o‘rinlarni egallagan 18 jamoa + pley-offning eng yaxshi 5 jamoasi (jami 24 jamoa) 4 ta ishtirokchidan iborat 6 ta guruhga ajratiladi. Guruh g‘oliblari OK-2027 yo‘llanmasiga ega bo‘ladi.

Ko‘proq yangiliklar: