Holand «Siti»da muvaffaqiyatsiz debyut qildi, gol urolmadi, ammo Gvardiola baribir mamnun

Sport 15:11 / 01.08.2022 9188

Og‘ir start

Bu yilgi Angliya Superkubogi nafaqat Gvardiola va Klopp o‘rtasidagi qarama-qarshilikning navbatdagi seriyasi, balki ikki hujumchining shaxsiy dueli sifatida ham taqdim etildi: Darvin va Holand «Liverpul» va «Siti»ga katta pul evaziga kelgan, bir xil yoshda, Chempionlar Ligasida o‘zini yaxshi ko‘rsatgan, hatto soch turmagi ham o‘xshash. Taqqoslash uchun juda ko‘p sabablar bor edi.

Darvin 2-bo‘limda zaxiradan maydonga tushdi va qahramonga aylandi: penalti ishladi, undan Saloh ikkinchi golni urdi, keyin esa Nunes o‘zi ham gol urdi – bosh bilan raqib darvozasini ishg‘ol qildi. Yakunda «Liverpul» 3:1 hisobida g‘alaba qozondi.

Ammo Holandning «Siti» uchun birinchi rasmiy o‘yini muvaffaqiyatsiz bo‘ldi.

  • • Erling o‘yinga kirishib ketolmadi: norvegiyalik hujumchi to‘pga 16 marta tegindi. To‘p unga deyarli yetib bormadi. Taqqoslash uchun, Nunes yarim soat ichida 11 marta to‘p bilan muomala qildi;
  • • Shunday bo‘lsa-da, birinchi bo‘limda «shaharliklar» hujumchisi ikkita qulay imkoniyatga ega bo‘ldi: avvaliga u to‘pni jarima maydonchasiga olib kirib, yiqilayotganida zarba berdi – Adrian uni qaytardi. Bu Holandning o‘yin davomidagi darvoza hududiga yo‘llagan yagona aniq zarbasi bo‘ldi;
  • • Erling qanotdan uzatilgan to‘pni darvozaga yo‘llashi mumkin edi. Ammo noqulay holatda to‘pga tizzasi bilan zarba berdi, bu ko‘proq pasga o‘xshadi. Mahrez uni boshi bilan darvozaga yo‘llaganida, Adrian ushlab oldi;
  • • «Siti»ning o‘yindagi yagona goliga yana bir yangi futbolchi Xulian Alvares mualliflik qildi. Qo‘shib berilgan vaqtda Holandda yana ikkita imkoniyat bo‘ldi. U hatto gol ham urdi. Lekin uzatma maydon tashqarisidan berilgan edi, gol bekor qilindi.
  • • Keyin Erling juda yaqin masofadan deyarli bo‘sh darvozaga zarba yo‘lladi, ammo to‘p darvoza to‘siniga tegdi. Ijtimoiy tarmoqlarda bunga istehzo bilan «asrning eng noaniq zarbasi» deb nom berildi.

Norvegiyalik futbolchining Angliyadagi debyuti yaxshi chiqmadi, ammo Gvardiola bundan xavotirda emas:

«Holand doimo darvozaga tahdid qildi, ko‘p kurashdi, harakat qildi. U yangi mamlakatda va yangi ligada o‘ynash qanday bo‘lishini bilib oldi, bu ajoyib. U gol ura olmadi, lekin u zo‘r qobiliyatli futbolchi va buni albatta amalga oshiradi.

AQSh safarida gol urganida, hamma uni maqtagandi. Bu o‘yinda ham unda vaziyatlar bo‘ldi, shu ma’noda hech narsa o‘zgarmadi. U kuchli. Keyingi safar gol uradi. Futbol shunday. Bu meni bezovta qilmaydi, chunki bizni murakkab 11 oy kutib turibdi va u bizga yordam beradi», deydi Pep.

Ammo Erlingning o‘yin oxiridagi xatosi «asrning eng noaniq zarbasi» sifatida ijtimoiy tarmoqlarda istehzo qilinmoqda. Hatto Jyeymi Karrager ham hujumchining yonini olishga shoshildi: «Bu xatodan so‘ng, Holandning noaniq zarbasi videolari butun hafta davomida ijtimoiy tarmoqlarda masxara qilinsa kerak. Xuddi o‘tgan haftada Nunesning ustidan kulishganidek. Va bu ishni butun umri davomida hech qachon to‘pga tegmagan masxarabozlar qiladi».

Aytgancha, bu holatda Darvin bilan o‘xshashlik bor. Nunesning noaniq zarbalari mavsumoldi boshida masxaralar manbayiga aylanib, memlarga sabab bo‘lgandi. Klopp buni futbolchining oyog‘ida so‘gal borligi bilan oqlab, Holand uchun ham mos keladigan so‘zlar bilan izohlagandi:

«Barcha muxlislar yangi kelgan futbolchiga vaqt kerakligini tushunishi lozim. Futbolchilar ham odam, ular ham bosimni his qilishi mumkin – hatto ular uchun katta pul to‘langan bo‘lsa ham. Hujumchilar bilan shunday holatlar bo‘lib turadi: ular qulay vaziyatda gol urolmaydi, ba’zi muxlislar esa darhol asabiylashadi. Va’da beraman, bu uning oxirgi xatosi emas – va bu normal holat».

Holandni keskin tanqid qilish o‘rinsiz, chunki Angliya Superkubogi uning «Manchester Siti»dagi birinchi to‘liq o‘yini bo‘ldi. Hatto mavsumoldi tayyorgarlik jarayonida ham u to‘liq o‘ynamagandi. «Bavariya»ga qarshi o‘rtoqlik o‘yinida bir bo‘lim harakat qilgan, bu esa ilk golini urish uchun yetarli bo‘lgandi.

Bir haftadan so‘ng «Siti» Premer-Liga yangi mavsumini «Vest Hem»ga qarshi safar o‘yini bilan boshlaydi va shunda odatdagi Holandni ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘lishimiz mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: