O‘zbekiston | 16:04 / 28.07.2022
4445
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda madaniy meros binosi bo‘lgan o‘lkashunoslik muzeyi peshtoqi yorilgani aniqlandi

Bunga oqova suvlar chiqishiga mo‘ljallangan ariqlar ta’mirtalab ahvolga kelib qolgani tufayli yomg‘ir suvlari muzey hovlisida uzoq vaqt turib qolgani sabab bo‘lgan.

Foto: Madaniy meros agentligi

Bosh prokuratura tomonidan Madaniy meros agentligi mutaxassislari ishtirokida Samarqand viloyati o‘lkashunoslik muzeyi bino-inshootlarida o‘rganish ishlari olib borilganda muzey tarixiy binosida texnik o‘zgarishlar hosil bo‘lib, peshtoqi yorilgani aniqlangan.

Ma’lum bo‘lishicha, oqova suvlar chiqishiga mo‘ljallangan ariqlar ta’mirtalab ahvolga kelib qolgani sababli yomg‘ir suvlari muzey hovlisida uzoq vaqt turib qolgan. Oqibatda, muzey tarixiy binosida texnik o‘zgarishlar hosil bo‘lib, peshtoqi yorilgan.

Kamchiliklar tegishli soha mutaxassislari bilan birgalikda har tomonlama o‘rganilib, oqova suv bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish bo‘yicha ishlar amalga oshirilgan.

Jumladan:

  • muzey hovlisida 210 metr oqova suv ariqlari tozalanib, shundan 60 metr qismi qayta ta’mirlangan;
  • oqova suv ariqlariga o‘lchami 150 santimetr bo‘lgan 15 metrli yangi suv quvurlari va 45 metrli suv lotoklari o‘rnatilib, markaziy oqova suv tarmog‘iga ulangan;
  • ariqlarning yo‘laklar bilan tutashgan joylari 10 metr beton plitalar bilan qoplangan;
  • muzey binosi peshtoqining 4 kvadrat metr qismidagi yorilgan g‘ishtlar orasi maxsus qorishma bilan to‘ldirilib, binoning asl holatiga zarar yetkazmagan holda ta’mirlangan;
  • tarixiy binoning asl holatini saqlash maqsadida peshtoqdagi ravoqning ko‘chib tushgan qismi ganchkor ustalar tomonidan asl holatda tiklanib, restavratsiya qilingan.

Bundan tashqari, muzeyning hovlisi obodonlashtirilib, 76 tup daraxtning qurigan shoxlari kesilib, shakl berilgan hamda yordamchi binolar fasad qismi ta’mirlangan.

Ma’lumot uchun, o‘lkashunoslik muzeyi binosi italiyalik arxitektor Y.Nelli loyihasi asosida XX asr me’morchiligining eklektik uslubida 1902—1916 yillar davomida savdogar Abraam Isakovich Kalontarovning shaxsiy mablag‘lari hisobidan qurilgan.

Mavzuga oid