“Universitetlar bugun bilim markazi emas” - professor O‘zbekiston universitetlarini 3 yillik qilishni taklif qildi 

Jamiyat 21:40 / 26.07.2022 24326

“Boursa National” kompaniyasi ijrochi direktori, professor Azamat Akbarov Kun.uz’ga bergan intervyusida talabani to‘rt yil universitetda ushlab o‘tirish noto‘g‘ri ekanini ta’kidlab, universitetlarni 3 yillikka o‘zgartirish taklifi bilan chiqdi.

“Bir narsani tushunish kerak, 2030 yilga borib universitetlar bajaradigan vazifa va maqsadlar butunlay o‘zgarib ketadi. Ular transformatsiya bo‘ladi va shaklini o‘zgartiradi. Masalan, o‘sha vaqtga borib oddiy o‘quv markazlari ham universitet bo‘lishi mumkin. Chunki o‘quv markazlari hozir bozor talab qilgan ko‘nikma va malakaga ega bitiruvchini yetkazib beryapti.

Ya’ni bugun o‘quv markazlar deylik, IT’ni o‘rganishga ehtiyoji bor insonga bu sohani 6 oyda o‘rgatib, uni ming, bir yarim ming dollarli ishga tayyor kadr qilib yetkazib beryapti. Talaba bu holatni ko‘rarkan, nima uchun men 4 yil o‘qishim kerak, deya o‘ylay boshlaydi.

1980-90 yillardan boshlab amerikalik talabalar orasida universitetlarini tashlab ketish holatlari ko‘paygan. Masalan, biz bilgan IBM, Apple, Facebook yoki WhatsApp asoschilari ikkinchi, uchinchi kursdan universitetni tashlab ketgan. Bu qiziqishlarning susayishidan emas, ular o‘sha muddatda o‘zi istagan bilimga ega bo‘lishdi va o‘ylashdiki, biz yaxshisi o‘z startaplarimizni davom ettiramiz.

Ko‘rasiz, yaqin orada bu an’ana bizga ham yetib keladi. Talabalar ikkinchi va uchinchi kurslardan universitetlarni tashlab ketishni boshlashadi. Chunki biz bilimga asoslangan jamiyatda yashayapmiz.

20 yil avval bilimning markazi universitetlar edi. Hozir qutblar o‘zgara boryapti.

Men hozir sizni qo‘rqitadigan bir misol aytaman. Bugun universitetlar internetda bor bo‘lgan ma’lumotni o‘qitib, talabadan kontrakt puli olyapti. O‘qituvchi internetdan ma’lumotni olyapti va uni taqdimot shaklida darsga olib kirib, talabaga nimadir tushuntirishga harakat qilyapti. Bu ham yetmagandek, o‘sha narsani taqdimotga qarab o‘qib beryapti. Kerak bo‘lsa, imlo xatoliklari bilan o‘qib beryapti.

Hozir universitetlar bilim manbayi hisoblanmaydi. Amerikaga boring, insonlar Silikon vodiysida 7-8 oylik kurslarni bitirib, katta ishlarga kirishyapti. Hech kim ulardan bakalavr diplomini so‘ramaydi.

Nima uchun biz talabalarni to‘rt yil ushlab turishimiz kerak? Yevropa to‘laligicha 3 yillik ta’limga o‘tib bo‘ldi-ku. Nima uchun, sababi bitta – raqamli va tezkor rivojlanayotgan dunyoda birinchi kursda beriladigan bilimlar to‘rtinchi kursda eskiryapti”, – dedi professor.  

O‘zbek oliy ta’lim tizimining bugungi og‘riqli muammolariga bag‘ishlangan suhbatni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: