Vositachilarsiz hamkorlik – Markaziy Osiyo davlatlari to‘liq integratsiyaga kirisha oladimi?

O‘zbekiston 17:55 / 22.07.2022 36567

Qirg‘iziston tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Avazbek Ataxanov Imomali Rahmon va Serdar Berdimuhamedov ham kelishuvni qo‘llab-quvvatlaganini, faqat imzolashni keyinroqqa qoldirganini ta’kidlagan.

Kelishuv

Ma’lum bo‘lishicha, «XXI asrda Markaziy Osiyoni rivojlantirish maqsadida Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston o‘rtasida do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik to‘g‘risida» shartnoma loyihasi Qozog‘iston tashabbusi bilan ishlab chiqilgan.

Hujjatda harbiy, savdo-iqtisodiy, logistika, madaniy-gumanitar, fuqaro mudofaasi hamda energetika va turizm sohalaridagi hamkorlikni faollashtirish nazarda tutilgan. Shuningdek, mintaqa davlatlarining xalqaro maydondagi tahdidlarga nisbatan kuchlarini muvofiqlashtirish, bir-biriga nisbatan harbiy kuch ishlatish va kuch bilan tahdid qilishdan tiyilish kabi majburiyatlari bor.

Hozircha kelishuvning to‘liq matni e’lon qilinmadi. Mahalliy nashrlar xalqaro hujjat noma’lum muddatga, ixtiyoriy vaqtda undan yozma ogohlantirish orqali chiqib ketish sharti bilan tuzilganini yozmoqda.

Foto: Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmati

Nega ikki davlat imzolamadi?

24KG nashri nega Tojikiston va Turkmaniston hozircha shartnomaga qo‘shilishdan tiyilib turgani borasida bir necha tahlilchining fikrlarini keltirgan.

«Integratsiya mamlakat suverenitetining bir qismini milliydan yuqoriroq bo‘lgan davlatlararo tuzilma ixtiyoriga berish degani. Bu organ har qanday ittifoqda tuziladi. Iqtisodiy kooperatsiyada ham deyarli shunday. Tojikiston va Turkmaniston bunga tayyor emasdi va rad qilishdi.

Chunki rasmiy Ashxobodning tashqi siyosat prinsipi har qanday davlatlararo kelishuvlarga nisbatan to‘liq neytralitetga asoslanadi. Tojikiston hozir davlatlar blokisiz statusni yoqlab chiqyapti. Ko‘rib turibmizki, mintaqa davlatlarida yagona yondashuv yo‘q», — deydi siyosatshunos Sheradil Baktigulov.

Bundan tashqari, qirg‘iz-tojik chegarasida tez-tez yuz berayotgan otishmalar tufayli rasmiy Dushanbe do‘stlik haqidagi fikrlar jiddiy qabul qilmayotgan bo‘lishi ham mumkin.

Foto: Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmati

Vositachilarsiz integratsiya

Siyosatshunos Sheradil Baktigulovning fikricha, Markaziy Osiyo davlatlari integratsiya haqida gapirganida, gap faqat yaxshi iqtisodiy sharoitlarda savdo va moliyaviy operatsiyalar haqida ketadi.

Lekin bir necha o‘n yildan keyin bu jarayon qayta boshlab olinishining o‘zi holat yaxshilana boshlanganini bildiradi. Huquqiy asos yaratildi, shu kunga qadar Markaziy Osiyo davlatlarining munosabatlari faqat ikki tomonlama shartnomalarga asoslangan edi, deydi mutaxassis.

Yana bir siyosatshunos Emil Jo‘rayev integratsiya jarayonlarida shoshilmaslik kerakligini ta’kidlagan.

«Birlashish xohishi 2018 yilda paydo bo‘lgandi. Agar davlatlar dastlabki muhokamalarsiz, o‘ylab o‘tirmasdan qandaydir tashkilot tuzib olishganida yaxshi bo‘lmasdi. Chunki tez paydo bo‘lgan uyushmalar uzoq yashamaydi. Muloqotni umumiy muammolar ustida davom ettirgan afzal.

Lekin umumiy tarix va madaniy aloqalarga ega davlatlar nega shu vaqtgacha birlashish haqida o‘zlari bevosita gaplashishmagani tushunarsiz. Oldingi muloqotlar AQSh, Rossiya yoki YeI kabi vositachilar yordamida bo‘lgan», deydi u.

To‘rtinchi maslahat uchrashuvi doirasida Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov nomidan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari uchun rasmiy qabul marosimi uyushtirildi.
Foto: Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmati

Siyosiy huquqiy tadqiqotlar markazi direktori Tamerlan Ibragimovga ko‘ra, Markaziy Osiyo davlatlarining mustaqil hamda vositachilarsiz hamkorlik qilishga urinishi doim hal qiluvchi bo‘lishga uringan ba’zi davlatlarga unchalik yoqmagan.

«Lekin zamonlar o‘zgaryapti. Mintaqa davlatlari «o‘syapti» va rivojlanyapti. Shuning uchun integratsiya va uni kuchaytirish kerak. Chunki quyi darajadagi integratsiya mintaqani kuchsizlantiradi va kuchli davlatlar yoki bloklar qo‘lida o‘yinchoqqa aylantiradi», deydi u.

Ekspertlar fikricha, Markaziy Osiyo davlatlarining birlashishi juda tez va oson bo‘lmaydi. Bunga o‘zaro bahslar va tashqi omillar ta’siri bor. Lekin Cho‘lponotada o‘tgan maslahatlashuv uchrashuvida imzolangan shartnoma bu harakatlarning boshlanishi bo‘ldi. Uni davom ettirish ko‘p jihatdan Markaziy Osiyo davlatlari qanday mustaqil siyosat olib borishiga bog‘liq.

Farrux Abdusattorov tayyorladi

Ko‘proq yangiliklar: