Talabalar uchun yotoqxonalar qurish rejasi bajarilmayapti. Muammo nimada? 

O‘zbekiston 17:52 / 21.07.2022 8062

O‘zbek talabalarining og‘riqli muammolaridan biri – boshpanasizlik. Har yangi o‘quv yili yaqinlashar ekan, yotoqxonalar bilan bog‘liq muammo kun tartibiga chiqaveradi.

2021 yil iyun oyida oliy ta’lim tizimidagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan selektorda prezident Shavkat Mirziyoyev talabalarning yotoqxona muammosiga to‘xtalgandi. Davlat rahbari talabalar uchun qo‘shimcha 149 mingta turar joyga ehtiyoj borligi va bu masalani tadbirkorlar bilan xususiy sheriklik orqali tezda hal qilish mumkinligini aytgandi.

Shundan so‘ng, 2021 yil sentabrida qabul qilingan hukumat qarori bilan, respublika bo‘yicha davlat-xususiy sherikchiligi asosida har biri o‘rtacha 400 o‘rinli jami 228 ta talabalar turar joylari barpo etilishi belgilangandi. 2022 yilda hududlarda 47 ta yotoqxona qurilishi kerak edi.

Ammo...

2022 yilning yarmidan ko‘pi ortda qoldi, talabalar yotoqxonalarini qurish rejasi esa deyarli bajarilmadi. Kun.uz TTJlarni qurish jarayonlari qanday ketayotganini o‘rgandi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda 2 ta OTM – Nukus va Samarqand davlat universitetlarida yotoqxonalar qurilib foydalanishga topshirilgan. Bu 2022 yilgi rejadan hozircha 4 foizi bajarilganini ko‘rsatadi.

TTJ qurish uchun tadbirkorlarga subsidiyalar ajratilganiga qaramay, jarayon sekin ketmoqda. Talabalar kontingenti eng katta bo‘lgan Toshkent shahrida esa bu boradagi ishlar deyarli boshlanmagan. Faqat O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida tadbirkor 1 200 o‘rinli yotoqxona qurmoqda. Rejaga kiritilgan boshqa 9 universitet bo‘yicha esa hali mavhumlik bor.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi boshqarma boshig‘i Doniyor Yusupov Kun.uz bilan suhbatda tadbirkorlarda yotoqxonalar qurish loyihalariga qiziqish bo‘lmaganini ta’kidladi.

Birinchisi, Toshkentda hali tadbirkorlar loyihalarga qiziqmayapti. Sababi bu loyihadan ko‘ra ko‘p qavatli uy qurib sotishni afzal bilishyapti, chunki yotoqxona qurish – uzoq muddatli loyiha.

Loyiha tadbirkorlar uchun jozibador emas ham deya olmaymiz, chunki yaqinda 239-sonli qaror bilan yana subsidiyalar miqdori oshirildi. Toshkentda ishlar ketyapti, lekin tadbirkorlar aynan davlat-xususiy sherikchiligi asosida ish boshlashni xohlamayapti.

Davlat xususiy sherikchiligi to‘g‘risidagi qonunni ko‘zdan kechirsangiz, tadbirkor uchun jarayon juda murakkabligini ko‘rasiz. Loyihalar 45 kun e’londa turgandan keyin qilaman deb turgan tadbirkorlar tashlab ketyapti, fikri o‘zgarib qolyapti. Quraman deb imzo qo‘ygandan keyin bitim imzolashga kelganda: Bo‘ldi, boshqa ish topdim, pulimni dom qurilishiga tikaman yoki do‘kon ochaman, deb fikridan qaytyapti.

Shunaqa joylari bizni qiynayapti – jarayon juda uzoq. Joriy yilning may oyidagi hukumat qarori bilan talabalar turar joylarini quradigan tadbirkorlarga ko‘proq imkoniyatlar berildi – subsidiyalar miqdori 20 barobarga oshirildi, bino umumiy maydonining 20 foizidan oshmagan qismiga bo‘lgan mulk huquqi berildi. Shunga qaramay, hamma tadbirkorlar jarayon uzoqligidan norozi.

Ikkinchi sababi – yer. Toshkent shahrida OTM joylashgan hududlarda bo‘sh turgan joy 30 sotixdan kam bo‘lishi kerak emas. Lekin 30 sotix bo‘sh turgan joy yo‘q – daraxtlar bor. Daraxtni kesish bo‘yicha moratoriy bor, uni kesib bo‘lmaydi, ekologiya boshqarmalari ruxsat bermaydi.

Mahalliy hokimiyatlarga ikki martalab bo‘sh yer so‘rab xat chiqarganmiz, xatimizga javob ham kelgani yo‘q. Butun respublika bo‘yicha birorta hokimlik xatimizga javob bermadi. Qarorda 176 ta yotoqxona universitet hududidan, qolgani mahalliy hokimliklarning yerlari hisobidan qurilishi belgilangan. Lekin amalda bunday bo‘lmayapti. Masala faqat bizga bog‘liq emas.

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan loyihamiz ketyapti, Toshkentda 41 ming o‘rinli yotoqxona qurish loyihasi ustida ishlayapmiz. Tadbirkorlar yotoqxonalar qurishga qiziqmayotgani bois YeTTB bilan muzokaralar olib boryapmiz. Prezidentning 101-sonli farmonida YeTTB bilan ishlashimiz ko‘rsatilgan. Xalqaro normalar bo‘yicha qadamma-qadam yotoqxonalar quriladi”, deydi u.

O‘zbekistonda 2025 yilga qadar har biri o‘rtacha 400 o‘rinli bo‘lgan 228 ta talabalar turar joylari qurilishi rejalashtirilgan. Agar bu boradagi ishlar shu tariqa sust olib boriladigan bo‘lsa, o‘zbek talabalari yaqin yillarda ham boshpana muammosiga duch kelaveradi.

Ko‘proq yangiliklar: