Bosh prokuratura Urgutda ovqatdan 10 kishi zaharlanganini ma’lum qildi

Jamiyat 18:02 / 20.07.2022 6354

Bosh prokuratura matbuot kotibining xabar berishicha, 2022 yil 18 iyul kuni Urgut tumanidagi to‘yxonalarning birida bo‘lib o‘tgan marosimda mehmon sifatida qatnashgan 56 yoshli ayol 19 iyul kuni “O‘tkir ovqat toksikoinfeksiyasi” tashxisi bilan shifoxonaga murojaat qilgan.

Bemor ayolga tez tibbiy yordam ko‘rsatish bilan bir vaqtda yuqumli kasalliklar bo‘limi patronaj xizmati tomonidan ushbu ayol bilan to‘y marosimida ishtirok etgan bir nechta fuqaroning xonadoniga borilgan va ular yuqumli kasalliklar bo‘limiga taklif qilinib, tekshirishdan o‘tkazilgan.

Tekshirish vaqtida ular ichida yana 10 nafar (9 nafari ayol, 1 nafari erkak) fuqaroda “Yengil ovqat toksikoinfeksiyasi” tashxisi borligi aniqlangan.

Ko‘rsatilgan tez tibbiy yordam natijasida ularning sog‘lig‘i to‘liq yaxshilangan va 20 iyul kuni uylariga javob berilgan.    

Hozirda shifoxonada faqatgina dastlab murojaat qilgan bemor ayolga tibbiy yordam ko‘rsatib kelinmoqda va uning ham sog‘lig‘i yaxshilanib kelayotgani aniqlangan.

“Ijtimoiy tarmoqlarda ushbu holatda 200 ga yaqin odam zaharlangani haqidagi xabar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qilamiz”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Urgut tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: