Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Bir halokatda uchta samolyot: Rossiyada ikkita qiruvchi samolyot yuklangan An-124 qanday qulab tushgandi?
1997 yilda ikkita qiruvchi samolyot ortilgan An-124 yuk samolyoti Irkutsk aeroportidan parvoz qilayotib halokatga uchraydi va ko‘p qavatli uyga borib uriladi. Oqibatda samolyot bortida bo‘lgan 9 nafar ekipaj a’zosi va 14 nafar qiruvchi samolyotlarni kuzatib ketayotgan harbiylar hamda ko‘p qavatli uyda yashovchi 49 nafar odam halok bo‘ladi.

Rossiyada sodir bo‘lgan aviahalokatlar orasida 1997 yil Irkutsk aeroporti yaqinida sodir bo‘lgan hodisa alohida o‘rin tutadi. Mazkur halokatda 72 nafar odam halok bo‘lishi bilan birga bir vaqtning o‘zida uchta samolyot parchalanib, yo‘q bo‘lib ketadi.
Irkutskda halokatga uchragan samolyot 1985 yilda ishlab chiqarilgan bo‘lib, avvaliga u Aeroflot aviakompaniyasi tasarrufida bo‘lgan. 1988 yilda samolyotni SSSR harbiy havo kuchlariga qarashli aviatsiya polkiga berishgan. 1992 yildan boshlab An-124 Rossiya harbiy-havo kuchlari tarkibiga o‘tkazilgan.
Halokat sodir bo‘lgan kungacha An-124 samolyoti 576 marta uchish-qo‘nishni amalga oshirgan va 1034 soat parvoz qilgandi. Samolyotga 9 nafar ekipaj a’zolari xizmat qilgan.
An-124 yuk samolyoti haqida
An-124 og‘ir yuk tashishga ixtisoslashgan transport samolyoti bo‘lib, u Antonov nomidagi konstruktorlik byurosi muhandislari tomonidan loyihalashtirilgan. Uning ilk sinov parvozi 1982 yilda amalga oshirilgan.

1984 yildan 2004 yilgacha An-124 samolyotidan Ukraina va Rossiyada 55 dona ishlab chiqarilgan. Uning o‘rtacha narxi 300 million dollarga baholangan. Samolyot bortidagi yuk sig‘imi 1050 kubmetrni tashkil etgan. An-124 samolyotlari 120 tonnagacha yuk ko‘tara olgan. Katta sig‘imga ega bo‘lgan mazkur samolyot og‘ir yuklarni tashishga ixtisoslashgani uchun rus ertaklaridagi qahramon – «Ruslan» nomi berilgan.
An-124ning harbiylar uchun moslashtirilgan variantiga 440 nafar maxsus desant qo‘shinlari askari yoki 880 nafar oddiy askar joylasha olgan. Samolyotning maksimal tezligi soatiga 865 kilometrgacha yetgan.
An-124ga og‘ir yuklar uning tumshuq tarafidan yuklangan. Samolyotning uchuvchilar kabinasi joylashgan qismi mexanik tarzda yuqoriga ko‘tariladi. Shundan so‘ng uning bortiga turli o‘lchamdagi yuklar osongina joylashtirilgan.

Halokat tafsilotlari
1997 yil 6 dekabr kuni An-124ga Irkutsk aviatsiya zavodida ishlab chiqarilgan ikkita Su-27 qiruvchi samolyoti yuklanadi. Samolyotlar Vetnam davlatiga sotilgan bo‘lib, ularni kuzatib borish uchun An-124ning bortiga 9 nafar ekipaj a’zosi bilan birga 14 nafar mutasaddilar va harbiylardan iborat delegatsiya ham chiqadi.


O‘sha kuni havo harorati 20 daraja sovuq bo‘lib, ko‘rish darajasi 3 ming metr bo‘lgan. Samolyot Irkutsk aeroportidan mahalliy vaqt bilan soat 14:42 da parvoz qiladi. Parvozdan uch sekund o‘tib, samolyotdagi to‘rtta dvigateldan biri ishlamay qoladi.
Oradan 6 sekund o‘tib, ikkinchi dvigatel ham ishdan chiqadi. Yana 2 sekunddan so‘ng samolyot 64 metr balandlikda ekanida uchinchi dvigatel ham ishdan chiqib ishlamay qoladi. Shundan so‘ng An-124 qulab tusha boshlaydi.
Uchuvchilar ikkita samolyot ortilgan An-124ni ishlab turgan bitta dvigatel bilan boshqarib bo‘lmasligini bilib turishgandi. Ammo o‘sha paytda samolyotni uchish-qo‘nish yo‘lagiga qaytarishni yoki chetroqqa olib ketishning iloji yo‘q edi.
An-124 havoga ko‘tarilgach 35 sekund o‘tib, aeroportga tutash hududdagi ko‘p qavatli uyga borib uriladi va yonib ketadi. Zarba juda kuchli bo‘lgani uchun, uning dum qismi uzilib ketadi va u boshqa bir ko‘p qavatli uyga borib uriladi.

Oqibatda, samolyot bortida bo‘lgan 9 nafar ekipaj a’zosi, 14 nafar qiruvchi samolyotlarni kuzatib borayotgan harbiy va texnik xodim, yana ko‘p qavatli uyda yashovchi 49 nafar odam halok bo‘ladi.
Halokat tufayli An-124 va unga ortilgan ikkita Su-27 qiruvchi samolyoti parchalanib, butunlay yo‘q bo‘lib ketadi. Bundan tashqari, samolyot borib urilgan ko‘p qavatli uyda sodir bo‘lgan yong‘in natijasida 70 xonadon yaroqsiz holga keladi.
Hodisa yuzasidan surishtiruvlar
Halokat sodir bo‘lganidan so‘ng uning sabablarini aniqlash uchun maxsus komissiya tashkil etiladi. Tekshiruvlarda, samolyotning qora qutisidagi audioyozuvlar halokatdan so‘ng sodir bo‘lgan kuchli yong‘inda yaroqsiz holga kelgani aniqlanadi.
1998 yil 11 fevralda komissiya o‘z xulosalarini e’lon qiladi. Unga ko‘ra An-124ning halokatga uchrashiga uning dvigatellaridagi nosozliklar va yoqilg‘i sabab bo‘lgan.
Samolyotga qishda va yozda foydalaniladigan aviakerosin aralashtirib quyib yuborilgani, oqibatda, samolyotning 1 va 3-raqamli dvigatellari samolyot parvozni boshlamasdan o‘chib qolgani ma’lum bo‘ladi.
Shuningdek, avvalroq halokatga uchragan An-124ning eski dvigatellarini yangisiga almashtirish haqida xulosa berilgani va mablag‘ yetishmovchiligi tufayli bu ish ortga surilgani aniqlanadi.

An-124ga o‘rnatilgan dvigatellar Ukrainada tayyorlangandi. Rossiya hukumati rahbari Viktor Chernomirdin halokat xulosasi e’lon qilinganidan so‘ng ukrainaliklarni samolyotga o‘rnatilgan dvigatellar bo‘yicha qo‘shimcha surishtiruvlarga taklif etadi. Ammo ular samolyotga yozda ishlatishga mo‘ljallangan aviakerosin quyilgani va uning muzlab qolishi halokatga sabab bo‘lganini aytib, taklifni rad etishadi.
2014 yilda Rossiya-Ukraina munosabatlari sovuqlashgandan so‘ng rossiyaliklar Irkutskda sodir bo‘lgan halokatda yana ukrainaliklarni ayblab chiqishadi. Jumladan, halokat sabablarini o‘rgangan komissiya a’zosi, Rossiya Harbiy havo kuchlari parvoz xavfsizligi xizmatining sobiq boshlig‘i Boris Tumanov Irkutskda sodir bo‘lgan halokat ukrainaliklar tayyorlab bergan dvigateldagi nosozliklar tufayli sodir bo‘lganini aytadi.
Ukrainaliklar halokatga rossiyaliklarning o‘zlari sababchi bo‘lganini, aybni esa samolyot dvigatelini yasab bergan zavodga ag‘darmoqchi bo‘lishayotganini ma’lum qiladi.
Halokatning taxminiy sabablari
Irkutskda sodir bo‘lgan halokat yuzasidan yana bir nechta taxminlar bildirilgan. Masalan, An-124 samolyotlariga dvigatel tayyorlab bergan Ukrainadagi «Progress» zavodining bosh konstruktori Fedor Muravchenko 2009 yilda aviakerosinga suv qo‘shilgani va parvoz boshlanganda u muzlab qolib, halokat sodir bo‘lganini aytgan.
Shuningdek, 2018 yilda Rossiya Fanlar akademiyasi akademigi Yevgeniy Kablov ham Irkutskda sodir bo‘lgan halokatga o‘sha kuni An-124ga quyilgan sifatsiz yoqilg‘i sabab bo‘lganini bildirgan.
2011 yilda rossiyalik sinovchi-uchuvchi Aleksandr Akimenkov o‘sha kuni An-124 bortida bo‘lgan texnik xodim yoki delegatsiya a’zolaridan biri Xitoyda ishlab chiqarilgan radiotelefondan foydalangani uchun samolyotning elektron tizimi ishlamay qolgani, oqibatda halokat sodir bo‘lganini aytgan.
Arzimagan tovon pullari va mukofot
Halokatdan biroz o‘tib halok bo‘lganlarning oila a’zolariga eng kam ish haqining 20 barobari miqdorida tovon puli to‘lab beriladi. Xonadoni vayron bo‘lganlarga navbati bilan uy ajratiladi.
1999 yil halokat sababli jabr ko‘rgan 50 dan oshiq oila Rossiya Mudofaa vazirligini sudga beradi. Ular halok bo‘lgan yaqinlari uchun tovon puli kam to‘langani, shuningdek, hodisada tan jarohati olganlarga ham tovon puli to‘lanishi lozimligini aytib chiqishadi.
Bundan tashqari, halokat chog‘ida samolyotning dum qismi borib tekkan ko‘p qavatli uyda yashovchilar ham o‘zlariga tovon puli to‘lanmaganini aytib, sudga murojaat qilishadi. Sud har ikkala da’voni ham rad etadi.

2003 yil, halokatdan olti yil o‘tib An-124 samolyotining ekipaj a’zolari turli orden va medallar bilan taqdirlanadi.
An-124 samolyotlarining halokatlari
2021 yilgacha jami oltita An-124 samolyoti halokatga uchragan. Halokatga uchragan An-124 samolyotlarining to‘rttasi Rossiyaga, bittadan Ukraina va Liviya davlatlariga tegishli bo‘lgan.
- 1992 yilda Kiyev viloyatida Ukraina armiyasiga qarashli;
- 1993 yilda Eronning Kermon shahri yaqinida, Rossiya armiyasiga qarashli;
- 1996 yilda Italiyaning Turin shahri yaqinida Rossiyaga qarashli;
- 1997 yilda Irkutsk shahri yaqinida Rossiyaga qarashli;
- 2019 yilda Liviya poytaxti Tripoli shahri yaqinida Liviyaga qarashli;
- 2020 yilda Novosibirsk shahri aeroporti yaqinida Rossiyaga qarashli An-124 samolyotlari halokatga uchragan.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
Tavsiya etamiz
“Rossiya urushga chuqur kirib ketdi, undan chiqishi imkonsiz” - siyosatshunos
Jahon | 18:20 / 28.07.2025
Ukrainada siyosiy inqiroz. Nega bunday bo‘ldi va buyog‘iga nima bo‘ladi?
Jahon | 17:56 / 27.07.2025
Davlat oliygohlari uchun kvotalar tasdiqlandi
O‘zbekiston | 23:49 / 25.07.2025
O‘zbekistonda pensiya miqdori qanday hisoblanadi? – muhim savollarga javoblar
O‘zbekiston | 23:34 / 25.07.2025
So‘nggi yangiliklar
-
“Asialuxe Travel” kompaniyasi “Yoz, shoshma!” aksiyasini e’lon qiladi
O‘zbekiston | 09:00 / 29.07.2025
-
Nokia smartfonlar bozoriga qaytishini e’lon qildi
Fan-texnika | 15:03
-
Bojxona rejimida qayta ishlangan mahsulotni istalgan postdan eksport qilish tizimi yo‘lga qo‘yiladi
O‘zbekiston | 15:01
-
Dala chetlarida olcha yetishtirish ko‘paytiriladi
O‘zbekiston | 14:59
Mavzuga oid

14:23 / 25.07.2025
Minval AZAL samolyoti halokatining yangi tafsilotlarini ma’lum qildi

14:06 / 24.07.2025
Germaniya va Fransiya FCAS jangovar samolyoti bo‘yicha kelishmovchilikni hal qilmoqchi

12:40 / 24.07.2025
Amur oblastida yo‘qolgan samolyot qoldiqlari topildi

22:37 / 13.07.2025