Yilning birinchi yarmida O‘zbekistonga jismoniy shaxslar nomiga kelib tushgan xalqaro transchegaraviy pul o‘tkazmalari 6,5 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu haqda Markaziy bank ma’lum qildi.
6,5 mlrd dollar – o‘tgan yilning mos davridagi ko‘rsatkich (3,2)dan 96 foizga ko‘proq.
Ma’lum qilinishicha, joriy yil yanvar-iyun oylarida tijorat banklari jismoniy shaxslardan jami 5,66 mlrd dollar ekvivalentida xorijiy valuta sotib olgan. Bu – o‘tgan yilning mos davri (2,33 mlrd) bilan taqqoslaganda 70 foizga ko‘p.
Tijorat banklari orqali jismoniy shaxslarga sotilgan xorijiy valuta miqdori esa 3,72 mlrd dollarga teng bo‘ldi, bu – bir yil oldingidan (1,71 mlrd) 85 foizga ko‘p.
Iqtisodchi Otabek Bakirov bunday keskin o‘sishni “g‘irt spekulyativ diversiya” deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston bo‘ylab kuzatilayotgan naqd valuta va naqd so‘m yetishmovchiligining sababi shu yerda.
“Dinamika va sur’atlardan ham bilsa bo‘ladiki, bu ko‘rsatkichlar mehnat migrantlari va umuman tashqi transfertlar xarakteristikasi bilan bog‘liq emas. Statistikamiz ertaga bu ko‘rsatkichlarni jami daromadlarda hisobga qo‘shsa, xatolik bo‘ladi. O‘zbekistonlik migrantlar soni 3 barobarga oshgani yo‘q, o‘zbekistonlik migrantlarning daromadlari yil davomida 3 baravariga ko‘payib qolgani yo‘q.
Yuzaga kelgan vaziyat pul o‘tkazmalarini g‘irt spekulyativ va diversiya maqsadlarida ishlatishga imkoniyat bermoqda. Afsuski, bunga hech qanday qarshilik ko‘rsatilayotgani yo‘q, to‘siq qo‘yilayotgani yo‘q. Naqd valuta yetishmovchiligi ham, naqd so‘m yetishmovchiligi ham bu oqibatlardir.
Yuborilgan pul o‘tkazmalarining yarmidan ko‘pini tijorat banklari sotib olishga (xususan madad pullari hisobiga) majbur bo‘lishmoqda va bu bilan muomaladagi pul massasini iqtisodiy mohiyatdan tashqarida kengaytirishga hissa qo‘shishmoqda”, – deya yozdi Bakirov.
Uning hisoblashicha, iyun oyida 2,34 mlrd dollarlik pul o‘tkazmalari qayd etilgan, bu esa o‘tgan yilning iyuniga nisbatan 3,25 barobarga ko‘p.
Eslatib o‘tamiz, Rossiyada rubl kursini qo‘llash uchun banklardan valuta xarid qilishga jiddiy cheklovlar o‘rnatilgan. Bu cheklovlar natijasida Rossiya rezidentlarida valutani Markaziy Osiyo davlatlaridan sotib olishga rag‘bat ortgan.
Markaziy Osiyoning ayrim respublikalari Markaziy banklari tomonidan qo‘llanilgan javob choralari sababli mazkur mamlakatlarning Rossiyadagi mehnat migrantlari ham O‘zbekiston banklarining xizmatlaridan foydalanishi holatlari ortmoqda.